XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA: “XORIJIY TILLARNI O‘QITISHDA BAHOLASH: YUTUQLAR, MUAMMOLAR VA YECHIMLAR”

06.04.2021

Joriy yilning 9-10-aprel kunlari O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zDJTU, Chet tillarni o‘qitishning innovatsiyaviy metodikalarini rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy markazi va AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida “Xorijiy tillarni o‘qitishda baholash: yutuqlar, muammolar va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkaziladi.

Anjuman doirasida uzluksiz ta’lim tizimida chet tillarni o‘qitishdagi muammo va yechimlar, zamonaviy yondashuvlar, ingliz tili bo‘yicha o‘quv dasturlari va materiallarini yaratish, chet tili bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni baholash, mutaxassislik fanlarini chet tilida o‘qitishning zamonaviy metodlari (CLIL, CBLT, EMI, CBI), malakalar integratsiyasi, madaniyatlararo muloqot, boshlang‘ich maktablarda chet tillarini o‘qitish holati, chet tillarni o‘qitishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, ko‘ptillilik muhitida chet tillarini o‘qitish borasidagi xorijiy tajriba va zamonaviy tendensiyalar kabi dolzarb masalalar muhokama qilinadi, o‘zaro fikr almashiladi hamda muhim taklif va tavsiyalar ilgari suriladi.

Mazkur tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad oliy ta’lim sohasida xorijiy tillarni o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish hamda uni keng targ‘ib qilishdan iborat. Bularning barchasi uzluksiz ta’lim tizimida chet tilini o‘qitishning lingvistik, pragmatik, didaktik va yana bir qancha samarali yo‘nalishlari nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, amaliy tadqiqotlarning dolzarb masalalari hamda ularni ilmiy va ta’lim muhitida joriy qilish muhokama qilinadi.

Konferensiyada respublikamizning 12 viloyatidan oliy, o‘rta maxsus va xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan 100dan ortiq malakali chet tili o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar, shuningdek, AQSh elchixonasining ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha maslahatchisi Joan Kramb, AQShlik 20dan ortiq ingliz tili mutaxassislari, Gyote instituti va boshqa bir qator xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy universitetlar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Anjuman umumiy yalpi yig‘ilish, sho‘balar yig‘ilishi va kichik guruhlarda bo‘lib o‘tadi.
Xalqaro konferensiya yakunida tadbir tashkilotchilari tomonidan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirish marosimi tashkil etiladi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya haqida batafsil ma’lumot uchun AXBOROT XATI

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

два × два =