Dilshoda Mahmudova, 41 yoshda. 10 yildan buyon Yashnobod tumanidagi 342-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ingliz tili o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Bundan tashqari, 2018-yilda tashkil etilgan “Radiant” o‘quv markazi asoschisi. Hozirda shogirdlari turli litsey va oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida tahsil olmoqda. Uning o‘quvchilari har yili fan olimpiadalarida yuqori o‘rinlarni egallab keladi. “Agar men o‘zim qiziqqan yo‘nalishda o‘qimaganimda, hozirgi kungacha erishgan yutuqlarim orzu bo‘lib qolar edi”, — deydi Dilshoda Mahmudova.
— Hozirgi zamon avlodini chet tilini o‘rganish borasida tez o‘rganuvchi va tez unutuvchi deb aytsak ham bo‘ladi. Bunga sabab nima deb o‘ylaysiz?
— “Inson” arabcha so‘z bo‘lib, “unutuvchi” degan ma’noni anglatadi. O‘quvchilar asosan OTMga kirish yoki IELTS sertifikatini olish maqsadida til o‘rganishmoqda. Natijada juda kam o‘quvchilargina maqsadlariga erishgandan so‘ng o‘z ustida ishlashni davom ettirmoqda, aksariyati esa boshqa sohalarga qiziqib, o‘rgangan tilini rivojlantirmasdan borini ham unutmoqda.
— O‘quvchilarning yangi tilni o‘rganish darajasi turlicha bo‘ladi. Bunday holatlar uchun sizning qanday o‘qitish usullaringiz mavjud?
— Men asosan boshlang‘ich sinflarga dars beraman. Bolalar bilan ishlash juda maroqli. Chunki yangi bilim olishga tashna bolalarning ko‘zlari har doim yonib turadi. Ular bilan birga qo‘shiq kuylayman va turli xil o‘yinlar vositasida ularga ingliz tilini o‘rgataman. Asosan, ko‘rish, tinglash va amalda bajarish orqali ingliz tiliga bo‘lgan mehrlarini oshirishga harakat qilaman.
— Sizning metodlaringiz samarasi qanday bo‘lyapti?
— Bolalarning yuqorida aytib o‘tgan usullar bilan yangi tilni o‘rganishdagi qiziqishlari oshib bormoqda. Asosan, bir-birlaridan o‘rganishlariga muhit yaratib beraman. Fikrimcha, o‘quvchilar o‘z ustozini yaxshi ko‘rib qolishlari, o‘sha fanga qiziqishlariga sabab bo‘ladi. Sinf xonasiga kirishim bilanoq, bolajonlar xursand bo‘lib ketadi. Dars yakunida oldimga yugurib kelib quchoqlab olishadi. O‘rtamizdagi iliq munosabat ularning darsimga bo‘lgan intilishlarini yana ham orttiradi, deb o‘ylayman.
— Sizning baholash mezonlaringiz qanday, ya’ni ba’zi o‘quvchilar tez, ba’zilari esa sekin o‘zlashtiradi?
— O‘zlashtirishi juda yaxshi bo‘lgan o‘quvchilarim uchun baholashdan tashqari kichik qog‘ozga maslahat yoki fikr yozib berish usulini ham qo‘llayman. Ozgina harakati orqali yaxshi baho olgan o‘quvchi yana o‘z ustida ishlaydi, deb bilaman. Shuning uchun bahoni yuqori qo‘yishga harakat qilaman. Bundan tashqari, qizil va yashil olma shaklidagi chiroyli qog‘ozlar (stikerlar)ga «The Best Pupil», ya’ni “eng yaxshi o‘quvchi” deb, o‘z dastxatimni qo‘yib, eng faol ishtirok etgan o‘quvchilarga esdalik uchun beraman. Bu usul dars jarayonida juda qo‘l keladi, negaki ushbu olmachalarga sazovor bo‘lish uchun ular yanada darsda yaxshi qatnashishga harakat qiladi.
— Dars jarayoniga o‘quvchilar o‘z qiziqishlari bilan ishtirok etishadimi yoki shunchaki “yaxshi baho” olish uchunmi?
— Ba’zi o‘quvchilar bor, har bir bajargan mashqini baholashimni xohlaydi, ba’zilari esa chindan ham ingliz tilini juda yaxshi ko‘rishadi. Musiqa maktabini tamomlaganim ba’zi hollarda foyda beradi. Misol uchun, 1-sinf o‘quvchilariga musiqa orqali yangi so‘zlarni o‘rgataman va ular ham tez yodlab olib, kuylab yuradi.
— Shogirdlaringizning natijalari sizni qanchalik quvontiradi?
— Dars davomida tushuntirgan mavzuimni o‘quvchi anglayotganini sezsam, juda xursand bo‘lib ketaman. Ular yaxshi natijalarga erishsa, boshim osmonga yetadi. Har bir o‘quvchim mening fanimni a’lo darajada bilishi shart emas, asosiysi o‘rganayotgan bilimini zavq bilan qabul qilsin. O‘quvchilarimning erishgan yutuqlariga kelsak, 2018-yilda o‘quvchim D. Mahmudova Toshkentdagi Vestminister universitetiga talabalikka tavsiya etildi. 2021-yili S. Sabirova O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi. 2019–2021-yillari F. Kariyeva maktablararo o‘tkaziladigan fan olimpiadasining tuman va viloyat bosqichlarida 1- va 2-o‘rinlarni egallab, bu yildan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida davlat granti asosida tahsil olmoqda. Shu kabi natijalarni o‘quvchilarim bilan bardavom qilishga harakat qilyapman.
— Mazmunli suhbat uchun rahmat. Kelgusi ishlaringizda rivoj tilab qolamiz.
Saida Sabirova suhbhatlashdi,
O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti 3-bosqich talabasi
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.