SHAVKAT MIRZIYOYEV: HAMMA ISLOHOTLARNI, HAMMA HARAKATLARNI JAMIYAT BILAN BIRGA QILAMIZ

27.01.2022
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 yanvar kuni O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Bugun 35 milliondan ziyod ko‘pmillatli xalqimiz rivojlangan davlatlarga xos hayot darajasiga erishish, adolatli, erkin va farovon jamiyat qurishdek ulug‘ maqsadlar bilan yashamoqda. Shundan kelib chiqib, Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilgi Prezident saylovida “Inson qadri uchun”, “Davlat – inson uchun” degan g‘oyalarni ilgari surgan edi. Ularni hayotga tatbiq etish maqsadida, aholining fikr va takliflari asosida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqildi.

Ushbu dasturiy hujjatda yaqin va o‘rta istiqbolda mamlakatimizning rivojlanish tendensiyalari qanday bo‘lishi, bu boradagi ustuvor vazifalar belgilangan. “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosida islohotlarning uzviyligi va davomiyligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Joriy yilgi “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” bo‘yicha davlat dasturi loyihasi ham yangi strategiyadan kelib chiqib tayyorlangan. Ochiq muhokamalar jarayonida aholidan 17 mingdan ziyod takliflar olingan. Ular tasniflanib va umumlashtirilib, dastur loyihasi 300 dan ortiq tashabbuslar bilan to‘ldirilgan.

Davlatimiz rahbari xalqimizga bunday faolligi, islohotlarga ishonchi va daxldorligi uchun minnatdorlik bildirdi.

– Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz. Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz. Bu maqsadga erishish uchun esa dunyodagi noyob demokratik tuzilma bo‘lgan mahalla instituti imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, pirovard natijada mahallani jamiyatimizning hal qiluvchi бўғиниѓа aylantirish vazifasini o‘z oldimizga qo‘ymoqdamiz. Mahalla tinch bo‘lsa, yurt tinch bo‘ladi. Mahalla obod bo‘lsa, butun mamlakat obod bo‘ladi, – dedi Prezident.

Taraqqiyot strategiyasi 7 ta ustuvor yo‘nalish va 100 ta maqsaddan iborat. Bular:

I. Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;

II. Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;

III. Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash;

IV. Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;

V. Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish;

VI. Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish;

VII. Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish.

Taraqqiyot strategiyasini joriy yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturida umumiy qiymati 55 trillion so‘m va 11,7 milliard dollarlik 398 ta chora-tadbir ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari barcha sa’y-harakatlar va mablag‘lar har bir mahallaga aniq yetib borishi, oilalar farovonligini oshirishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.

 Prezidentimiz 7 ta ustuvor yo‘nalishning har biriga alohida to‘xtalib, eng muhim jihatlarini aytib o‘tdi.

Xususan, mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish, xalq bilan muloqot tizimini takomillashtirish, hududiy dasturlarni jamoatchilik fikri asosida amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. 

Xotin-qizlarning o‘qishi va ishlashi uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish orqali ular orasidagi ishsizlikni 2 baravarga qisqartirish mumkinligi aytildi.

Ikkinchi yo‘nalish haqida so‘z borar ekan, “qonun ustuvorligi indeksi” yuqori darajada bo‘lgan davlatlar qatoridan joy olish eng asosiy vazifalardan ekani ta’kidlandi. Shu maqsadda mulk huquqini ishonchli himoya qilish, ma’muriy sudlar vakolatlarini kengaytirish orqali fuqaro va tadbirkorlar huquqlarini kafolatli ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yaratiladi.

Yo‘llarda xavfsiz sharoit yaratish, transport hodisalari va o‘lim holatlarini keskin qisqartirish uchun harakatlarni boshqarish to‘liq raqamlashtiriladi, haydovchilik guvohnomasiga o‘qitish kuchaytiriladi.

Davlatimiz rahbari milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish yo‘nalishining ahamiyatiga atroflicha to‘xtaldi.

– Hech kimga sir emas – bugun jamiyatda tinchlik va barqarorlikni saqlash, mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizning hududiy yaxlitligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash eng muhim vazifa, kerak bo‘lsa, masalalarning masalasi bo‘lib turibdi. Faqat barqaror iqtisodiyotgina ijtimoiy muammolarni hal etish imkonini beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois strategiyada iqtisodiyot tarmoqlarini kompleks va jadal rivojlantirish, zamonaviy ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ko‘plab chora-tadbirlar belgilangan.

