IBRAT YO’LIDAGI “IBRAT FARZANDLARI”

18.02.2023

Yangi bilimlar, yangi do’stlar, sifatli ta’lim, quvnoq atmosfera, intellektual turnirlar, millionga teng master-klasslar, unutilmas lahzalar, oilangga aylanib ulgurgan jamoa. Ha, sezganingizdek gap “Ibrat tillar oromgohi” haqida ketyapti. Ilk mavsumga 2021-yil 27-iyunda start berilgan bo’lsa, bugunga qadar loyiha minglab yoshlarni bir maqsad ostida birlashtirib, kelajak hayotlarini qurishda mayoq vazifasini o’tadi, desak mubolag’a bo’lmaydi.

Loyiha avvaliga oromgoh tarzida tashkil etilib, yoshlarga bir hafta davomida ingliz tilida turli bilim va ko’nikmalarni ulashgan bo’lsa, bugunga kelib “Ibrat farzandlari” nomi ostida keng ko’lamdagi salmoqdor ishlarni amalga oshirmoqda.

Keling, bugunga qadar amalga oshirilgan ishlarga nazar solaylik. Ibrat farzandlari “Ibrat discoverers” nomi ostida o’zlari istiqomat qiladigan hudular to’g’risida ajoyib video materiallar tayyorlashdi. Tomosha qilar ekansiz, Buxoro-yu Samarqandning, Xiva-yu Shahrisabzning qadimiy ko’chalaridan o’tasiz, “vodiylarni yayov kezasiz”, qo’ying-ki, yurtimizning har go’shasini o’z ko’zingiz bilan ko’rgandek bo’lasiz, muhitni his qilasiz.

“Ibrat debate”, “Ibrat quiz” loyihalarida esa o’zingizni ingliz mamlakatlaridan biriga tushib qolgandek his qilasiz. Turli sohadagi bilimlarini ingliz tilida sinashayotgan yoshlarni ko’rib ham faxring, ham shukring oshadi kishi.

“Ibrat master-klass” doirasida ingliz tilini o’rganayotgan yoshlar uchun bugunning qahramonlari deya atash mumkin bo’lgan o’qituvchilar tomonidan treninglar tashkil etildi. Har bir trening davomida yoshlar eng dolzarb deb topgan savollariga javob oldilar, shu kunga qadar qiynab kelgan muammolarga yechim topdilar.

“Ibrat farzandlari” qo’l urgan yana bir savobli loyiha – Youtube platformasiga joylanayotgan til darslari. Bugunga qadar ingliz tili, ispan tili, turk tili, rus tili, nemis tili, arab va o’zbek tillari bo’yicha darslar joylanib borilmoqda. Endi til o’rganish uchun millionlar sarflashning hojati yo’q. Shunchaki xohish va “Ibrat”ning o’zi yetarli.

Albatta, bu amalga oshirilayotgan ishlar kelajakda amalga oshirilishi ko’zda tutilgan loyihalarga bir debocha, xolos. Bu hali boshlanishi va “Ibrat farzandlari” bilimlar ulashishda davom etadi. Minglab yoshlarga manfaat keltirayotgan bu loyiha ortida xizmat qilayotgan insonlarning mehnati tahsinlarga loyiq. Kechalarni kunduzga ulab, xalq manfaati yo’lida ter to’kayotgan, aziz umrini, qimmatli vaqtini siz-u bizning kamolotimiz yo’lida sarflayotgan bu insonlarga qancha tashakkur izhor etsak kam. Har birlariga Alloh rizosi-yu mehnatlari rohatini ko’rmoqlik nasib qilsin. Loyiha ishtirochisi sifatida shuni ayta olamanki, “Ibrat” dunyoqarashimni tamomila o’zgartirdi, bir umrlik do’stlar, xotiralar, saboqlar berdi. Aytishadi-ku, ming marta eshitgandan, bir marta ko’rgan afzal. Agar hali ham “Ibrat farzandlari” loyihalaridan birida ishtirok etib ko’rmagan bo’lsangiz, sizda hali imkon bor va ishonch bilan ayta olamanki, u sizga kutganingizdan-da ortig’ini taqdim etadi.

Abduraimova Aziza
O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti
Media va kommunikatsiya fakulteti 3-bosqich talabasi

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

1 × 1 =