“HINDIY TILI VA ADABIYOTI HAMDA MAHATMA GANDI” MAVZUSIDA SEMINAR O’TKAZILDI

01.11.2019

30-oktabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga O’zbekiston Respublikasidagi Hindiston Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Santosh Dja, Hindiston Respublikasining Toshkent shahri L.B.Shastri nomidagi Madaniyat markazi direktori professor Chandrashekhar, Hindiston Respublikasining Markaziy hindiy tili instituti direktori o’rinbosari professor K.Goyanka va Uttar Pradesh, hindiy tili oliygohidan doktor Ravi Techandanilar tashrif buyurdilar.

Uchrashuvning birinchi qismida ToshDSHI rahbariyati va elchi boshchiligidagi hind mehmonlari bilan institut rektoratida qisqa fursatli uchrashuv amalga oshirildi. Mazkur uchrashuv doirasida O’zR va Hind Respublikasi aloqalarining qadimiyligi va bardavomligi, ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada yangi pog’onaga ko’tarish bilan bog’liq masalalar muhokama qilindi. Shu bilan birga, Hindiston oliy ta’lim muassasalari mutaxassislarini institutimizga hindiy tili va adabiyoti, tarixi, madaniyati, falsafasi va iqtisodi bo’yicha talabalarga dars berish uchun taklif etish hamda institut o’qituvchi va talabalarining o’z bilimlarini mustahkamlash uchun Hindiston OTMlarida tahsil olish, shuningdek, hamkorlikda hindshunoslik bilan bog’liq qo’shma ilmiy loyihalar ustida ish olib borish kabi masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Uchrashuvning ikkinchi qismida Janubiy va Janubiy Sharqiy Osiyo tillari kafedrasi huzuridagi M.Gandi nomidagi Hindshunoslik markazida “Hindiy tili va adabiyoti hamda Mahatma Gandi” mavzusida seminar o’tkazildi. Mazkur tadbirda mehmonlar so’zga chiqib, talabalarga M.Gandi va Premchand haqida yangi ma’lumotlar ulashdilar. Kafedra talabalari ham M.Gandi hayoti, ijtimoiy faoliyati, o’gitlari bilan bog’liq mavzularda chiqish qildilar.

Seminar yakunida Premchand asarlari bo’yicha kitoblar ko’rgazmasi bo’lib o’tdi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

11 − 1 =