«O‘ZBEK MAKTABI»NING OCHILISHI VA»XORIJLIKLAR UCHUN O‘ZBEK TILI» DARSLIGINING RASMIY TAQDIMOTI O‘TKAZILDI

28.11.2022

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universitetida “O‘zbek maktabi” — xorijliklar uchun o‘zbek tili tayyorlov kursining ochilish marosimi hamda “Xorijliklar uchun o‘zbek tili” (A1 daraja uchun) darsligining taqdimoti o‘tkazildi.

Ma’lumki,  Alisher  Navoiy  nomidagi  ToshDO‘TAU o’zbek tili va adabiyotining nufuzini yanada oshirish, milliy tilimizni keng targ’ib etish, uni o’rgatish bo’yicha maxsus metodikalar ishlab chiqish singari muhim vazifalarni zimmasiga olgan.  Mazkur OTM tashkil etilganidan boshlab sinov tariqasida universitet qoshida xorijliklarga o’zbek tilini o’rgatish kurslari ish boshlagan. Kam sonli chet elliklarga o’zbek tilini o’rgatish barobarida ToshDO‘TAU pedagoglari til o‘rgatish borasida tajriba to‘pladilar, xalqaro metodik bilimlarni o’zlashtirishga, ularni qo’llab ijobiy natijalar qayd etishga bel bog’ladilar.

Shu kungacha bu til o’rgatish kurslarida 300 dan ortiq xorijliklar, jumladan, Koreya, Xitoy, AQSh, Braziliya, Hindiston, Yaponiya, Germaniya, Fransiya kabi davlatlar fuqarolari o’zbek tilini muvaffaqiyatli o’rganishdi.  Bugun bu izlanishlar samarasi o’laroq “Uzbek school” – xorijliklarga o’zbek tilini o’rgatish tayyorlov kursining rasmiy ochilish marosimi o‘tkazildi. Bu kurslarda o’zbek tili eng zamonaviy usul va vositalar yordamida, til o’rganuvchilar xohishiga ko’ra kichik, o’rta guruhlarda yoki individual o’rgatiladi. Tayyorlov kurslarida o’zbek tili turli sohalarga integratsiya qilingan shakllarda ham o’rgatiladi, masalan biznes sohasida o’zbek tili, diplomatik soha vakillari uchun o’zbek tili va hokazo.

Yosh va o’z ustida tinimsiz ishlaydigan o’qituvchilar xorijliklarga o’zbek tilini o’rgatish bo’yicha to’plagan tajribalari va xalqaro standartlarga tayanib, “Xorijliklar uchun o’zbek tili” (A1 daraja uchun) darsligini yaratdi. «Xorijliklar uchun O’zbek tili» darsligi o’zbek tilidan mutlaqo xabarsiz bo’lgan qiziquvchilarga mo’ljallangan.  Kitobda xalqaro umume’tirof etilgan til o’rganish metodikasidan foydalanilgan va to’rtta til ko’nikmasi (gapirish, yozish, o’qish, tinglash) asosida A1 darajasidagi bilimlarni berish ko’zda tutilgan.  

Ushbu darslik oddiydan murakkabga tomon mantiqan uzviylikda tuzilgan 12 mavzudan iborat bo’lib, tinglovchi harflardan jumla tuzishgacha bo’lgan yozish (writing), gapirish (speaking), o’qish (reading), tinglash (listening) kompetensiyalarni egallashga imkon yaratadi. Har bir mavzu oxirida tinglovchi o’z bilimlarini tekshirishi va mustahkamlashi uchun maxsus test topshiriqlari beriladi.  
Ushbu darslik shu yo’nalishda yaratilgan mavjud o’zbek tili qo’llanmalaridan inglizcha ko’rsatma va izohlarning berilishi, har bir darsda ishlatilgan so’zlarning ingliz tilidagi tarjimasi ko’rsatilgani bilan ajralib turadi.  

Kitobga ilova etilgan audio-vizual materiallar o’zbek tili fonetikasining o’ziga xos xususiyatlari, shuningdek, matnlarda aks etgan dialoglar orqali turli situativ holatlarda ishlatiladigan leksik qatlam bilan tanishadi. 

Kitob  nafaqat o’zbek tilini , balki o’zbek madaniyatini ham o’rganishga yordam beradi.

Bugungi taqdimot marosimida xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchilari, elchixonalarning mas’ul xodimlari, xalqaro tashkilotlar vakillari mehmon bo‘ldi.  Ularning barchasi bu noyob markazda o‘zbek tilini o‘rganish istagini bildirdilar, «O‘zbek maktabi» faoliyatiga omad tilab,  hamkorlikda yirik loyihalarni amalga oshirishni taklif qildilar.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

1 × 2 =