KALIFORNIYA DAVLAT UNIVERSITETI: YANGI FORMATDAGI HAMKORLIK ALOQALARI

10.08.2021

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov boshchiligidagi mas’ullar Kaliforniya davlat universiteti (Fullerton shahri, AQSh) prezidenti (rektori)ning maslahatchisi Morteza Raxmatian boshchiligidagi professorlardan iborat  delegatsiyani qabul qilishdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining Kaliforniya davlat universiteti bilan hamkorligi natijalari, bugungi holati va kelgusidagi vazifalar to‘g‘risida fikr almashildi.

Suhbat chog‘ida Kaliforniya davlat universiteti bilan hamkorlik aloqalarini yangi formatga olib chiqish, xususan, oliy ta’lim muassasalariga akademik mustaqillik berish, moliyaviy, o‘z-o‘zini boshqaruv hamda ta’limning kredit-modul tizimlarini joriy qilish, onlayn va masofaviy ta’limni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilinib, Kaliforniya davlat universiteti tajribasi o‘rtoqlashildi.

Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarimiz bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, akkreditatsiyalash tizimi, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini keng joriy qilish va bitiruvchilar bilan ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tajriba almashish masalalariga ham alohida ahamiyat qaratildi.

Delegatsiya rahbari professor Morteza Raxmatian (Morteza Rahmatian) Kaliforniya universitetlarining bakalavr tayyorlash dasturi, shu jumladan, fizika, matematika, biologiya va kimyo sohalari bo‘yicha kadrlar tayyorlashda yuqori natijalarga erishib kelayotganligini alohida ta’kidlab o‘tib, bu bo‘yicha Urganch davlat universiteti bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishlar yuzasidan mutaxassislar tayyorlash istiqbollari haqida muzokaralar olib borildi. 

Ma’lumot o‘rnida, Kaliforniya davlat universiteti prezidentining maslahatchisi Morteza Raxmatian boshchiligidagi professorlardan iborat delegatsiya Urganch davlat universitetiga tashrif buyurib, universitet rahbariyati bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish bo‘yicha uchrashuvlar va professor-o‘qituvchilari ishtirokida mahorat darslari tashkil etildi.

Universitet rahbariyati bilan uchrashuvlarda 2021–2023-yillarda Kaliforniya davlat universiteti professori Zoir Ibragimov rahbarligida Urganch davlat universiteti va Matematika institutida  qiymati 650 ming AQSh dollari bo‘lgan AQShning Milliy fan jamg‘armasining “Ilg‘or tadqiqotlar instituti (ASI)” loyihasini amalga oshirish kelishib olindi. Loyihaga ko‘ra, AQSh, O‘zbekiston va boshqa davlatlar doktorantlari uchun 5 ta yangi yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus seminarlar tashkil etiladi va ularga dunyoning yetakchi matematik olimlari taklif qilinadi.

Shu bilan birga 2022-yildan boshlab Kaliforniya davlat universiteti va Urganch davlat universiteti hamkorlikda “Algebrani – algebra vatanida o‘rganamiz” portalini ishga tushirish ta’kidlandi. Ushbu portal orqali hamkorlikda yozgi semestr tashkil etiladi va unda ikki universitet talabalari tahsil oladilar va tegishli fanlar bo‘yicha kreditlarga ega bo‘ladilar.

Manba: edu.uz / Axborot xizmati.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

один × четыре =