O‘zDJTUDA YEVROPA TILLARI KUNI NISHONLANMOQDA

20.09.2019

Yevropa Kengashi va Yevropa Ittifoqi tomonidan an’anaviy tarzda 45 mamlakatda bo‘lib o‘tadigan Yevropa tillari kuni har yili O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU)da nishonlanadi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekistondagi Fransiya elchixonasining madaniyat va hamkorlik bo‘limi hamda O‘zDJTU mazkur tadbirning asosiy tashkilotchilari hisoblanadi. Yevropa Kengashi, Gyote instituti, Toshkentdagi fransuz alyansi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining ko‘plab diplomatik missiyalari kabi doimiy hamkorlar ko‘magida ushbu tadbir chet tillarni o‘rganayotgan barcha talabalar orziqib kutayotgan tillarning haqiqiy bayramiga aylanadi. Bundan tashqari, Yevropa tillari kuni bayramida Germaniya, Buyuk Britaniya, Ukraina, Gruziya, Chexiya Respublikasi, Polsha, Ruminiya, Slovakiya, Shveysariya, AQSh elchixonalarining vakillari ishtirok emoqda. Joriy yilda Yevropa tillari kuni doirasida o‘tkaziladigan asosiy tadbirlar 20-sentabr kuni O‘zDJTU bosh binosida bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekistonda keng nishonlanib kelayotgan Yevropa tillari kuni yoshlar va chet tillari o‘qituvchilari o‘rtasida yildan yilga ommabop tus olmoqda. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad — dunyodagi til va madaniyatlar xilma-xilligiga e’tibor qaratishdan iborat. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tashkillashtirilgan bu yilgi Yevropa tillari kuni bayramining faxriy mehmoni Fransiyadan taklif etilgan dramaturg Remy De Vosdir.

O’zDJTUdagi Yevropa tillari kuni tadbiri Fransiya elchixonasining madaniyat va hamkorlik bo‘yicha maslahatchisi Emili Dezormerning tantanali nutqi bilan boshlandi. So‘ng O‘zDJTU talabalarining turli tillarda chiqishlari asosida tadbir davom etdi.

Yevropa tillari kuni doirasida dramaturgiya, teatr moslashuvi va adabiy tarjimaga bag‘ishlangan “Zamonaviy dramaturgiya” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tmoqda. Unda fransiyalik dramaturg Remy De Vos, yoshlar teatri aktyori va rejissyori Obid Abdurahmonov, Ilhom teatri aktyori va rejissyori Maksim Fadeev va boshqalar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda.

Konferensiya o‘z ishini yakunlaganidan so‘ng, “Yevropa tillari kuni”ning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

twelve + twenty =