O’ZDJTU VA YAPONIYANING KOBE CHET TILLAR UNIVERSITETI O’RTASIDA MEMORANDUM IMZOLANDI

07.12.2022

Bugun, 2022-yil 7-dekabr kuni Oʼzbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi Kobe shahridagi (Yaponiya) Chet tillar universitetiga tashrif buyurdi. Delegatsiya aʼzolarini universitet prezidenti (rektori) Satoru Tanaka, prorektor Kaneko Yuriko va xorijiy tillar kafedrasi mudiri Toshiyuki Simizu kutib olishdi.

Kobe Chet tillari universiteti prezidenti oliy oʼquv yurtini xorijiy tillar, madaniyat va xalqaro munosabatlarni amaliy oʼqitish va nazariy tadqiq qilish boʼyicha munitsipal markaz sifatida taqdim etar ekan, oliy taʼlim sifati va fanni rivojlantirish asnosida jamiyat va mamlakat rivojiga hissa qoʼshayotganiga urgʼu berdi.

Oʼz navbatida, Oʼzbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ulugʼbek Azizov universitet faoliyati, xorij universitetlari bilan hamkorlik, xorijiy tillar, siyosatshunos va jurnalistlar tayyorlash haqida gapirib oʼtdi.

Muzokaralar davomida OʼzDJTU rus filologiyasi fakulteti dekani Nagina Ibragimova oʼz maʼruzasida taʼlimning kredit tizimi, oʼquv jarayoni, rus tili va adabiyoti yoʼnalishida tahsil olayotgan chet ellik talabalar haqida soʼzlab berdi. Kobe chet tillar universiteti talabalar almashinuvi dasturi doirasida OʼzDJTUda “Rus tili va adabiyoti” yoʼnalishi boʼyicha talabalar oʼqitishga amaliy qiziqish bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar oʼqituvchi va talabalarning stajirovkalarini tashkil etish, talabalar va magistrantlarning akademik almashinuvini yoʼlga qoʼyish, ilmiy tadqiqot va konferentsiyalar oʼtkazish, qoʼshma diplom dasturlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi hamkorlik toʼgʼrisidagi Memorandum imzoladilar.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

four + 3 =