AQSHLIK OʻQITUVCHILAR OʻZBEKISTON MAKTABLARIDA INGLIZ TILIDAN DARS BERMOQDA
21.02.2020Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi AQSH bilan hamkorlikda umumtaʼlim maktablarida ingliz tilini oʻqitish uchun toʻrt mutaxassisni jalb etdi, – deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.
Medison Krstich, Nolin Vagner, Sirsi Laura va Kris Kovan Oʻzbekistonga Fulbright English Teaching Assistant dasturi doirasida tashrif buyurishdi.
AQShlik oʻqituvchilar hozirgi kunda Toshkent, Fargʻona, Namangan va Andijondagi xorij tillarini oʻrganishga ixtisoslashtirilgan maktablarda faoliyat yuritmoqda.
Hozirgi kunda Xalq taʼlimi vazirligi English-Speaking Nation loyihasi ustida ish olib bormoqda. Asosiy maqsad umumtaʼlim maktablarida ingliz tili fani oʻqitilishini takomillashtirishdir. Loyiha doirasida Vazirlik AQSH va Buyuk Britaniya tashkilotlari bilan hamkorlik qilmoqda.
Fulbright English Teaching Assistant dasturi rivojlanayotgan mamlakatlarga boshlangʻich va oʻrta maktablarda ingliz tilidan dars berish uchun yosh AQSHlik mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatini beradi.
Nolin Vagner Namangan viloyatidagi 2-ixtisoslashgan maktab-internatda ishlamoqda. Uning soʻzlariga koʻra, u bolalarga ingliz tilini oʻqitish bilan birga, toʻylar, bozorlar, shaharlarda odamlar bilan muloqot orqali Oʻzbekiston madaniyatini oʻrganish imkoniyatiga ega boʻldi. “Men bolalar bilan ishlashdan xursandman. Ularning ochiq chehralari va ijobiy energiyalari har kuni menga yaxshi kayfiyat baxsh etadi,” – deydi u.
Kris Kovan, oʻz oʻrnida, Fargʻona viloyatidagi xorij tillarini oʻrganishga ixtisoslashgan maktab-internatda ishlamoqda. U asosan 6-10-sinf oʻquvchilariga ingliz tili koʻnikmalarini takomillashtirishga koʻmak bermoqda.
— Bundan tashqari, men har kuni turli toʻgaraklar oʻtkazaman. Misol uchun, soʻzlashuv klubida bolalar ingliz tilida muloqot qilish koʻnikmalarini yaxshilab bormoqda. Yana biz turli madaniy tadbirlar oʻtkazdik va turli tarixiy obidalarga tashrif buyurdik, — dedi u.
Sirsi Laura Andijondagi 7-9-sinf oʻquvchilari bilan ishlaydi. Bolalar ingliz tilini turli sahna koʻrinishlari orqali oʻrganmoqda. Uning soʻzlariga koʻra, sahna koʻrinishlari bolalarning yaratuvchanliklari asosida tashkil etilmoqda. Ular ssenariy, kiyimlar, raqs va qoʻshiqlarning muallifidir.
Medison Krstich Toshkent shahridagi xorij tillarini oʻrganishga ixtisoslashgan maktab oʻqituvchilari bilan birga darslarda va toʻgaraklarda ishtirok etmoqda. “Men Busy City tadbirini oʻtkazishni rejalashtirdim. Unda 5-sinf oʻquvchilari oʻquv yili davomida egallagan bilimlaridan foydalanishi kerak boʻladi,” – deya qoʻshimcha qildi Medison Krstich.
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.