OTMNING XALQARO ALOQALARDAGI FAOLIYATI SAMARADORLIGI OSHIRILADI

22.04.2022

2022yil 21-aprel kuni O‘zbekiston milliy universitetida Erasmus+ UNICAC loyihasi doirasida respublika oliy ta’lim muassasalarining Xalqaro aloqalar bilan ishlaydigan mas’ullari uchun oliy ta’lim tizimida xalqaro faoliyatni samarali tashkil etishga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mutasaddilari, Erasmus+ dasturining O‘zbekistondagi milliy vakolatxonasi (NEO), UNICAC loyiha konsorsiumi vakillari hamda yosh tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar, shuningdek, Italiya, Ispaniya, Finlyandiyadan xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.

Dastlab, tadbirni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov kirish so‘zi bilan ochib, seminardan ko‘zlangan maqsad xalqaro aloqalarda OTMning faoliyati samaradorligini oshirish, xalqaro loyihalarda ularning ishtirokini yanada kengaytirish, xorijiy hamkorlarni jalb qilish hamda bu borada ishlaydigan mas’ullar malakasini oshirishdan iborat ekanini ta’kidladi.

Seminarda Finlyandiyaning Laurea amaliy fanlar universiteti professori Elina Vainioning «Xalqarolashtirish istiqbollari», Italiyaning Turin universiteti professori Nadia Coggiolaning «UNICAC loyihasining asosiy xususiyatlari va yutuqlari» mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi.

Shuningdek, seminar davomida O‘zbekiston milliy universiteti mahalliy loyiha koordinatori N.Sa’dullaeva “UNICACning O‘zMU uchun afzalliklari va ilg‘or tajribani milliy darajada tarqatish”, TATU loyiha jamoasi yetakchisi X.Sattorovning “Eng yaxshi amaliyot – xalqarolashtirish bo‘yicha qo‘llanma” mavzusidagi taqdimotlari bilan tanishildi.

Oliy ta’lim sifatini yaxshilash, o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish xususida E. Vainio fikr bildirib, oliy ta’lim muassasalari o‘z ta’lim jarayoni va amaliyotiga integratsiyalashgan xalqaro hamkorlik uchun qanchalik ko‘p imkoniyat yaratsa, u shunchalik global miqyosda malakali bitiruvchilarni ishlab chiqarishga asos bo‘lishini qayd etdi.

– Bu talabalarning ish bilan ta’minlanishi va kar’erasiga, muassasa xodimlarining professional kapitaliga, muassasaning mahalliy va xorijdagi brendi hamda jozibadorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘z navbatida, OTMning xalqarolashuvi chinakam global fikrlaydigan shaxslar bilan yanada inklyuziv va o‘zaro bog‘langan aloqani yaratishda muhim rol’ o‘ynaydi” — dedi professor E. Vainio.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Shu bilan birga, OTM bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada yaxshilash yuzasidan taklif va mulohazalar muhokama qilindi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

2 × one =