O‘ZBEKISTONDA AQSHNING VEBSTER UNIVERSITETI TA’LIM DASTURLARINI AMALGA OSHIRISH MASALALARI BO‘YICHA ONLAYN MULOQOT BO’LIB O’TDI

17.07.2020

2020-yil 17-iyul kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) tomonidan O‘zbekistonda AQShning Vebster universiteti ta’lim dasturlarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha onlayn muloqot tashkil etildi.

Zoom dasturi orqali o‘tkazilgan ushbu anjumanda Vebster universiteti ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazi ijrochi direktori Rasul Raxmonov, Toshkentdagi AQSh Vebster universiteti rektori Jon Greynjer, prorektor d-r Pesik, Qabul va talaba xizmati bo‘limi direktor o‘rinbosari Meggi Dankart, Biznesni rivojlantirish bo‘limi menejeri Ulug‘bek Shukurillayev, Samarqand davlat chet tillari instituti rektori Ilxomjon To‘xtasinov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Dilorom Begmatova, O‘zDJTUning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Alisher Abidjanov va Qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘limi boshlig‘i Xusanboy Yuldashev hamda bir qator mas’ul shaxslar ishtirok etdi. 

Muloqot davomida koronavirus pandemiyasi sharoitida magistratura dasturlarining amalga oshirilish holati hamda 2020/2021-o‘quv yili uchun qabul jarayonlarini tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, hozirgi kunga qadar bu borada amalga oshirilgan ishlar, qabul natijalari va istiqboldagi rejalar borasida o‘zaro fikr almashildi.

 Jon Greynjer yangi o‘quv yilida nomzodlar qabulini samarali tashkil etish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida to‘xtalib, ushbu jarayonni tezlashtirish, tanlovga imkon qadar ko‘proq talabgorlarni jalb qilish choralarini ko‘rish kerakligi haqida gapirdi.

“Ingliz tilini ikkinchi til sifatida o‘qitish” magistratura dasturi professori Vinodini Reardon 2019/2020-o‘quv yilida dasturni amalga oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, jumladan, onlayn ta’limni tashkil qilish borasidagi faoliyat va talabalarning o‘zlashtirishi borasida ma’lumot berdi. 

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori I. To‘xtasinov dasturni amalga oshirishda ko‘rsatilgan ko‘mak uchun Vebster universiteti rahbariyatiga minnatdorchilik bildirib, hozirgi pandemiya sharoitini inobatga olgan holda kontrakt to‘lovi miqdorini mavjud vaziyatga moslashtirish masalasini ko‘rib chiqish taklifini berdi. Shuningdek, bitiruvchilarning shu haftadan boshlab onlayn diplomlarni olayotganligi sababli qabul jarayoni endilikda jonlanishi mumkinligini ta’kidladi. 

O‘zDJTUning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Alisher Abidjanov Vebster universiteti bilan 2018-yildan buyon amalga oshirilayotgan hamkorlik o‘z samarasini berayotgani va yil sayin talabgorlar soni ortib borayotganligini ta’kidladi. Shu bilan birga, kelgusida O‘zDJTUda qo‘shimcha dasturlarni joriy etish taklifini ilgari surdi. Bundan tashqari, muloqot davomida O‘zDJTU tomonidan Moskva davlat lingvistika universiteti va Adigey davlat universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan qo‘shma ta’lim dasturlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, ushbu oliy ta’lim muassasalari bilan 3+1 formatida, ya’ni 3 yil O‘zDJTUda va bir yil Rossiya Federatsiyasida o‘qish sharti bilan “Lingvistika (ingliz tili)”, “Kompyuter lingvistikasi” va “Rus tili xorijiy til sifatida” bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanayotganligi, bitiruvchilar O‘zbekiston va Rossiyaning ikkita nufuzli universiteti diplomiga ega bo‘lishi haqida ma’lumot berildi. Ushbu dasturlar haqidagi ma’lumotlarni O‘zDJTU vebsaytidan olish mumkinligi ham aytib o‘tildi. 

Onlayn muloqot ishtirokchilari Vebster universiteti dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirilib kelinayotganligini e’tirof etib, kelgusida hamkorlikni yanada kengaytirish o‘z samarasini berishini ta’kidlab o‘tdilar. Tadbirda yana bir qator muhim masalalar bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi. 

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

18 − seventeen =