«RESEARCH COMMERCIALIZATION PROGRAM (RCP) GRANT» DASTURI YUZASIDAN AMALIY SEMINAR OʻTKAZILDI

14.12.2023

Joriy yilning 5, 7, 12 va 14-dekabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Jahon Banki “Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” (“MUNIS”) loyihasini amalga oshirish guruhi tomonidan innovatsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Research Commercialization Program (RCP)” tanlov grant dasturiga bagʻishlangan amaliy seminar oʻtkazildi. “INNO” texnoparkda onlayn va oflayn shakllarda tashkil etilgan seminarlarda jami 500 nafardan ortiq olimlar, tadbirkorlar, innovatorlar, startapchilar, konstruktor-ixtirochilar, axborot texnologiyalari mutaxassislari ishtirok etdilar.

RCP dasturi maqsadi – biznes konsepsiyasini mavjud va kichik hajmdagi prototip yaratish bosqichidagi ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar natijalarini, tijoratlashtirishga yoʻnaltirilgan loyihalarni moliyalashtirish; tijoratlashtirish salohiyatiga ega boʻlgan loyihalar uchun konsultatsion qoʻllab-quvvatlashdir.

Asosiy spikerlar sifatida Jahon Banki xalqaro maslahatchilari – texnologiyalarni tijoratlashtirish va innovatsiyalarni tatbiq etish boʻyicha xalqaro ekspert Abilay Aximbekov, venchur moliyalashtirish, texnologiyalar transferi va innovatsiyalar ekotizimini rivojlantirish boʻyicha xalqaro ekspert Yevgeniy Yevdokimov, intellektual mulkni boshqarish, innovatsion marketing, patent tadqiqotlari va texnologiyalar transferi boʻyicha xalqaro ekspert Yekaterina Runova oʻz maʼruzalari bilan qatnashdilar.

Ushbu seminarlarda RCP dasturi haqida umumiy maʼlumot berildi, hamda arizalarni topshirish, ularni koʻrib chiqish tartibi, hamda grant shartlari va talablari kabi masalalar qamrab olinadi. Tadbirlarning yakuniy qismida Q&A sessiyalari boʻlib oʻtadi va ularda ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berildi.

BIRD dasturining asosiy shartlari:

  • Grant summasi – 1 ta loyihaga $600 000 gacha;
  • Loyiha muddati va geografiyasi – 24 oygacha, Oʻzbekiston Respublikasi hududida;
  • Qoʻshma moliyalashtirish – investorning mavjudligi talab etiladi, investitsiyaning hajmi grant miqdorining kamida 25%ni tashkil etishi shart (moliyalashtirish manbai sanoat hamkori, moliyaviy sherik yoki oʻz mablagʻlari boʻlishi mumkin);
  • Tematik sohalar cheklanmagan, loyihalar fanlararo xarakterga ega boʻlishi mumkin;
  • Talabgor – loyihaning ilmiy-texnik rahbari, jismoniy shaxs (Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi talab qilinadi);
  • Loyiha jamoasida biznesni rivojlantirish boʻyicha mutaxassis boʻlishi kerak.

Ariza topshirish muddati “MUNIS” loyihasining https://wbgrants.uz/ saytida tanlov eʼlonida joylashtiriladi.