Xususan, kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 100 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 1,4 baravar ko‘paytirish va kambag‘allik darajasini kamida 2 baravar qisqartirish rejalashtirilgan.

Ilm-fan va innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligiga bozor mexanizmlarini joriy etish orqali dehqon va fermerlar daromadini 2 baravar oshirib, agrar tarmoqda yillik o‘sishni kamida 5 foizga yetkazish imkoniyati bor.

Shuningdek, kelgusi besh yilda iqtisodiyotga 120 milliard dollar, shu jumladan 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etish, eksport hajmini yiliga 30 milliard dollardan oshirish mo‘ljallangan.

– Eng qiyini, bu ulkan vazifalarni hamon davom etayotgan pandemiya va global inqiroz sharoitida amalga oshirishga to‘g‘ri keladi. Bu bizdan katta kuch va mablag‘, mustahkam iroda va qat’iy intizomni, barcha imkoniyatlarni to‘la safarbar qilishni talab etadi, – dedi davlat rahbari.

Ijtimoiy yo‘nalishdagi asosiy vazifalar ham ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, kelgusi besh yilda maktablarda qo‘shimcha 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi hamda darsliklar yangilanadi. Davlat va xususiy bog‘chalarni ko‘paytirish orqali maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizga yetkaziladi.

Oliy o‘quv yurtlarining nufuzli xalqaro reytinglarga kirishi, xususiy sheriklik asosida 100 ming o‘rinli talabalar turar joyi barpo etilishi ham muhim vazifalardan. 

Shuningdek, birlamchi tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, raqamli tibbiyotni keng joriy qilish zarurligi ta’kidlandi. Dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar 3 baravar oshirilishi belgilandi.

Ma’naviyat sohasiga oid chora-tadbirlar muhokama qilinar ekan, 12 mingdan ziyod kutubxona imkoniyatlaridan samarali foydalanish, mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy g‘oya asosida birgalikda kurashish muhimligi qayd etildi. 

Jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadigan aholi sonini 33 foizga yetkazish, Olimpiya va Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish bo‘yicha vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Mehnat migratsiyasini tizimli tashkil etish, fuqarolarni xorijiy tillar va kasbga o‘rgatish, xorijdagi vatandoshlar bilan muloqotni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Taraqqiyot strategiyasidagi yana bir muhim yo‘nalish – Vatanimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat olib borishga qaratilgan.

Shu maqsadda Yangi O‘zbekiston xavfsizligi konsepsiyasi qabul qilinadi. Axborot texnologiyalari bilan bog‘liq xurujlarning oldini olish va kiberxavfsizlikni ta’minlash tizimi yaratiladi. Favqulodda vaziyatlarni boshqarish tizimi takomillashtiriladi. Ichki va tashqi moliyaviy oqimlarni monitoring qilish va bu bilan bog‘liq xavf-xatarlarning oldini olishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etiladi.

Prezidentimiz taraqqiyot strategiyasi va yig‘ilishdagi topshiriqlarga doir hujjatlarni puxta ishlab chiqish, ularning ijrosi haqida keng jamoatchilikka hisobot berib borish talabini qo‘ydi. 

– Hamma o‘zgarishlarni, dasturlarning amaldagi ijrosini odamlar kundalik hayotida har kuni sezishi kerak. Mana shu asosiy maqsad, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Vazirlar Mahkamasiga Taraqqiyot strategiyasi va joriy yilgi Davlat dasturi bajarilishini tashkil etish va nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Hokimliklarga hududiy dasturlarni ushbu hujjatlar bilan uyg‘unlashtirib, keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.

– Hamma islohotlarni, hamma harakatlarni jamiyat bilan birga qilamiz. Hammamiz bir kuch, bir qudrat bo‘lib xalqimizga xizmat qilishimiz kerak, – dedi Prezidentimiz.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, vazirlar, hokimlar, jamoatchilik vakillari so‘zga chiqdi.

Manba: http://uza.uz/

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

20 − 1 =