TIL HAQIDA KO‘NGLIMDA BORI

24.02.2023

TIL HAQIDA KO‘NGLIMDA BORI.
(Haqiqat uchquni yolg‘on alangasidan issiqroq…)

Insonlar so‘zlashni boshlashidan ham oldin bir-birlari bilan muloqot qila olishgan. Hozirda ham so‘zlash imkoniyatiga ega bo‘lmagan hayvonlar bir-birlari bilan muloqot qila olishadi. Til ham o‘zaro muloqotning bir ko‘rinishi xolos. Faqat munosabatlar va ma’lumotlar almashinuvining boshqa ko‘rinishlaridan anchayin osonroq bo‘lganligi uchun biz hanuz yaqinlarimiz bilan uzuq-yuluq tovushlar-u beso‘naqay gavda harakatlari bilan suhbatlashmayapmiz. Tabiiy, suv soyliqqa oqadi.

Harki rivojlanish, oldinga qadam zamirida bir jihat yengil va oson hayotga erishish istagi yotibdi. Bu qonuniyat tiriklikning bu jabhasida ham o‘z so‘zini aytgan: Biz so‘zlashyapmiz… Suv erki qancha ko‘proq o‘zida bo‘lsa, u shunchalar pastlikka yetgan bòladi. Mana ne-ne tog‘lar nurab, yangilari vujudga keldi, sahrolar joy almashdi. Suv esa shunchalar pastroqda… G‘alati-ya, insonlar ko‘paygani sayin tillar soni kamayib bormoqda ekan.

O‘rtacha hisobda, har ikki haftada bitta til “o‘larkan”. Yuqoridagi qonuniyat yana o‘z so‘zini aytmoqda: nima qiladi hamma har xil tilda muloqot almashib? Undan ko‘ra, barcha uchun bitta muqobil tilni qoldiraylik, yana-da yengillashadi. Yana qaytaraman: “yengillshadi”. Ha, mantiqda to‘g‘ri xulosa. Xo‘sh, qaysi til eng muqobil bo‘lishi kerak. To‘g‘ri topdingiz, ingliz tili. Mana nega hozir ingliz tiliga bo‘lgan qiziqish, uni o‘rganuvchilar sonining ko‘payib borishining tub ildizi. Bu fikrga qarshi chiqish – mantiqsizlikka yaqin…

Obbo, mendan qanday mavzu kutilgandi-ya? Men nimalar deyapman? Hozir men o‘zbek tilini g’ururlanib, o’zim ham to’liq tushunib yetmagan Vatan tuyg’usi bilan bog’lab madh qilishim kerak. Men esa… Hozir-hozir, siz kutgan tomonga o’taman. Oldin bir narsani iltimos qilsam.

Yo‘q-yo‘q, ko‘p vaqt olmaydi. Shunchaki yoningizdagilarga qarang, ha, shunchaki qarang (agar yolg‘iz bo‘lsangiz, eng yaqin hamsuhbatlaringizni eslang). Qaysilaridir sizdan ilg‘or, ildam; qaysilaridir bu jabhada maqtanisha olmaydi. O‘rinli savol: “Nima?” Sizdan mutloq yaxshi, ustun odam bormi? Sizdan mutloq yomon, qoloq insonlar-chi? Ishoning, agar menga topib bera olsangiz …bitta osh mendan.

Aytmoqchimanki, kimningdir qay jabhasida shirasi, qayerlaridadir esa taxiri bor. Aynan, o‘sha taxir va shiraliklar tufayli biz bizmiz, boshqa emas. Qaysidir yutuqlar kimnidir bizdan yuqori, yoinki bizni kimdandir yuqori qilib qo‘ya olmaydi.

Taxir va shiraning aynan hozirgi kombinatsiyasidan iborat ekanligimiz uchun biz ko‘zgudagi aksimizning egasimiz, ko‘zgu burchagidan ko‘rinib-ko‘rinmay qolayotgn allakim emas.

Barchamiz yeyishimiz, ko‘z olarlik kiyinishimiz kerak. Deyarli hammamiz bir kunda biron bo‘lak non istemol qilamiz, qandaydir rangda ko‘ylak kiyamiz. Lekin bu nondan boshqa iste’mol mahsulotlarni nafsingizga chiqarmaydi, kiyim-boshda ham shunga o‘xshash.

