“STIRLING FOUNDATION” JAMG‘ARMASI BILAN YOSHLARIMIZNING AQSHDA TAHSIL OLISH IMKONIYATLARI MUHOKAMA QILINDI

07.12.2023

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov AQShning “Stirling Foundation” nodavlat xayriya jamg‘armasi prezidenti Maylz Xansen bilan uchrashdi. 

Unda 2024-yilda ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli masalalari, jumladan, “Stirling Foundation” nodavlat xayriya jamg‘armasi tomonidan O‘zbekistonda oliy va professional ta’lim, ilm-fan hamda innovasiya sohalarida loyihalarni moliyalashtirish va joriy etish imkoniyatlari, O‘zbekiston OTM larida ingliz tilini o‘qitish, AQShda tahsil olish uchun ta’lim grantlarini ajratish kabi masalalar muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida AQSh tomonidan oliy ta’lim sohasida almashinuv dasturlarini yo‘dga qo‘yish, OTMlararo hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, AQShda balavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olish imkoniyatlari yuzasidan qator takliflar bildirildi. AQShning Yuta va Aydaxo shtatlaridagi Brigam Yang Universitetlarida (Brigham Young University-Utah, Brigham Young University-Idaho) biznes boshqaruvi, menejment, muhandislik, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda tahsil olish uchun grant ajratish masalalari shular jumlasidan. 

Bundan tashqari, mazkur xayriya jamg‘armasi tomonidan O‘zbekstonda masofaviy ta’limni joriy etish yuzasidan ham takliflar bildirilgan bo‘lib, ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan aholi qatlamiga (onalik ta’tilidagi ayollar, yashash joyi bo‘lmagan yoki uzoqda ta’lim olish imkoni bo‘lmaganlar va h.k.) imkoniyat yaratish masalasi atroflicha muhokama qilindi. 

O‘zbekiston tomoni AQSh universitetlaridan ingliz tili mutaxassislarini O‘zbekiston OTMlarida ingliz tilini o‘qitish, jumladan, ma’ruzalar o‘qish, seminar va mahorat darslarini tashkil etish maqsadida jalb qilish, shuningdek, O‘zbekiston yoshlari uchun ajratiladigan ta’lim grantlari doirasida AQShda bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olish takliflarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.