YANGI OʻZBEKISTON DEMOKRATIK OʻZGARISHLAR, KENG IMKONIYATLAR VA AMALIY ISHLAR MAMLAKATIGA AYLANMOQDA

17.08.2021

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovning savollariga javoblari.

Savol. Muhtaram Prezident, avvalo, gazetamiz uchun intervyu berishga rozilik bildirganingiz uchun Sizga minnatdorlik izhor etamiz.

Maʼlumki, keyingi besh yil davomida mamlakatimizda keng miqyosdagi demokratik oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. “Yangi Oʻzbekiston” degan tushuncha real voqelikka aylanmoqda. Siz davlat boshligʻi, ana shu ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning tashabbuskori va ularning markazida turgan islohotchi rahbar sifatida bu yangilanishlarning mazmun-mohiyatini birinchi navbatda nimalarda koʻrasiz?

Javob. Avvalo shuni aytish kerakki, oʻz yurtida ozod va erkin hayot, adolatli jamiyat barpo etishdek ulkan maqsadni oʻz oldiga qoʻygan har qanday xalq, har qanday millat ogʻir, mashaqqatli va murakkab taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtadi.

Kelajakka katta umid va ishonch bilan qarab, hamisha sabr-matonat bilan yashagan oʻzbek xalqi ham 1991-yil 31-avgustda muqaddas orzusiga erishdi – jonajon Vatanimiz oʻz davlat mustaqilligini qoʻlga kiritdi.

Nasib etsa, yana sanoqli kunlardan keyin ana shu qutlugʻ sananing 30 yilligini ulkan shodiyona sifatida keng nishonlaymiz.

Bu shonli bayram oldidan mamlakatimizda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Joylarda keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari shiddat bilan olib borilmoqda. Jumladan, poytaxtimizga tutash 100 gektardan ortiq ulkan hududda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi hamda betakror Mustaqillik majmuasi jadal surʼatlar bilan bunyod etilmoqda. Nasib etsa, bu yil eng ulugʻ, eng aziz bayramimizni mana shu yangi maydonda oʻtkazamiz.

Hech shubhasiz, istiqlol yillarida yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yoʻlida tarixiy ishlar amalga oshirildi, mard va olijanob xalqimizning bukilmas irodasi va ulkan salohiyati bilan katta marralar zabt etildi. Tarixan qisqa muddatda mamlakatimiz Konstitutsiyasi – Asosiy qonunimiz ishlab chiqildi va qabul qilindi. Vatanimiz suveren davlat sifatida jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egalladi. Oʻzbekistonda zamonaviy davlatchilik asoslari yaratilib, konstitutsiyaviy tuzumga asos solindi. Davlat hokimiyatining uchta mustaqil tarmogʻi – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari qaror topdi. Tom maʼnodagi konstitutsiyaviy davlat barpo etildi.

Oʻzbekiston Respublikasining suvereniteti va davlat mustaqilligini, sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti hamda milliy manfaatlarimizni ishonchli himoya qilishga qodir boʻlgan Qurolli Kuchlar tashkil etildi. Milliy valyutamiz – soʻm joriy etildi va oltin-valyuta zaxiralarimiz shakllantirildi.

Qadimiy tariximiz, boy madaniy merosimiz, milliy-diniy qadriyatlarimiz, oʻzligimiz tiklandi.

Mana shunday unutilmas tarixiy jarayonlarda faol ishtirok etish nasib etganidan baxtiyorman.

Mustaqil taraqqiyot borasida erishgan ulkan yutuqlar bilan birga, yoʻlimiz ayrim xato va kamchiliklardan ham xoli boʻlmaganini ochiq aytish lozim. Mustabid tuzumdan voz kechib, demokratik jamiyat barpo etishga qaratilgan jarayonlar, murakkab va tahlikali davrning oʻzi turli muammo va vazifalarni oldimizga koʻndalang qoʻydi. Ularni muvaffaqiyatli hal etish uchun bilim va tajribamiz, iroda va qatʼiyatimiz baʼzan yetsa, baʼzida yetmagan holatlar ham boʻldi.

Shu bois mamlakatimiz taraqqiyotini yangi, yuksak bosqichga koʻtarish, buning uchun yangi islohotlarni amalga oshirish obyektiv zarurat, eng muhim strategik vazifaga aylandi.

Darvoqe, “yangi” degan soʻzning biz uchun alohida ahamiyati bor. Masalan, eng koʻhna bayramlarimizdan biri Navroʻz – Yangi kun deb atalishini esga olaylik. Ushbu qadimiy bayram bilan bogʻliq qadriyat va anʼanalar hayotimizga shu qadar singib ketganki, xalqimiz asrlar davomida, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy aytganlaridek, “Har tuning qadr oʻlubon, har kuning boʻlsin Navroʻz!” degan ezgu tilaklar, pok niyatlar bilan yashab keladi.

