O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING YOSHLAR KUNIGA BAG‘ISHLANGAN TANTANALI MAROSIMDAGI MA’RUZASI

01.07.2021

Azmu shijoatli yoshlarimiz bilan birgalikda yangi O‘zbekistonni albatta bunyod etamiz

Qadrli yoshlar, aziz farzandlarim!

Sizlarni va butun O‘zbekiston yoshlarini bugungi qutlug‘ bayram – Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Hech shubhasiz, ushbu ayyom O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasida bo‘lib o‘tayotgani unga yanada chuqur mazmun va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlamoqda.

Shu kunlarda eng ulug‘ va eng aziz bayramimizni munosib kutib olish maqsadida butun mamlakatimiz bo‘ylab katta bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Yangi-yangi sanoat korxonalari, zamonaviy uy-joylar, kommunikasiya va infratuzilma tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari barpo etilmoqda. Albatta, butun xalqimiz qatori sizlar ham ushbu jarayonlarda faol ishtirok etmoqdasiz.

Yurtimiz bo‘ylab 6 millionga yaqin g‘ayrati baland, intiluvchan o‘g‘il-qizlarimiz ishtirokida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida o‘tkazilgan festivallar, barcha yoshlarimiz uchun yetuklik va haqiqiy vatanparvarlik ko‘rigi bo‘ldi. Ushbu festivallar bundan buyon nafaqat viloyat markazlarida, balki har bir tuman va shaharda o‘tkazib boriladi va ularda ko‘tarilgan masalalar yechimi bo‘yicha har yili Hukumat alohida dasturlar qabul qiladi.

Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan umumxalq harakati saflarida siz, aziz yoshlarimizning qudratli to‘lqin bo‘lib maydonga chiqayotganingiz yuksak tahsinga sazovordir.

Albatta, yoshlikka xos shijoat, jo‘shqinlik va mardlikni, ezgu orzu-intilishlarni amaliy harakatga aylantirib, salmoqli natijalarga erishish uchun inson o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib yashashi kerak.

Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, buyuk ajdodlarimiz erishgan olamshumul yutuqlar zamirida avvalo ona Vatanga, xalqqa xizmat qilishdek olijanob maqsad mujassam ekanini ko‘ramiz. Masalan, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek singari ulug‘ allomalar, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi shoir va mutafakkirlar, Abdulla Avloniy, Fitrat, Abdulla Qodiriydek ma’rifatparvar adib va olimlar mashhur ilmiy kashfiyotlarini, o‘lmas badiiy asarlarini aynan sizlarning yoshingizda yaratganlarini hammamiz yaxshi bilamiz va bu bilan faxrlanamiz.

Bizning tomirlarimizda ana shunday ulug‘ bobolarimizning qoni oqar ekan, ularning munosib vorislari bo‘lish, ular kabi yuksak maqsadlar sari intilib yashash barchamizning ezgu burchimizdir.

Bugun biz davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etgan holda, mamlakatimizda Uchinchi Renassans poydevorini yaratish yo‘lida katta qadamlar qo‘ymoqdamiz.

Bu borada yurtimizda mutlaqo yangicha shakl va mazmundagi Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar tizimi yaratilganini ta’kidlash lozim. Ushbu maktablarda ta’lim olayotgan ko‘plab o‘quvchilar nufuzli xalqaro tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqdalar.

Misol uchun, Andijondan Durdona Muxtorxo‘jaeva, Buxorodan Firdavs Sobirov, Doniyor Ismoilov, Sirdaryodan Ilg‘or Qodirqulov, Nabixon Nabixonov, Toshkent shahridan Nodira Sa’dullaeva, Iskandar Bo‘riev, Dilshod Xo‘jaqulov, Rail Xashaev fizika, matematika va kimyo bo‘yicha xalqaro olimpiadalarning oltin, kumush va bronza medallariga sazovor bo‘ldilar. Bunday zukko va bilimdon farzandlarimiz bilan har qancha faxrlansak, arziydi.

