MAKTABLAR HAQIDA QAYG‘URISH BUTUN JAMIYATNING BURCHIDIR

07.09.2019

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 23-avgust kuni xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridan boshlab yurtimizda innovatsion va kreativ fikrlaydigan, zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalash, shu maqsadda ta’lim tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.

Prezidentimiz yig‘ilishda maktab ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada oldimizda turgan dolzarb vazifalar haqida fikr yuritar ekan, ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir» degan fikrini alohida ta’kidlab, bu masalaning mohiyati va ahamiyatiga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

Haqiqatan ham, jahondagi rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularda jamiyat hayotini o‘zgartirishga qaratilgan islohotlar avvalo ta’lim tizimidan, bog‘cha, maktab, tarbiya masalasidan boshlanganini ko‘ramiz. Chunki maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Ta’lim va tarbiyaning asosi, poydevori bu – maktab. Maktabni maktab qiladigan kuch esa o‘qituvchilardir.

Maktablardagi kamchiliklarni tuzatish, ta’lim sifatini nazorat qilish – kelajak avlod haqida g‘amxo‘rlikning bosh belgilaridan biri. Ana shunday ezgu maqsadlar bilan joriy yilda mas’ul shaxslar, mutasaddi rahbarlarning maktablarga tashrif  buyurib, yosh avlodga muayyan fanlardan saboq berishi, o‘z hayotiy tajribasi, bosib o‘tgan hayot sinovlari bilan o‘rtoqlashishi maktab yoshlarini ruhlantirishga turtki bo‘lmoqda.

Aynan shunday ezgu islohotlarga o‘z hissasini qo‘shishga bel bog‘lagan O‘zDJTU rektori G‘anisher Raximov hamda universitetning bir qator professor-o‘qituvchilari jamoasi islohotlar samaradorligi ta’minlash, ta’lim sifati nazoratini kuchaytirish hamda tarbiya sohasida zamonaviy uslublarni qo‘llash ishlarini tashkillashtirish maqsadida 5-sentyabr kuni Namangan viloyati Chust tumaniga tashrif buyurishdi. Universitet jamoasi hududdagi maktablarga borib, pedagogik jamoa va o‘quvchilar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazishmoqda hamda umumiy o‘rta ta’lim bo‘g‘inidagi yutuq va muammolarni o‘rganishmoqda.

Bir necha kunga mo‘ljallangan ushbu tashrif chog‘ida universitet vakillari Chust maktablarida katta ishlarni qilishni rejalashtirishgan.
Jumladan, ayrim fanlardan namunaviy ochiq darslar o‘tish, o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida turli sport musobaqalari, ko‘rik tanlovlar, ko‘zga ko‘ringan san’atkorlar, olimlar, adiblar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etish, O‘zDJTU imkoniyatlaridan kelib chiqib, turli o‘quv me’yoriy materiallar, ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladigan foydali resurslar bilan tuman o‘qituvchilarini tanishtirish kabi ishlar shular jumlasidandir.

6-sentyabr kuni universitet rektori G‘.Raximov Chust tumanidagi 52-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida ingliz tili fanidan 9-sinf o‘quvchilari uchun namunaviy ochiq dars tashkil etdi.

O‘qitishning ilg‘or innovatsion texnologiyalaridan keng foydalanib tashkil etilgan dars mashg‘ulotida eng ko‘zni quvontiradigan jihat maktab o‘quvchilarining ingliz tilida o‘z fikrlarini, o‘zlari haqidagi ma’lumotlarni dadil ifodalashlari bo‘ldi. Mashg‘ulot tugagach, G‘.Raximov eng faol va ilmda, sportda muayyan yutuqlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni universitet nomidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirladi. Shuningdek, ushbu maktab direktorini sermahsul mehnati va iqtidorli o‘quvchilarni tarbiyalab voyaga yetkazayotgani uchun samimiy qutladi.

O‘zDJTU rektori o‘z nutqini muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning quyidagi so‘zlari bilan yakunladi: «Maktab – bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi. Uni davlat, hukumat va hokimlarning o‘zi hal qilolmaydi. Bu butun jamiyatning ishi, burchiga aylanishi kerak».

Ko‘tarinki ruhda o‘tgan ushbu ochiq dars mashg‘ulotini Chust tumani hokimligidan mutasaddi shaxslar, tuman XTB bo‘limi boshlig‘i, maktab rahbariyati va pedagoglari ham kuzatib bordilar.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

12 − 4 =