INSON GENOMINI OʻRGANISH BO‘YICHA JAHONDA YETAKCHI XITOYNING “BGI GROUP” KOMPANIYASI BILAN HAMKORLIK QILINMOQDA

18.01.2024

Oʻtgan yilning may oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xitoyga rasmiy tashrifi doirasida Sian shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Xitoy biznes-forumida Oʻzbekiston bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatishdan manfaatdor Xitoyning 400 dan ortiq yirik korxonalari ishtirok etdi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi biotexnologiya va farmatsevtika sohasida faoliyat yurituvchi innovatsion kompaniyalar bilan muzokaralar olib borib, qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, Ilgʻor texnologiyalar markazi hamda Xitoyda inson genomini oʻrganish bilan shugʻullanuvchi jahonda yetakchi “BGI Group” kompaniyasi  oʻrtasida shartnoma imzolandi.

Hozirda yurtimizda mazkur shartnoma asosida tashkil etilgan “Genscreen” Oʻzbekiston-Xitoy qoʻshma korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ayni damda mazkur kompaniya   tomonidan homilador ayollarda qator irsiy kasalliklarni va chaqaloqlarda 48 ta  kasallikni erta skrining qilish boʻyicha pilot loyiha amalga oshirilmoqda. 

Genscreen kompaniyasining asoschilari klinik diagnostika va genetik texnologiyalar sohasida jahondagi yetakchi ilmiy-tibbiyot kompaniyalardan biri – Pekin Genomika instituti ( Beijing Genomics Institute — BGI (bi-ji-ay)) hisoblanadi.

BGI Group dunyodagi yetakchi genomika sohasidagi dunyodagi yetakchi  kompaniya hisoblanadi. Kompaniya dastlab 1999-yilda global Inson genomi loyihasida ishtirok etish uchun genetika tadqiqot markazi sifatida tashkil etilgan. Hozirgi vaqtda BGI bemorlarni turli kasalliklarga tekshirish, hayvonlar, oʻsimliklar va mikroorganizmlar genomlarini oʻrganish, shuningdek, DNK tahlillari uchun uskunalar ishlab chiqarish boʻyicha xizmatlarni taqdim etadi.

BGI Genscreen qoʻshma korxonasiga sarmoya kiritish bilan cheklanmay, balki laboratoriya bazasini yaratish, asbob-uskunalar, texnologiyalar transferi, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash, sogʻliqni saqlash xodimlari malakasini oshirish boʻyicha ilmiy-maʼrifiy konferensiyalar va seminarlar oʻtkazishga ham masʼuldir.

Genscreen kompaniyasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi INNO texnopark rezidenti hisoblanadi, laboratoriya Ilgʻor texnologiyalar markazida joylashgan. Hozirgi vaqtda BGI tomonidan ishlab chiqarilgan genomlarning DNK tahlilini amalga oshiruvchi noyob laboratoriya uskunalari, yuqori samarali sekvenatorlar oʻrnatilgan.

Oʻzbekiston-Xitoy qoʻshma korxonasining birinchi bosqichi yangi tugʻilgan chaqaloqlar va homilador ayollarda genetik kasalliklar skriningini ishlab chiqish va joriy etishdan iborat. Toshkent shahri va Fargʻona vodiysida skrining boʻyicha pilot loyiha ishga tushirildi.

Tajriba loyihalari amalga oshirilgandan soʻng butun respublikani toʻliq qamrab olish rejalashtirilgan. Laboratoriyaning ishlab chiqarish quvvati oyiga 70 mingdan ortiq test yoki yiliga irsiy kasalliklarga 1 milliondan ortiq test oʻtkazishga moʻljallangan boʻlib, bu Oʻzbekiston Respublikasining ushbu turdagi tadqiqotlarga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondiradi.

Genscreen  kompaniyasi, shuningdek, saratonning har xil turlari uchun onkologik skrining, genetik pasportni yaratish uchun butun genom ketma-ketligi va 4000 dan ortiq turli kasalliklarni qidirib topishga qaratilgan uchun butun ekzom ketma-ketligi boʻyicha tadqiqotlarini  davom ettirmoqda.