Fursatdan foydalanib, ularning ana shunday yutuqlarga erishishiga katta hissa qo‘shgan jonkuyar ota-onalariga, zahmatkash ustoz va murabbiylariga ham o‘zimning samimiy minnatdorligimni bildiraman.

Endigi muhim vazifamiz – mana shunday farzandlarimiz orasidan yangi avlod beruniylarini, ibn sino va ulug‘beklarini, xorazmiy va farg‘oniylarini tarbiyalab, voyaga yetkazishdan iborat. Bu yo‘nalishda “Beruniy izdoshlari”, “Mirzo Ulug‘bek vorislari”, “Alisher Navoiy davomchilari” kabi ko‘rik-tanlovlar o‘tkazib, g‘oliblarni rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

So‘nggi yillarda yoshlarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratmoqdamiz.

Xabaringiz bor, yaqinda taniqli siyosatchi, Parlamentlararo ittifoqning Bosh kotibi Martin Chungong boshliq rasmiy delegasiya mamlakatimizga tashrif buyurdi. Suhbat chog‘ida u kishi bir fikrni afsus bilan ta’kidladi. Ya’ni, sayyoramiz aholisining yarmidan ko‘pini 30 yoshgacha bo‘lgan insonlar tashkil etsa-da, butun dunyo bo‘yicha yosh deputatlarning ulushi 2,6 foizga ham yetmas ekan.Oliy martabali mehmon O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 6 foizdan oshganini yuqori baholadi. Bu – katta e’tirof, albatta.

Biz bu g‘oyat muhim yo‘nalishdagi ishlarimizni davom ettirgan holda, Parlamentlararo ittifoq ko‘magida “Biz parlamentda yoshlarni qo‘llab-quvvatlaymiz!” degan ezgu tashabbusni amalga oshiramiz. Ushbu tizim asosida siyosiy yetuk va faol yosh yigit-qizlarimizni milliy parlamentimiz va mahalliy kengashlar faoliyatiga yanada kengroq jalb etamiz.

Xalq deputatlari kengashlari tavsiyasi asosida yosh, g‘ayratli, fidoyi o‘g‘il-qizlarimiz bundan buyon Oliy Majlis deputati va senatorlariga biriktiriladi.

Shu bilan birga, mahalliy kengashlarda ham, xuddi Senat va Qonunchilik palatasidagi kabi, yoshlar parlamenti vakillari maktabi tashkil etiladi. Shuningdek, iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari – “Kelajak liderlari”ni shakllantiramiz.

Bugun shuni mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardimki, bunday yoshlarimizning ko‘pchiligi jonbozlik ko‘rsatib xizmat qilmoqda. Masalan, Sherzod Rahmonov – Narpay tumanida, Sarvarbek Sultonov – Shirin shahrida va Elbek Shukurov – Sergeli tumanida hokim vazifasida, Durdona Rahimova – Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, Odiljon Tojiev – Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.

Shu bilan birga, ko‘plab iqtidorli o‘g‘il-qizlarimiz xorijdagi nufuzli oliygohlarda o‘qimoqda, ilm-fan bilan shug‘ullanmoqda, yirik va yetakchi kompaniyalarda ish olib bormoqda. Biz ana shunday yuksak bilim va malakaga ega bo‘lgan yoshlarimizning Vatanimizga kelib ishlashi uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Ularni rahbarlik lavozimlariga asosiy nomzod sifatida belgilash, uy-joy ajratish, munosib maosh to‘lash bo‘yicha yangi tizim joriy etamiz.

Umuman, yosh kadrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va tarbiyalashga qaratilgan siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz. Buning uchun, viloyat, tuman va shahar kengashlari har yili hokim, vazir, idora va bank rahbarligiga kamida 2 nafardan yosh nomzodlar zaxirasini tasdiqlaydi. Joriy yildan boshlab, bunday iqtidorli yoshlarimiz “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan chet ellarda stajirovka o‘taydi. Shuningdek, respublikamizda ishlayotgan, xalqaro nufuzli reytinglarda mingtalikka kirgan oliygohni tugatgan va chet elda ilmiy ish qilgan yosh mutaxassislarga qo‘shimcha haq to‘lanadi.

