GLOBAL DUNYO TILI: AFZALLIK, KAMCHILIK VA MUAMMOLAR

16.02.2024

Til xalqning milliy qadriyatlari, maʼnaviy olami, hatto mafkurasining bir qismi hisoblanib, u nafaqat insonlar oʻrtasidagi muloqot vositasi, balki insonparvarlik va tarbiya masalasining muhim vositasi hamdir. Ona tiliga hurmat insonning oʻz vataniga, millatiga hurmatini belgilab beradi. Tilga munosabat insoniyat madaniyatining ajralmas qismidir. Shu bilan birga, til millatning ruhi, davlat ramzi xamdir. Tilni sof holida asrab-avaylash, kelajak avlodlarga yetkazish shu xalqning taraqqiyotidan dalolatdir.

 Ammo soʻnggi yillardagi oʻzgarishlarga nazar soladigan boʻlsak, dunyo raqobat maydonida fan-texnika, sunʼiy intellekt rivojlanishi bilan bir qatorda “global dunyo tili” atamasi ham insoniyat ongida bong urayotgan oʻzgarishlardan biri desak ham boʻlaveradi. Chunki, bozor iqtisodiyotida muqobil bir tilda muloqot qilish koʻplab qulayliklarni yaratib bermoqda. Lekin, qaysi til dunyo hamjamiyatida “global til” rolini oʻynaydi? Statistik maʼlumotlardan maʼlumki :

  • Dunyoda 400 million kishining ona tilisi ingliz tili hisoblanadi, va ikkinchi til sifatida esa taxminiy 1.5 – 2 billion kishi ingliz tilida soʻzlashadi. Yaʼni bu degani har bir sohada fan-texnikadan tortib meditsina, farmatsevtikagacha, hattoki savdo-sotiq, qimmatbaho qogʻozlar savdosi, sportda ham ingliz tili terminlari keng qoʻllaniladi.
  • Bundan tashqari, soʻnggi maʼlumotlardan kelib chiqsak, ingliz tiliga raqobatdosh sifatida Ispan tili ham dunyo xalqaro reytingida oʻz oʻrniga ega tillardan hisoblanadi.Chunki, 500 millionga yaqin ona tilida soʻzlashuvchilarga ega, asosan Amerika va Ispaniyada va 600 millionga yaqin kishi ikkinchi til sifatida foydalanadi. Bundan tashqari koʻplab ilmiy manbalar aynan ispan tilida. Soʻnggi 3 yil ichida bu til ixlosmandlari soni yana 2 karra oshdi.
  • Mandarin xitoy tili dunyodagi eng koʻp soʻzlashuvchi tillardan biri boʻlib, butun Xitoy boʻylab, Tayvan va Singapurda tarqalgan. Mandarin xitoy tili dunyodagi ikkinchi eng koʻp gapiriladigan til boʻlib, taxminan 1,118 milliard kishi mandarin xitoy tilida soʻzlashadilar. Xitoy materigida mandarin tilida soʻzlashuvchilar soni dunyodagi eng koʻp boʻlib, aholining 80 foizdan ortigʻi yagona mandarin tiliga amal qiladi. Baʼzi tilshunoslar Xitoyni tashkil etuvchi keng hududlarda bitta tilni milliylashtirishga intilish mahalliy dialektlarning yoʻq boʻlib ketish xavfi borligini anglatadi, deb xavotirda. Ammo boshqalarning taʼkidlashicha, standartlashtirilgan tilga ega boʻlish ijtimoiy, iqtisodiy va taʼlim sohalarida katta birlikni anglatadi.

Yuqoridagi maʼlumotlardan kelib chiqqan holda shunday xulosaga kelishimiz mumkin, agar ingliz tili, mandarin xitoy tili, ispan tili yoki boshqa tillardan biri dunyo tili boʻlib qolsa, lingvistika dunyosida qanday oʻzgarishlar boʻladi? Biz hozirda foydalanayotgan tillarimiz taqdiri nima boʻladi? Yoki ular ham xuddi Lotin tili kabi oʻlik tillar oilasi safiga qoʻshilarmikan? Bu savollar barchaga jumboqlik, balki qiziqarli ham. Tanganing ikki tarafi bor deganlaridek “global til” yaxshi va yomon jihatlarini ham koʻrib chiqaylik.

