SAMARQAND DAVLAT CHET TILLAR INSTITUTI TASHKIL ETILGANIGA 25 YIL TO‘LDI

11.11.2019

Samarqand davlat chet tillar instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 8-noyabrdagi farmoni asosida tashkil etilgan.

Hozirda institut mamlakatimiz oliy va o‘rta-maxsus, xalq ta’limi tizimlari, turizm sohasi uchun yuqori malakali xorijiy filologiya mutaxassislari, gid tarjimonlar tayyorlovchi nufuzli ilm dargohi hisoblanadi.

Ayni kunda institutda 4 fakultet, 20 ta kafedra faoliyat olib bormoqda. 14 bakalavr ta’lim yo‘nalishi va 3 magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 5 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. Ularga 350 nafar professor-o‘qituvchi dars beradi. O‘z navbatida xorijlik talabalar ham o‘zbek tilini o‘rganish maqsadida institutga kelib tahsil oladi. Masalan, har yili 10-20 nafar germaniyalik talaba institutda o‘zbek tilini o‘rganadi. Institut rektorining aytishicha, ular bir oy ichida o‘zbek tilida gapira boshlaydi. Chet ellik talabalarda til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq juda kuchli.

– Dunyo miqyosida yetti mingta til bo‘lsa, ular orasida o‘zbek tili ham o‘z munosib o‘rniga ega, – deydi Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilhomjon To‘xtasinov. – Jamoa bilan birgalikda o‘zbek tilining 18 ta durdona, badiiy asarlarini ingliz tiliga tarjima qilyapmiz. Masalan, Oybekning “Navoiy” romanini xorijiy tilga o‘girdik. Tarixiy asar bo‘lganligi sababli tarjima jarayonida ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelindi. Xorijliklar bizning tariximiz, madaniyatimiz, urf-odatlarimiz haqida ko‘proq bilishini istaymiz.

Yigirma besh yillik davr ichida institut nafaqat respublikada, balki xorijiy oliy ta’lim muassasalari orasida ham tanildi, ular bilan hamkorlik kelishuvlari imzoladi.

Bugun oliy ta’lim muassasasi Janubiy Koreya, Rossiya, Xitoy, Germaniya kabi o‘nlab davlatlar bilan hamkorlik aloqalari olib bormoqda. Institut axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni paytda institutda 20 nafardan ortiq xorijlik professor-o‘qituvchilar talabalarga dars bermoqda.

Manba: uza.uz

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

18 − thirteen =