Har bir viloyat hokimi va vazir yil boshida o‘z hududi va tizimiga ana shunday yosh mutaxassislarni ishga olib kelish rejasini tasdiqlaydi hamda ularga beriladigan ish haqi, uy-joy va rag‘batlantirish bilan bog‘liq masalalarni hal qiladi.

Muhtaram anjuman qatnashchilari!

O‘tgan yili dekabr’ oyida mamlakatimizda birinchi marta o‘tkazilgan Yoshlar forumi millionlab o‘g‘il-qizlarimiz hayotida yorqin iz qoldirdi. Barcha shahar va tumanlarda tashkil etilgan bunday anjumanlarda yoshlarimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbus va takliflarning aksariyati “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturidan joy oldi.

Aziz yoshlar, shu o‘rinda bir fikrni alohida ta’kidlab aytishni istardim. Biz O‘zbekistonda har bir yilga qanday nom berishimizdan qat’i nazar, yoshlarning bilim va kasb-hunar egallashi, ular uchun munosib ish va turmush sharoiti yaratish masalasi doimo e’tiborimiz markazida bo‘lib qoladi. Bundan buyon har bir viloyat, shahar va tuman hokimliklari va mahalliy kengashlar tomonidan berilgan takliflar asosida, bu yo‘nalishda alohida dasturlar qabul qilinadi va ularning ijrosi yil davomida muntazam nazorat etib boriladi.

Bugun hayotimizning qaysi soha va tarmog‘ini olmaylik, yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik asosiy o‘ringa ko‘tarilib, ularga zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda.So‘nggi 4 yilda 30 yoshgacha bo‘lgan tadbirkorlar soni 5 barobar ko‘payib, ular 500 mingdan oshgani, buning yaqqol dalilidir.

Xorijiy investisiyalar ishtirokida zamonaviy korxonalar barpo etib, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratayotgan, o‘z mahsulotlarini eksport qilayotgan tadbirkor yoshlarimiz safi kun sayin kengayib bormoqda. Misol uchun, Samarqand tumanida – Muzrob Toshev, Rishtonda – Xurshid Normatov, Urgutda – Majidxon Islomov, Xo‘jaobodda – Nuriddin Abdurahmonov, Hazoraspda – Dilshodbek Hojiev singari izlanuvchan yoshlarimiz havas qilsa arziydigan natijalarga erishmoqda.

Bugungi bayram munosabati bilan mana shunday salohiyatli yoshlarimizning bir guruhi yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangani albatta barchamizni mamnun etadi.

Albatta, bunday o‘g‘il-qizlarimiz – zamonamizning yosh qahramonlaridir. Ularning dastlabki, ammo umidbaxsh yutuqlari haqida ommaviy axborot vositalarida ko‘rsatuvlar, maqola va suhbatlar tashkil etib, amalga oshirayotgan ibratli ishlarini keng jamoatchilik, avvalo, tengdoshlari o‘rtasida targ‘ib etish ayni muddao bo‘ladi.

Qadrli yoshlar!

Xabaringiz bor, keyingi paytlarda kelajagimiz egalari bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimiz bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimi – “Yoshlar daftari” va “Yoshlar dasturlari” hayotga tatbiq etilmoqda.

Olib borilgan amaliy ishlar natijasida o‘tgan 8 oy mobaynida “Yoshlar daftari”ga kirgan 430 ming nafar yigit-qizning muammolarini hal etish uchun 300 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Jumladan, “Temir daftar”dagi oilalar farzandlari bo‘lgan 2 mingdan ziyod talabaning kontrakt puli to‘lab berildi.