Aytmoqchimanki, til iste’molining ham yuqoridagilardan unchalik katta farqi yo‘q. Qaysidir tilning ommabopligi, “serto‘yimliligi”, oson “hazm bo‘lishi” ham boshqa til iste’molariga daxl qilmasligi kerak. Tillar ham biz kabi: aynan taxir va shiraning hozirgi jamlanmasi o‘sha tilni boshqa tillaridan ajratib turadi, to‘g‘riroq aytganda, tilni aynan o‘sha til qiladi. Xuddi o’ziga xos qora va oqliklar chaplanmasi bizni biz qilgandek.

Men chin dildan aytamanki: men o‘sha eng muqobil tilni yagona til bo‘lishiga qarshilik qilmayman, agar siz sizdan ko‘ra “mazaliroq” sherigingizni o‘zingizdan chin ma’noda ustun deb sanasangiz, o‘zingizni undan qolarlik ba’zi jihatlaringiz sabab jismonan mavjud emas deb hisoblasangiz. Xo‘sh-xo‘sh… shunday ekan nega men ba’zi bir sabablarga ko‘ra eng muboqil bo‘la olmagan tilimni “jismonan” mavjud emas deb hisoblashim kerak. Menga shuni tushuntirib bering.

Men yolg‘onchi emasman: o‘zimni hurmat qilaman. Hech qachon tilimni dunyodagi eng zo‘r, yoxud buyuk degan o‘zim ham ishonmas so‘zlarga ro‘baro qilmayman. Garchi bu qisqa yo‘l yutuqli manzilga ertaroq yetkazsa ham. Men shunchaki: tilim – men uchun eng ulug‘idir ta’rifini bera olaman. Tilim eng ulug‘vor bo‘lganligi uchun emas, shunchaki bu mening tilim bo‘lganligi va bu fikrni men aytganim uchun shunday, xolos.

Bir sirni aytaymi?! Ishoning, buni siz ham bilasiz? Har yili bir vaqtning o’zida yurtimiz bo‘ylab ona tilim, o‘zbek tili degan so‘zlarning ko‘payib qolishi, ijtimoiy tarmoqlarda Muhammad Yusufning “Ona tilim” she’rining bot-bot eslanayotganligi, Adiblar xiyobonida sermehr yoshlardan boshqalarning ham ko‘rinib qolganligi, mening qandaydir ilinjda bu maqolani yozayotganim, sizning “chuqur hafsala” bilan bu “g‘alati” jumlalarga chidayotganligingiz – barcha-barcha serjilo soxtaliklarning yagona sababi – 21-oktabr.

Rosti, shuncha gapdan so‘ng nima bilan davom ettirishimni bilmay qoldim.

Men tilimni sevaman, unchalik yordan orttirib emas-ku, lekin juda sevaman. Men ham tilimning jahon minbarlaridan yangrashini, “shirasi” ko‘proqlar uning “shirasi”ni ko‘proq ko‘rishini, eng muqobil til bo‘lmasa ham o‘z o‘rni mavjud til bo‘lishini xohlardim. Agar bunga o‘zimga ham ortiqchalik qiladigan fikrlarim zarrachada ko‘mak bera olsa, qop-qoplab berishga tayyorman.

O‘z tilini sevish – o‘zga tillarga bo‘lgan qiziqishni bo‘g‘ib qo‘ymasligi kerak. Faqatgina qulog‘ingizga eshitilgan ilk so‘z, tilingizdan chiqqan elas-elas tushunilgan dastlabki so‘zlar o‘zbek tilida bo‘lganligi, qachondir ertaga omonatni qaytargach xalq qalbida qolarlik yodlar (agar nasib etsa) ona tilingizda bo‘lishini hech qachon ututmasligingizni so‘rab qolardim. Til – vosita. Boshqa tilni bilish orqali siz yana bir inson imkoniyatlarini qo‘lga kiritasiz. Ya’ni o‘zbek tilini bilish o‘zbek tilini biladigan har qanday inson erishishi mumkin bo‘lgan yutuqlarga erisha olish imkoni beradi. Yana boshqa tilni bilish ham shunday: o‘sha xorijiy tilni bilgan har qanday inson erishishi mumkin bo‘lgan muvaffaqiyotni takrorlash imkoniyatini òzingizga qòshib olasiz. Ajoyib-a, siz bittada ikki odamsiz…

Qarshiboyeva Kamola Muhammad qizi
O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti,
Media va kommunikatsiya fakulteti 2-bosqich talabasi

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

four × two =