XАJIEV SАIDJON KАZАKOVICH XOTIRАSIGА

22.08.2020
Xаjiev Sаidjon Kаzаkovich
1966-2020

Filologiya fanlari nomzodi, dotsent, tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri Xajiev Saidjon 2020 yil 1 iyul kuni toʼsatdan vafot etdi. U 1966 yili Xorazm viloyatining Xiva tumanida tavallud topgan. Oʼrta maktabni tugatib, armiya safida xizmatni yakunlab, Toshkentga oʼqishga kelgan. Maktabda nemis tili oʼqigan boʼlsa ham, u frantsuz tili fakultetiga oʼqishga kiradi va uni muvaffaqiyatli tugatgandan soʼng sobiq Toshkent davlat chet tillari pedagogika institutida ishga olib qolishadi. Shundan beri u oʼz hayotini hozirgi Oʼzbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan bogʼladi va umrining oxirigacha oʼz kasbiga sodiq qolib shu dargohda hallol mehnat qildi.

Saidjon Xajiev 1994 yildan beri, yaʼni tarjimonlik fakulteti ochilgan birinchi kundanoq universitetda to 2009 yilgacha fakultet dekani muovini sifatida faoliyat koʼrsatdi. Shu orada f.f.n., dotsent Gʼani Xolmuradovning ilmiy rahbarligida nomzodlik dissertatsiyasi ustida ish olib boradi va uni 2011 yilda muvaffaqiyatli himoya qildi. U fakultetda Kafedralararo kengaytirilgan ilmiy seminar aʼzosi va ilmiy kotibi sifatida ham bir necha yil faoliyat olib borgan. U bir necha marta kafedra mudiri lavozimiga tayinlangan va u oʼz vazifasini toʼliq va vijdonan bajarib kelgan. Universitet boʼyicha eng katta kafedra – ikkinchi chet tillar kafedrasini uzoq yillar boshqargan.

U 30 dan ortiq ilmiy maqola muallifi, 3 ta mustaqil izlanuvchining ilmiy rahbari edi. Bitiruv malakaviy ishlarga, magistrlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qilgan va uning shogirdlari tanlangan mavzu boʼyicha doim ijobiy baholarga himoya qilishgan.

Jamoat ishlarini bajarishda universitet boʼyicha unga teng keladigan xodim yoʼq edi. Kafedra mudiriligidan tashqari u saylov kampaniyasi davrida – saylov uchastkasi rahbari, qabul paytida faol komissiya aʼzosi, universitetda, fakultet va kafedrada tashkil etiladigan har bir tadbirda eng faol qatnashadigan xodim sifatida eʼtirof etilgan, chunki u aytilgan vazifani bajarish uchun na vaqtini va na kuchini ayardi. Oʼziga ishonib topshirilgan vazifani sidqidillik bilan oʼz vaqtida sifatli bajarishga erishardi.

U kafedra, fakultet va universitet xodimlari hamda oʼzi oʼqitgan talabalari orasida katta hurmat va obroʼga ega oʼqituvchi edi. Uning samiymiligi, odamoxunligi, kattalarni hurmat, kichiklarni izzat qilishi, hammaga birdek qarashi, doim xushchaqchaq yurishi va yana bir qator ijobiy hislatlari hamkasblari yodidan hech qachon chiqmaydi.

Biz Xajiev Saidjonnning yaqinlariga va qarindosh-urugʼlariga chuqur taʼzimizni izhor etamiz. Uning porloq xotirasi doʼstlari, hamkasblari va talabalari orasida abadiy qoladi. Doʼstimizning oxirati obod boʼlsin, xudo rahmat qilsin!

Hamkasblari nomidan Nosir Qambarov

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

nineteen + nine =