Bundan buyon har qanday investisiya loyihasining bosh maqsadi, avvalo, yoshlar bandligi masalasini hal etishga qaratilishi kerak. Bu hamma joyda o‘zgarmas qoidaga aylanishi zarur.

Yoshlarni ish bilan ta’minlash, zarur kasb-hunarlarga o‘rgatish uchun joylarda hokimlar va sektor rahbarlari mas’ul va javobgardir.

Xabaringiz bor, bu yildan boshlab, ish beruvchilarga ularning 25 yoshdan oshmagan ishchi-xodimlari uchun hisoblangan ijtimoiy soliq summasini byudjetdan to‘liq qaytarib berish tartibi joriy qilindi. Natijada joriy yilning ikkinchi yarmida 170 milliard so‘m, kelgusi yilda esa 500 milliard so‘m mablag‘ 240 ming nafar yoshni ishga qabul qilgan tadbirkorlar ixtiyorida qoladi. Shuningdek, kasb-hunar maktabi va texnikumlar o‘quvchilariga korxonalarda amaliyot o‘tagan davri uchun 6 oy davomida 500 ming so‘mdan subsidiya berish joriy etilgani, yoshlar va ularning ota-onalar uchun katta rag‘bat bo‘ldi.

Bundan tashqari, yotoqxona bilan ta’minlanmagan 62 ming nafar talabaga oylik ijara to‘lovining 50 foizini byudjetdan qoplab berish boshlandi. Shu bilan birga, bu yilning o‘zida 92 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlarning tadbirkorlik loyihalari uchun, 2 trillion 300 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi.

Hududlarda tashkil etilgan 186 ta “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari”dagi 3 mingta loyiha doirasida yoshlarimiz uchun 50 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Hurmatli yosh do‘stlarim!

Bugungi murakkab zamonda yoshlarni jismoniy va ma’naviy barkamol insonlar etib tarbiyalash biz uchun g‘oyat muhim vazifa bo‘lib qolmoqda. Bu borada ba’zi misollarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Keyingi bir yilda bilimli va tirishqoq yoshlarimiz xalqaro fan olimpiadalarida 4 ta oltin, 18 ta kumush va 29 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.

Joriy yilda Prezident maktablarini tamomlagan 96 nafar o‘quvchilarning barchasi muddatidan avval nufuzli xorijiy oliygohlarga grant asosida o‘qishga kirdi. Misol uchun, Toshkent shahridan Temurbek Sulaymonov – 26 ta, Qoraqalpog‘istondan Nursultan Duysenbaev – 16 ta, Xorazmdan Charosxon O‘ktamboeva – 8 ta, Namangandan Robiyaxon Nabijonova – 5 ta, Andijondan o‘rta maktab o‘quvchisi Visola Asadullaeva – 12 ta nufuzli xorijiy oliygohga o‘qishga qabul qilingan.

Ta’kidlash joizki, bunday natijalar ilgari tariximizda hech qachon bo‘lmagan.

Mamlakatimizda yuqori bilim va malakaga ega bo‘lgan, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadida oliygohlar soni 127 taga yetkazildi, 26 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasining filiallari ochildi. Shuningdek, keyingi 5 yilda oliy ta’limga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, joriy yilda 182 ming nafar yoshlar uchun talaba bo‘lish imkoniyati yaratildi. Bu – umumiy qamrov 28 foizga yetdi, deganidir. Vaholanki, 4 yil avval bu raqam atigi 9 foizni tashkil etardi.

Davlat grantlari 21 mingtadan 47 mingtaga ko‘paytirilgani, ehtiyojmand oilalarga mansub 2 ming nafar qizlarga oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun alohida grantlar ajratilgani yoshlarimiz kelajagini ta’minlashga qaratilgan amaliy e’tiborimiz namunasidir.

Mana, kuni kecha mamlakatimizda yana bir oliy ta’lim maskani – “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etildi va unga ko‘p yillar Yevropadagi eng nufuzli universitetlardan birini boshqargan germaniyalik taniqli professor rektor sifatida tanlandi.