Yoki oʻtgan asrning boshlarida yurtparvar, millatparvar bobolarimiz “jadidchilik”, yaʼni, yangilanish va erkinlik, adolat va tenglik, ilm-maʼrifat va milliy oʻzlikni anglash gʻoyalarini bayroq qilib, kurash maydoniga mardona chiqqanlarini barchamiz yaxshi bilamiz. Bu ulugʻ zotlarning maqsadi – jaholat va qoloqlik girdobida qolib kelayotgan Turkiston xalqini dunyoviy ilm-fan, ilgʻor kasb-hunarlar bilan qurollantirib, umumbashariy rivojlanish yoʻliga olib chiqishdan iborat edi.

Jadidlar tomonidan tashkil etilgan yangi usuldagi maktablar, teatr, kutubxona va muzeylar, gazeta va jurnallar, Turkiston farzandlarini chet ellarga oʻqishga yuborish maqsadida tuzilgan xayriya jamiyatlari xalqimizni necha asrlik gʻaflat uyqusidan uygʻotdi, milliy ozodlik harakati uchun beqiyos kuch berdi. Afsuski, yurtimizda bolsheviklar diktaturasi oʻrnatilgani, chor mustamlakachilik siyosati yangicha shaklda davom ettirilgani maʼrifatparvar bobolarimizga oʻz maqsad-muddaolarini toʻliq amalga oshirish imkonini bermadi. Lekin ularning ezgu orzu-niyatlari xalqimizning qon-qonida, tarixiy xotirasida saqlanib qoldi va hanuz yashamoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Shu maʼnoda, bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi zamirida ana shunday ulugʻ ajdodlarimiz, umuman olganda, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi uygʻonish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari ham mujassam, desak, adashmagan boʻlamiz.

Insoniyat tarixi shundan dalolat beradiki, har qaysi xalq hayotidagi maʼnaviy uygʻonish jarayonlari milliy oʻzlikni anglashga olib keladi hamda mamlakatning iqtisodiy, madaniy taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtaradi. Bunday ijtimoiy noyob hodisa “Renessans” – uygʻonish, qayta tiklanish, yuksalish deb atalishi barchamizga ayon.

Maʼlumki, bugungi Oʻzbekiston zamini qadimda ikki buyuk uygʻonish davriga – Birinchi (maʼrifiy – IX-XII asrlar) va Ikkinchi (Temuriylar – XIV-XV asrlar) Renessansga beshik boʻlgan. Bu – jahon ilm-fanida oʻz isbotini topgan va tan olingan tarixiy haqiqatdir.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda yana bir muhim Uygʻonish jarayoni kechmoqda. Shuning uchun “Yangi Oʻzbekiston” va “Uchinchi Renessans” soʻzlari hayotimizda oʻzaro uygʻun va hamohang boʻlib yangramoqda, xalqimizni ulugʻ maqsadlar sari ruhlantirmoqda.

Bugungi kunda Oʻzbekiston demokratik oʻzgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib bormoqda. Aynan mana shu jarayon men uchun islohotlarimizning eng katta natijasidir. Chunki, maqsadning aniqligi – harakatlar samarasini taʼminlaydigan eng muhim mezondir.

Agar biz bundan besh yil oldin qabul qilgan Harakatlar strategiyasining tub mazmun-mohiyatini muxtasar ifoda etadigan boʻlsak, ushbu noyob hujjatda oʻz oldimizga Yangi Oʻzbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek buyuk vazifalarni strategik maqsad qilib qoʻygan edik.

Taʼkidlash kerakki, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega boʻlgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga toʻla javob beradigan obyektiv zaruratdir.

Yangi Oʻzbekiston – demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umumeʼtirof etilgan norma va prinsiplarga qatʼiy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan doʻstona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat boʻlgan davlatdir.

Oʻtgan tarixan qisqa davrda islohotlar tufayli erishgan natijalarimiz haqida uzoq gapirmoqchi emasman. Bu mavzuda mamlakatimiz hamda chet el ommaviy axborot vositalari orqali nufuzli davlat va siyosat arboblari, ekspert va tahlilchilarning fikrlari muntazam eʼlon qilib kelinmoqda.

Bunday xolis baholar barchamizni quvontiradi. Ayni vaqtda shuni taʼkidlashni istardimki, biz bu demokratik oʻzgarishlarni kimlargadir yoqish, maqtanish, turli reytinglarga kirish uchun emas, aksincha, demokratik jarayonlar oʻzimizga suv bilan havodek zarur boʻlgani uchun, xalqimiz, avvalambor, yosh avlodimizning bugungi hayoti va ertangi istiqbolini oʻylab, milliy manfaatlarimiz yoʻlida amalga oshirmoqdamiz.

