TOSHKENT SHAHRIDAGI AMITI UNIVERSITETINING OCHILISH MAROSIMI BO’LIB O’TDI

25.09.2019

Joriy yilning 24-sentabr kuni Toshkent shahridagi Amiti universitetining ochilish marosimi o‘tkazildi.

Ushbu xorijiy universitet O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Hindistonning Amiti universiteti hamkorligida tashkil etildi.
Ochilish marosimida o‘qishga qabul qilingan talabalar va ularning ota-onalari, jamoatchilik vakillari, shuningdek, Hindistonning Amiti universitetidan mehmonlar, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbariyati, soha korxona va tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etishdi.

Tantanali marosimda ta’lim muassasasi prezidenti Atul Chauxan hamda AKT vaziri Shuhrat Sodiqov so‘zga chiqishib, mamlakatimizda AKT yo‘nalishida yana bir oliy ta’lim dargohi ochilishi, unga qabul qilingan ilk talabalarni yangi o‘quv yili bilan tabriklashdi. Universitet o‘qituvchilariga omad tilashdi.
Oliy ta’lim muassasasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, jumladan, kompyuter va dasturiy injiniring, sun’iy intellekt va menejment sohalarida mutaxassislar tayyorlaydi. Toshkentdagi Amiti universitetida mahalliy pedagog-mutaxassislar bilan birga hindistonlik 15 nafar professor-o‘qituvchilar talabalarga bilim berishadi.

Ma’lumot o‘rnida:
Amiti universiteti Hindistonda yetakchi xususiy oliy ta’lim muassasasi hisoblanib, unda 150 mingdan ziyod talaba tahsil oladi. Ta’lim muassasasining bosh korpusi Noida shahrida joylashgan bo‘lib, uning 11 ta shaharda kampuslari mavjud. Shuningdek, Nyu-York, London, Dubay, Singapur, Xitoy, JAR va jahonning boshqa shaharlarida filiallari faoliyat yuritadi.

Manba: xabar.uz

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

20 + пять =