USAID O‘ZBEKISTONDA AKT VA INGLIZ TILINI O‘QITISHNI RIVOJLANTIRISH UCHUN GRANT TAQDIM ETADI

16.05.2019

AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistonda xalq ta’limi sohasidagi islohotlarni amalga oshirish, xususan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda ingliz tilini o‘qitishni rivojlantirish uchun $19,5 million (165 milliard so‘m) miqdorida grant taqdim etish haqida qaror qabul qildi. Mazkur ma’lumot AQSh hukumatining www.grants.gov veb-saytida e’lon qilindi.

Ushbu mablag‘lar maktab boshqaruviga, o‘quv qo‘llanmalarni takomillashtirishga hamda o‘qituvchilarning mazkur o‘quv qo‘llanmalardan ta’lim jarayonida foydalanish bo‘yicha bilimlarini oshirishga sarflanadi. Qolaversa, mazkur loyiha yordamida ta’lim muassasalarida shaffoflik ta’minlanib, maktab boshqaruvini rivojlantirish usullari va strategiyasi ishlab chiqiladi.
Xususan, loyiha Xalq ta’limi vazirligining o‘quvchilarning axborot texnologiyalari sohasida bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan “IT Nation” tashabbusini amalga oshirishda ilmiy asoslangan strategiya yaratishda ko‘mak beradi.

E’tiborlisi, ushbu loyiha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan besh tashabbusning uchinchi qismini amalga oshirish hamda yangi tizimda ijtimoiy, ma’naviy va ma’rifiy ishlarni tashkil etishda o‘z hissasini qo‘shadi. Eslatib o‘tamiz, besh tashabbusning uchinchi yo‘nalishi aholi va yoshlarni kompyuter hamda internetdan samarali foydalanishini tashkil etishga qaratilgan.

Ta’kidlash joizki, ta’lim sohasidagi muammolardan biri o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini ob’ektiv baholash vositalarining yo‘qligidir. USAID agentligi ko‘magida yurtimiz umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflarida o‘qish va matematika (EGRA i EGMA) fanlari bo‘yicha tadqiqot ishlari olib boriladi. Ushbu tadqiqotlar o‘g‘il-qizlarning bilimidagi bo‘shliqlarni aniqlashga yordam beradi va ushbu muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘radi.

Shuningdek, USAID agentligi mazkur loyiha davomida Xalq ta’limi vazirligiga zamonaviy ta’lim usullarini joriy etish yo‘llari bilan bir qatorda mamlakatimiz maktablarida ingliz tilini o‘qitishni takomillashtirishga qaratilgan “English speaking nation” dasturini amalga oshirishda yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, taqdim etilgan mazkur grant Xalq ta’limi vazirligi hamda AQSh hukumati o‘rtasidagi ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik doirasida amalga oshirilgan dastlabki loyihalardan biri hisoblanadi.

Ushbu hujjatni Xalq ta’lim vaziri Sherzod Shermatov hamda Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha davlat kotibining o‘rinbosari, elchi Elis Uells, shuningdek, AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) rahbarining Markaziy va Janubiy Osiyo buyicha o‘rinbosari yordamchisi Xaver Pedra joriy yilning 27 fevralida Toshkent shahrida imzolagan.

Manba: uzedu.uz

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

five × 5 =