AQSHDA OLIY TA’LIM SOHASI VA O‘ZBEKISTON O‘RTASIDA KENG QAMROVLI HAMKORLIK

15.05.2019

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida AQShning Alkorn universiteti va Missisipi davlat universiteti delegatsiyasi qabul qilindi.

Uchrashuvda Alkorn universiteti prezidenti Donzel Li, universitetning amaliy fanlar va qishloq xo‘jaligi maktabi dekani Edmund Bakner, xalqaro dasturlar direktori Dovi Alipo, Missisipi davlat universiteti Xalqaro instituti direktori Juli Jordandan iborat delegatsiya bilan kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqot sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumki, Missisipi davlat universiteti bilan Toshkent davlat agrar universiteti o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari rivojlanib bormoqda. Shunga qaramasdan, O‘zbekiston qurilish, muhandislik, san’at, ekologik ta’lim sohalarida ham hamkorlik qilish tarafdor ekanligi qayd etildi.

Alkorn va Missisipi davlat universitetlari boy tarixga ega bo‘lib, ular o‘zlari olib borayotgan tadqiqotlari natijalarining bevosita fermer dalasigacha olib borishni maqsad qilib qo‘yishi va bunga erishayotgani ta’kidlandi. O‘zbekistonda ham xuddi shu tamoyil asosida hamkorlik qilish rejalari mavjud ekanligi ma’lum qilindi.

Respublikamiz oliy ta’lim muassasalari uchun AQSh universitetlarida qo‘llanilayotgan ta’lim texnologiyalari, fanlar dasturlari mazmuni, fan-ta’lim-ishlab chiqarishning samarali hamkorligi masalalari bo‘yicha tajriba almashish muhimligi ta’kidlandi.

Mehmonlar O‘zbekiston bilan qishloq xo‘jaligidan tashqari, ta’lim, iqtisod, muhandislik, san’at, aniq fanlar sohalarida ham hamkorik qilishga tayyor ekanligini bildirishdi.

O‘zbekiston tomoni oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini AQSh universitetlarida malakasini oshirish, ilmiy kadrlarni magistratura va doktorantura orqali tayyorlashga qiziqish yuqori ekanini bildirdi.

Muzokaralarda Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, ekologik inqiroz oqibatlarni yumshatish, mavjud resurslardan oqilona foydalangan holda hududning ekologik muammolari bo‘yicha hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish masalalari muhokama etildi.

AQSh universitetlari delegatsiyasi tashrif davomida Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari hamda Navoiy davlat pedagogika institutlariga borishadi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda O‘zbeksitonda AQShning Vesbter universiteti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, respublikamiz oliy ta’lim muassasalari AQShning Sietl, Pitsburg, Michigan, Ogayo, Romako va boshqa universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Ushbu hamkorlik aloqalari yanada kengayadi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

two × 5 =