PREZIDENT SHAVKAT MIRZIYOYEVNING O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGINING YIGIRMA TO’QQIZ YILLIGIGA BAG’ISHLANGAN TANTANALI MAROSIMDAGI NUTQI

01.09.2020

Аssalomu alaykum, qadrli va muhtaram vatandoshlar!

Аvvalo, siz azizlarni, koʼpmillatli butun xalqimizni Oʼzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma toʼqqiz yillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Аyni paytda ushbu tantanali marosimni joylardagi studiyalarda, shuningdek, uylarida “oynai jahon” orqali tomosha qilayotgan, mening tabrik soʼzlarimni eshitib turgan moʼʼtabar otaxon va onaxonlarimizga, munis opa-singillarimizga, aziz yoshlarimizga, barcha-barcha yurtdoshlarimga oʼzimning yuksak ehtiromimni bildiraman.

Hammangizga maʼlum, pandemiya tufayli bu yil Mustaqillik bayramini har doimgidek katta tantana va sayillar bilan nishonlay olmayapmiz.

Xalqimizning salomatligini oʼylab, bayram tadbirlarini ixcham shaklda, onlayn rejimida oʼtkazmoqdamiz. Lekin, har yilgidek, mashhur sanʼatkorlarimiz ushbu qutlugʼ sanaga atab katta-katta kontsertlar, badiiy dasturlar tayyorlashgan va ular televidenie orqali xalqimizga taqdim etiladi.

Hech shubhasiz, barchamiz uchun eng ulugʼ va muqaddas boʼlgan bu bayram shukuhi oilalarimiz davrasida, qalblarimizda, yuraklarimizda davom etadi.

Bashariyat tarixi shundan dalolat beradiki, har bir xalq faqat erkin va ozod boʼlgan taqdirdagina, oʼz hayoti va kelajagini mustaqil barpo etish huquqiga ega boʼladi. “Haq berilmas, haq olinur!” deb millat ozodligi yoʼlida jonini fido qilgan ulugʼ ajdodlarimizning buyuk maqsadi ham shu edi.

Xalqimizning beqiyos jasorati va matonati bilan Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Аbdugʼanievich Karimov boshchiligida qoʼlga kiritilgan davlat mustaqilligi ana shu asriy orzumizni amalda taʼminlagan olamshumul voqeadir.

Biz qanday tahlikali va suronli davrlarni boshimizdan kechirmaylik, qanday yutuq va natijalarga erishgan boʼlmaylik, mustaqillik gʼoyasi, istiqlol ruhi bizga doimo togʼdek tayanch boʼlmoqda.

Bugun cheksiz iftixor bilan ayta olamizki, donishmand xalqimizning uzoqni koʼra olishi, birdamligi va fidoyi mehnati bilan barcha sinovlardan munosib oʼtib kelmoqdamiz.

Shu nuqtai nazardan, bizning insoniy qadr-qimmatimizni, gʼurur va shaʼnimizni, dinu diyonatimizni, milliy davlatchiligimizni tiklab bergan Mustaqillik kuni Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin sahifa boʼlib qoladi.

Bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida soʼz ketganda “Yangi Oʼzbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qoʼyganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning eʼtirofidir.

To’liq nutq matni.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

six + three =