Dunyomizning tobora jadal jabhalarda oʻsib borishi, global til tushunchasi haqidagi farazlarimizni yana ham kuchaytiradi. Koʻplab olimlarning taʼkidlashicha, yagona universal soʻzlashuv tiliga ega boʻlish uzluksiz muloqot, iqtisodiy oʻsish va madaniy tushunchani shakllantiradi. Biroq, global tilning hukmronligi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin boʻlgan kamchiliklar va xavflarni tan olish ham juda muhimdir.

Global tilning afzalliklari

Muloqot va global integratsiyaning yaxshilanishi

Global tilning paydo boʻlishi chegaralar boʻylab muloqotni sezilarli darajada oshirishi, lingvistik toʻsiqlarni yengib oʻtishga yordam berishi va global birodarlik hissini shakllantirishi mumkin.Va bu esa oʻz navbatida samarali global savdoni yoʻlga qoʻyishda, akademik hamkorlikni kengaytirishda va diplomatik aloqalarni osonlashtirishda oʻz samarasini beradi.

Iqtisodiy foyda

Umumiy global tilga ega boʻlish biznes operatsiyalarini soddalashtiradi va tranzaksiya xarajatlarini kamaytiradi. Kompaniyalar kengroq mijozlar bazasiga va yaxshiroq xizmat koʻrsatish imkoniyatlariga ega boʻlishadi, shu bilan iqtisodiy oʻsish va global savdoni tezlashtiradi.

Madaniy almashinuv tushunchasi

Umumiy global til madaniy almashinuv, tushunish va qadrlashni taʼminlaydi. Turli millatlardan boʻlgan odamlar osonroq muloqot qilishlari mumkin, bu esa turli nuqtai nazarlar, urf-odatlar va dunyoqarashlarga taʼsir koʻrsatishning kuchayishiga olib keladi.

Global tilning kamchiliklari va muammolari

Lingvistik xilma-xillikning yoʻqolishi

Global tilning tarqalishi kichik tillar va madaniyatlar tanazulliga olib kelishi mumkin, chunki ular marginallashadi yoki butunlay yoʻq boʻlib ketadi. Xilma-xil lingvistik manzara global madaniy boylikka hissa qoʻshadi, tillarning yoʻqolishi madaniy oʻziga xoslik ifodasini cheklaydi.

Lingvistik gegemoniya

Yagona global tilning hukmronligi lingvistik gegemonlikka olib kelishi mumkin, unda boshqa tillardan foydalanuvchilar turli xil muammolarga duch kelishadi, bu esa hukmron jamoalar oʻrtasidagi hokimiyat balanslarini yanada kuchaytiradi.

Ijtimoiy-iqtisodiy farqlar

Global tilning qabul qilinishi ijtimoiy-iqtisodiy farqlarni keltirib chiqaradi albatta, chunki dominant tilda malakaga ega boʻlmagan shaxslar axborot, ish imkoniyatlari va taʼlim resurslariga ega boʻla olmaydilar, hatto oʻrganganda ham vaqt va koʻplab qulayliklardan yutqazadilar. Bu esa adolat va inson huquqlari haqidagi tasavvurimizni butkul barbod qiladi.

Zero, global til afzalliklari insoniyat uchun foydalikdir, lekin u orqali kelib chiqayotgan muammolar bir millatning tanazulliga olib kelishi mumkin. Dunyoda global til boshqa tillardan ustun boʻlmasligi uchun, biz oʻz tilimizni asrab-avaylashimiz va tilimizning borligi– bizning eng katta boyligimiz ekanligini hech qachon unutmasligimiz darkor.

Ababakirova Marjona,
O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

4 × one =