Dunyoning yetakchi o‘quv va ilmiy tashkilotlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadigan ushbu universitetga joriy yilda 300 nafar yoshlar qabul qilinadi.

Ma’lumki, bu yil mamlakatimizda maktablar, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarini qariyb 560 ming nafar yoshlar tamomlab, mustaqil hayotga qadam qo‘yadi. Shu bois yoshlarning bandligini ta’minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

Bu borada quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratamiz.

Birinchidan, har o‘quv yili yakuni bilan tuman, shahar, viloyat va respublika darajasida bitiruvchilar bandligini ta’minlashga oid dasturlar qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Dasturda har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida qancha yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, qanchasini ish bilan ta’minlash, nechta startap va tadbirkorlik loyihasini amalga oshirish belgilanishi shart. Bu bizning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha “bandlik”, “innovasiya” va “investisiya” dasturimiz bo‘lib xizmat qiladi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari hamda sektorlar rahbarlari har haftada bir marta yoshlar bilan uchrashib, ularning g‘oya, taklif va tashabbuslarini eshitib, muammolarini hal qilishga mas’ul va javobgar bo‘ladi.

Ikkinchidan, bugungi kunda oliy ma’lumot talab qiladigan 80 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari mavjud. Misol uchun, transport, geologiya, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, sport sohalarida bilim va malakasi yetarli bo‘laturib, oliy ma’lumoti yo‘qligi uchun minglab yoshlarimiz ishga kira olmayapti.

Shu bois joriy yilda oliy ma’lumot talab etadigan kasb va lavozimlar qayta ko‘rib chiqiladi hamda ularning kamida 150 tasi bo‘yicha bunday talab bekor qilinadi. Bunday yengillik tufayli 10 mingdan ortiq yoshlar ishga joylashadi.

Uchinchidan, maktablarning 10-11-sinf o‘quvchilarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb va hunarlarga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Bu borada Andijon viloyatida jami 41 ming maktab bitiruvchilarining 25 ming nafarini kasb-hunarga o‘rgatish orqali bandligini ta’minlash bo‘yicha shakllangan tajriba barcha hududlarda keng qo‘llanishi kerak.

Bundan buyon maktab bitiruvchisiga attestat berishda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kamida bitta kasb yoki hunarni egallash majburiy qoida bo‘ladi. Bu tizim davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat ta’lim tashkilotlari bilan birga yo‘lga qo‘yiladi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari har yili 1 sentyabrga qadar maktablar kesimida 10-11-sinf o‘quvchilarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitish bo‘yicha ro‘yxat va dasturni mahalliy kengashlarda muhokama qilib, tasdiqlaydi. Parlamentimiz palatalari ushbu talabni qonun darajasida mustahkamlashi maqsadga muvofiq bo‘lur edi.

O‘ylaymanki, ushbu tashabbusni barcha ota-onalar qo‘llab-quvvatlaydi. Chunki, kasb-hunar egallagan inson birovga muhtoj bo‘lmaydi, buzg‘unchi g‘oyalarga berilmaydi, hayotda albatta o‘z yo‘lini topadi.

To‘rtinchidan, qishloqlarda yashayotgan 230 mingdan ortiq ishsiz yoshlarga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun joriy yilda 61 ming gektar yer maydonlari ajratildi. Shuningdek, g‘alladan bo‘shagan yerlardan yana 75 ming gektari 170 ming nafar yoshlarga takroriy ekin ekish uchun berildi.

Joriy yilda boshlagan yer islohotimiz doirasida paxta va g‘alladan qisqaradigan maydonlarda oziq-ovqat ekinlari yetishtirish uchun yerlarni 10 yil muddatga ijaraga berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shu tariqa viloyat va tuman hokimlari, sektor rahbarlari uchun yana 500 ming nafar yoshlarni doimiy ish bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi.

