FORUM INGLIZ TILI O‘QITUVCHILARINI TAYYORLASH TIZIMIDAGI ISLOHOTLARNI JADALLASHTIRISHGA BAG’ISHLANDI

24.06.2026

Toshkent shahrida Britaniya Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti hamkorligida tashkil etilgan “O‘zbekistonda ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlash tizimidagi islohotlarni jadallashtirish” mavzusidagi Milliy forumning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nufuzli forum mamlakatimizda bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlash tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, pedagog kadrlar tayyorlash sifatini oshirish hamda ushbu yo‘nalishdagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Forumning ochilish marosimida Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi direktori Maykl Xolgeyt, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori Hilola Umarova, vazirlik vakillari hamda respublikadagi qator oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov ham ishtirok etib, forumning ochilish marosimida so‘zga chiqdi. O‘z nutqida mamlakatimizda ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlash sifatini yanada oshirish, pedagogik ta’limni zamonaviy talablar asosida rivojlantirish hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.

Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar O‘zbekistonda bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlash ta’lim dasturlari tarmog‘i faoliyatini kuchaytirish, pedagog kadrlar tayyorlashni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni e’lon qilish, pedagogika oliy ta’lim muassasalari uchun ishlab chiqilgan yangi PRESETT ta’lim dasturini taqdim etish hamda uning refleksiv yondashuv, inklyuziv ta’lim, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, ta’lim natijalari va baholash tizimi o‘rtasidagi uyg‘unlik kabi zamonaviy jihatlarini muhokama qilishdan iborat.

Ikki kun davom etadigan forum doirasida yangi milliy o‘quv dasturini joriy etish mexanizmlari, xalqaro tajribalar hamda pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga oid masalalar muhokama qilinadi.