2020 YILDAN BOSHLAB AYRIM OLIY TA’LIM MUASSASALARI O‘ZINI O‘ZI MOLIYALASHTIRISH TIZIMIGA O‘TKAZILADI

13.07.2019

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi, deb xabar bermoqda kun.uz nashri.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

a) oliy ta’lim muassasalarining tuzilmalari tegishli oliy ta’lim muassasalari rektorlari (mahalliy oliy ta’lim muassasalari filiallari direktorlari) tomonidan oliy ta’lim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik va idora bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;

b) davlat va davlat ulushi mavjud bo‘lgan oliy ta’lim muassasasining rektori (xorijiy oliy ta’lim muassasasi filialining mahalliy rektori yoki direktori, ijrochi direktori) bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik va idora rahbarining tavsiyasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

v) davlat va davlat ulushi mavjud bo‘lgan oliy ta’lim muassasasining prorektorlari (mahalliy oliy ta’lim muassasasining filiali direktori, uning o‘rinbosarlari, xorijiy oliy ta’lim muassasasi direktori o‘rinbosarlari) oliy ta’lim muassasasi rektorining tavsiyasiga asosan bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik va idora rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi, bunda:

o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor (filial direktori o‘rinbosari) lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi;

yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor (filial direktori o‘rinbosari) lavozimiga nomzod O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi;

ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor (filial direktori o‘rinbosari) lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishiladi;

g) oliy ta’lim muassasalari:

huzuridagi ilmiy-tadqiqot muassasalari, malaka oshirish va qayta tayyorlash muassasalari rahbarlari, akademik litseylar direktorlari, bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik va idora bilan kelishilgan holda oliy ta’lim muassasasining rektori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

fakultet dekanlari oliy ta’lim muassasasining rektori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

d) O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari boshliqlari, shuningdek, Vazirlikka idoraviy mansub tashkilotlar va muassasalar rahbarlari oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

ye) kasb-hunar ta’limi muassasalari:

direktorlari bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik va idora rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

direktorining o‘rinbosarlari bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik va idora bilan kelishilgan holda kasb-hunar ta’limi muassasalari direktori tomonidan, shuningdek, akademik litsey direktori o‘rinbosarlari oliy ta’lim muassasasi rektori bilan kelishilgan holda akademik litsey direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Vazirlik, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining 2020 yildan boshlab ta’lim xizmatlari bozorida oliy ta’lim muassasalarining ayrim bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga talab yuqoriligi va moliyaviy barqarorligini inobatga olib, ularni bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

O‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tayotgan oliy ta’lim muassasalariga quyidagi huquqlar beriladi:

a) yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish, ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari sifatini oshirish maqsadida xodimlarga ustamalar va moddiy rag‘batlantirishning boshqa turlari miqdorlarini mustaqil belgilash;

b) iqtidorli, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridan bo‘lgan talabalarni moddiy rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash;

v) saqlash xarajatlari, vazifa va majburiyatlarni bajarish, o‘qitishning innovatsion shakl va uslublarini joriy etish hamda xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, dasturiy ta’minotlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari, o‘quv va ilmiy laboratoriyalar hamda sarflanadigan laboratoriya materiallarini (reaktivlar, kimyoviy idish, butlovchi, biologik materiallar va boshqa ob’ektlar), shu jumladan, kitoblar, jurnallar, o‘quv adabiyotlari xarid qilish va chop ettirish uchun mablag‘larni mustaqil sarflash;

g) oliy ta’lim muassasasi infratuzilmasiga servis xizmatlari ko‘rsatishning alohida turlari, jumladan, bino va inshootlar, talabalar turar joylari, sport ob’ektlaridan foydalanish, ularni tozalash, ta’mirlash, kompyuter texnikasi va telekommunikatsiya tarmoqlarini saqlash va yuridik xizmatlar ko‘rsatishni autsorsing shartlarida tashkil etish;

d) bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik va idora bilan kelishilgan holda:

oliy ta’lim muassasasining ilmiy-pedagogik salohiyati, uning moddiy-texnik bazasi imkoniyatlarini inobatga olib, talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish parametrlarini belgilash, yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochish;

oliy ta’lim muassasasini o‘zini o‘zi to‘liq moliyaviy ta’minlash miqdoridan kelib chiqib, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini belgilash.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

sixteen − three =