Beshinchidan, yoshlarga beriladigan imtiyozli kreditlar va lizing asosida 50 mingdan ziyod yengil konstruksiyali zamonaviy avtoservis, maishiy xizmat, chakana savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari barpo etiladi.

Bunda hokimlar va sektor rahbarlari Kasaba uyushmasi va Buxoro viloyati hokimligi boshlagan Olot tajribasini o‘z hududida yo‘lga qo‘yishlari shart.

Oltinchidan, axborot texnologiyalarini rivojlantirishga alohida ahamiyat beramiz.

Shu maqsadda joriy yil yakuniga qadar Qoraqalpog‘iston, Andijon, Samarqand, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida yoshlar texnoparklari foydalanishga topshiriladi.

Kelgusi yili Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Farg‘ona, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida ham shunday texnoparklar barpo etiladi. Shuningdek, yoshlarning startap g‘oyalarini saralab olishning ochiq-oshkora tizimi yo‘lga qo‘yilib, eng yaxshi loyihalarni moliyalashtirishga byudjetdan 100 milliard so‘m mablag‘ ajratamiz.

Viloyat hokimlari yoshlarning “Biznesga birinchi qadam” startap loyihalari tanlovini joriy etib, har bir tumandan kamida uchtadan g‘oliblarga mahalliy byudjetdan grantlar berib boradi. Bitta grantning summasi o‘rtacha 50 million so‘mni tashkil etadi. Bu ishlarni samarali tashkil etishga Axborot texnologiyalari va Innovasiion rivojlanish vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi hamda ularning quyi tuzilmalari mas’ul bo‘ladi.

Yettinchidan, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va ularning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash Milliy bank raisi A.Mirsoatov va bankning barcha filiallari rahbarlarining asosiy vazifasi etib belgilanadi.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Qadrli yoshlar, aziz farzandlarim!

Men bugun sizlarning intellektual, ma’naviy va jismoniy salohiyatingizni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ishlarimizning faqat ayrimlari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdim, xolos. Hammamiz tushunamizki, oldimizda turgan ulkan vazifalar yana yangi dastur va rejalar qabul qilishni talab etadi. Joylarda vazirlik va idoralar rahbarlari, hokimlar sizlar bilan doimiy uchrashuvlar o‘tkazib, fikr va takliflaringizni muntazam eshitib boradi. Ana shunday samarali tizim asosida yoshlarimizning hayotiy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ishlarimizni doimiy tarzda davom ettiramiz.

Ko‘rib turibsizlarki, sizlar bilan birgalikda bajaradigan ishlarimizning ko‘lami keng, miqyosi juda ulkan.

Biz sizlarning aql-zakovatingiz, kuch-g‘ayratingiz, kelajakka ishonchingiz, Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbatingizga tayanib, marrani nihoyatda baland oldik. Ushbu vazifalarni barchamiz birgalikda muvaffaqiyat bilan amalga oshirishimizga ishonchim komil, albatta.

Bugungi kunda ko‘pmillatli xalqimiz, Vatanimiz taraqqiyoti uchun, O‘zbekistonning yangi Uyg‘onish davrini yaratish yo‘lida belini mahkam bog‘lab, fidokorona mehnat qilmoqda. Bu yo‘lda ulkan orzu-umidlar, katta rejalar bilan safimizga qo‘shilayotgan yoshlarimiz – asosiy tayanchimiz va suyanchimizdir.

Sizlar tom ma’noda yurtimiz istiqboli, yorug‘ kelajagimiz bunyodkorisiz!

Mashhur shoirimiz Erkin Vohidov aytganidek, yoshlikdagi kuch-g‘ayratni
el-yurtiga baxsh etgan yigit-qizlardan Vatan ham, xalq ham, yoshlikning o‘zi ham rozi bo‘ladi.

Hammangizga ana shunday ulkan baxt, ulkan sharaf nasib etsin!

Sizlarni bugungi go‘zal bayram – Yoshlar kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat va yangi zafarlar tilayman.

Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz o‘g‘il-qizlarim!

Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

2 + sixteen =