HAYOT HAM, TAʼLIM HAM DAVOM ETADI

28.04.2020

Pandemiya sharoitida taʼlim-tarbiya tizimida yangi tendensiyalar shakllanmoqda

Ko‘zga ko‘rinmas dushman – koronavirus yer yuzi bo‘ylab tarqalib, milliardlab insonlarni karantin hayotiga majbur etmoqda. Hali bunaqasi nafaqat mamlakatimiz, balki sayyoramiz tarixida ham kuzatilmagan edi. Shu bois bashariyat hayot tarzini o‘zgartirib, jamiyatning turli jabhalariga yangicha ish uslublari tatbiq etilmoqda. Jumladan, odamzod uchun nihoyatda zarur, karantinga solib bo‘lmaydigan soha – taʼlim tizimining barcha bo‘g‘inlarida masofaviy o‘qitish usullari keng ommalashyapti.

Pandemiya oliy taʼlim tizimini ham tubdan o‘zgartirib yubordi. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan katta auditoriyalarda maʼruza, seminar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tishga o‘rgangan professor-o‘qituvchilarimiz endilikda onlayn taʼlim rejimida ishlashni boshladilar. To‘g‘ri, avvaliga yangicha sharoitga ko‘nikish oson bo‘lmadi. Biroq asta-sekin masofaviy o‘qitish metodikasi egallanib, vaziyatdan kelib chiquvchi innovatsion usullar ham joriy etishga kirishildi.

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, xususan, “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan “Telegram” platformasida har bir o‘quv guruhi uchun alohida kanal (go‘yoki onlayn auditoriya deysiz) ochilib, karantinning birinchi haftasidayoq dars jadvali asosida  onlayn darslar yo‘lga qo‘yildi. Pedagogik jamoamiz yosh, g‘ayratli, zamonaviy axborot texnologiyalarini puxta egallagan kadrlardan iborat bo‘lgani bois bu jarayon bizda ancha yengil kechdi. Fakultetlararo kafedra sifatida universitetning barcha o‘quv guruhlarida maʼruza va amaliy mashg‘ulotlarni tizimli tarzda tashkil etib bormoqdamiz.

Respublikamizning turli viloyatlarida yashaydigan, karantin sababli doimiy istiqomat manziliga qaytib ketgan talabalar uchun ham, o‘qituvchilar uchun ham internetdagi “Telegram” ijtimoiy messenjeridan foydalanish qulay hisoblanadi. Avvaldan muloqot va aloqa vositasi sifatida ishlatib kelingani, bu borada muayyan ko‘nikma hosil qilingani bois ushbu platforma tanlandi. Har bir o‘quv guruhi uchun tashkil etilgan “onlayn auditoriya”ga o‘qituvchilarimiz tayyorlagan video va audiodarslar, taqdimot (slayd)lar, maʼruza matnlari, test va topshiriqlar, ilmiy adabiyotlar va o‘quv qo‘llanmalari joylab borilmoqda.

Dars jarayoniga imkon qadar ko‘proq talabani qamrab olishga, ular bilan jonli muloqotga kirishishga, taʼlimni talab darajasida tashkil etishga harakat qilyapmiz. Aloqa sifati va boshqa jo‘yali sabablar talabaning darsdagi ishtirokiga xalaqit qilsa, dars jadvalidan tashqari vaqtlarda ham o‘qituvchi bilan bog‘lanishiga, bilim egallashda kursdoshlaridan ortda qolib ketmasligiga imkon berilyapti.

Respublika oliy taʼlim muassasalari qatorida biz ham dist.edu.uz saytiga har bir fan bo‘yicha maʼruza, seminar va amaliy mashg‘ulotlar uchun kerakli tarqatma materiallar, roliklar, nazorat savollari va adabiyotlar joylab boryapmiz. Ushbu platformaning o‘qituvchi va talabalar uchun afzalligi shundaki, maʼlumotlarni olish ancha osonlashadi, oflayn rejimda ham ishlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Hamkasblarimiz biz uchun birmuncha yangilik bo‘lgan videodarslar tayyorlash, buning uchun mustaqil tasvirga olish va lavhalarni montaj qilishning dastlabki ko‘nikmalarini egallab boryapti.

Ayni paytda oraliq va yakuniy nazoratlarni internet orqali topshirish va qabul qilish bo‘yicha ham tajriba paydo bo‘ldi. Sirtqi bo‘lim talabalariga barcha darslar onlayn tarzda o‘tkazildi, barcha sinovlar masofaviy olindi. Natija bizni qoniqtiradigan darajada.

Har yomonlikning bir yaxshiligi bor deganlaridek, koronavirus pandemiyasi taʼlim tizimi taraqqiyotida yangi tendensiyalarning yuzaga kelishi va rivojlanishiga sabab bo‘lmoqda. “Covid 19” keltirib chiqargan murakkab vaziyatda ham hayot biroz o‘zgacha ko‘rinishda bo‘lsa-da, bir maromda davom etmoqda. Demakki, yosh avlod taʼlim-tarbiyasi to‘xtab qolmasligi kerak. Fidoyi pedagoglarimizning zahmatli mehnati shunga qaratilgan.

Latofat TOSHMUHAMEDOVA,
O‘zJOKU “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi mudiri,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

15 − 12 =