TDIUDA XORIJIY TILLARNI INTENSIV O‘QITISH MARKAZI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI

01.05.2019

Joriy yilning 30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan hamkorlikda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Xorijiy tillarni intensiv o‘qitish markazining ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbir ochilishida Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Kristofer Allan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov, “El-yurt umidi” jamg‘armasi raisi Adham Bekmurodov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Bahodir Xodiyev so‘zga chiqib, mazkur Xorijiy tillarni intensiv o‘qitish markazi dunyoning yetakchi oliy va ilmiy ta’lim muassasalarida malaka oshirish, magistratura va doktorantura dasturlarida tahsil olishlari uchun keng imkoniyat yaratishini qayd etib o‘tdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasining dasturlari bo‘yicha kadrlarni o‘qitishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unda “El-yurt umidi” jamg‘armasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamkor tashkilotlar ko‘magida 2019 yilning 1 apreliga qadar hududlarda “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalarini olishga nomzodlarni xorijiy tillarga intensiv o‘qitish kurslarini tashkil etishi belgilangan edi.

Qaror ijrosi doirasida 2019 yilning 5 mart sanasida “El-yurt umidi” jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligining qo‘shma qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, Respublikamizning 22 ta tayanch universitetlaridagi Kasbiy rivojlanish markazlarida til o‘qitish xablari tashkil qilindi.

Shuningdek qarorda, jarayonga mutaxassislarni jalb qilish, tinglovchilar kontingentidan kelib chiqqan holda, o‘quv kurslarini tashkil etish uchun ajratilgan auditoriyalarning moddiy-texnik bazasini shakllantirish kabi barcha tashkiliy jarayonlar “El-yurt umidi” jamg‘armasi va oliy ta’lim muassasalari tomonidan to‘liq moliyalashtirilishi belgilandi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2019 yilning 1 mayidan boshlab rasman tinglovchilar qabulini boshlovchi markaz 500 m2 maydonda joylashgan. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 100 nafar tinglovchi til bilish darajalarini yaxshilash imkoniga ega bo‘lishadi. Avvaliga markazda darslar ingliz, nemis va fransuz tillari bo‘yicha, keyinchalik esa yana qo‘shimcha tillar ham joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Ayni kunlarda ta’limga jalb qilingan mutaxasssis-trenerlar soni 5 nafar.

Kurslar dasturi O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi mutaxassislari, Toshkent xalqaro Vestminster universiteti mutaxassislari xamda chet tillarni o‘qitish bo‘yicha Buyuk Britaniyalik mutaxassis Rod Bolayto bilan birgalikda yaratilgan. Umumevropa til kompetensiyalari talablari va Respublikadagi OTMlardan 300 ga yaqin professor-o‘qituvchilar bilan o‘tkazilgan so‘rovnoma va intervyularda berilgan takliflarni inobatga olgan holda hamda zamonaviy o‘quv adabiyotlar, onlayn o‘qish imkoniyatlarini keng qo‘llagan holda tuzilgan kurs 4 oyga mo‘ljallangan aralash (Blended-Distant), ya’ni auditoriya va onlayn modullaridan iborat.

Kursning onlayn modulini tashkil etish maqsadida oliy ta’lim tizimidagi professor-o‘qituvchilar uchun Oliy va o‘rtma maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi Elektron ta’limni tatbiq etish markazi saytida maxsus yenglish.edu.uz platformasi yaratildi va interaktiv topshiriqlar bilan boyitilmoqda. Bundan tashqari, o‘quv kurslarida British Council (Britaniya Kengashi), Alliance Francaise (Fransuz Alyansi), Geothe Instit (Gyote instituti) kabi xalqaro tashkilotlarning malakali trenerlari ham ishtirok etishi rejalashtirilyapti.

Ma’lum qilinishicha, huddi shu turdagi markazlar yaqin kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Buxoro va Samarqand viloyatlarida ham ish boshlaydi.

Manba: edu.uz

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

five × five =