Biz – Oʻzbekiston fuqarolari jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi shiddat bilan oʻzgarib, hayotimizda yangicha munosabatlar, yangi imkoniyat va qadriyatlar shakllanayotganini hammadan ham koʻproq his etmoqdamiz. Ayniqsa, “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “soʻz erkinligi”, “din va eʼtiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy koʻnikmalar hozirgi vaqtda real voqelikka aylanib borayotgani eʼtiborlidir.

Bir haqiqatni ochiq tan olishimiz lozim: vaqt oʻtishi bilan islohot jarayonlari tobora kengayib bormoqda, shiddatli zamon oldimizga yana-da ulkan vazifalarni qoʻymoqda. Hayotning oʻzi bizni koʻp narsaga oʻrgatmoqda. Shu sababli biz doimiy izlanishdamiz. Izlanish bor joyda yutuqlar bilan birga kamchilik va nuqsonlar ham boʻlishi tabiiydir.

Eng asosiysi, “Harakatda – barakat” deganlaridek, biz eng qiyin bosqichdan oʻtdik, yaʼni, yoʻlimizni aniq belgilab, katta ishlarni boshladik. Endi hamma gap islohotlar yoʻlini qatʼiyat bilan davom ettirish va mantiqiy yakuniga yetkazishda. Bu albatta oson emas, ammo biz bunga qodirmiz. Muhimi, keyingi yillarda bunday ulkan va murakkab vazifani amalga oshirish uchun yetarli siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy-institutsional zamin yaratildi.

Savol. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar jarayonida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan muhim konstitutsiyaviy tamoyilni joriy etishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Buning sababi nimada?

Javob. Men koʻp yillar davlat boshqaruvining eng quyi boʻgʻinidan boshlab, oʻrta va eng yuqori pogʻonagacha – barcha bosqichlarda masʼul lavozimlarda ishlaganman, Oliy Majlis deputati ham boʻlganman. Shuning uchun ham eski boshqaruv tizimining barcha nuqson va kamchiliklarini, aholini qiynayotgan dardu muammolarni quyi boʻgʻindan boshlab, ich-ichidan, boshqalardan koʻproq bilaman, deb toʻliq ishonch bilan ayta olaman.

Buyuk Amir Temur bobomizning Shahrisabzdagi Oqsaroy qarorgohi peshtoqiga bitilgan “Adolat – davlatning asosi va rahbarlar shioridir” degan hikmatli soʻzlarida juda chuqur maʼno bor.

Maʼlumki, ajdodlarimiz azaldan “Zulm qilma, insofli boʻl, xalq uchun adolat qoʻrgʻonini bunyod et”, deb yosh avlodga yoʻl-yoʻriq koʻrsatganlar. Biz ham sud-huquq tizimini isloh etishda ana shunday sodda va hayotiy talablardan kelib chiqdik. Xususan, “Sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik boʻlishi kerak” degan gʻoyani ilgari surdik va amalga oshirishni boshladik.

Shu oʻrinda mamlakatimizda davlat va hokimiyat idoralari uzoq vaqt davomida xalq hayotidan uzilib qolganini qayd etish lozim.

Siyosiy-huquqiy nuqtayi nazardan davlatga “xalq xohish-irodasini ifoda etadigan organ” deb taʼrif beriladi. Davlatni kim shakllantiradi? Xalq va uning muxtor vakillari. Binobarin, davlat va uning organlari avvalo kimga xizmat qilishi kerak? Albatta, xalqqa, turli mansab egalariga ovoz bergan va ishonch bildirgan fuqarolarga.

Shu maʼnoda, xalqimiz davlat xizmatidan rozi boʻlishga har tomonlama haqli va munosibdir.

Ana shunday tamoyillar asosiga qurilgan davlat hokimiyatigina tom maʼnoda xalqchil, demokratik hokimiyat hisoblanadi. Bunday davlat va jamiyatning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy-maʼrifiy ildizlari mustahkam va baquvvat boʻladi. Shu sababdan biz xalqimizning ogʻirini yengil qilish, uning muammolarini vaqtida va samarali yechish, odamlarimizning hayot darajasi va sifatini yaxshilashni barcha islohotlarimizning bosh maqsadi etib belgiladik.

Men davlat rahbari sifatida faoliyat boshlagan 2017-yilga mamlakatimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, deb nom berganimiz zamirida ham aynan shunday intilish va harakatlarimiz mujassam ekanini anglash qiyin emas, deb oʻylayman.

Albatta, biz eski tizimni batamom oʻzgartirib, oʻz oldimizga qoʻygan maqsadga toʻliq erishdik, deb aytishga hali erta. Takror aytaman, biz har kuni izlanishdamiz. Bu yoʻlda dastlabki qadamlarni qoʻymoqdamiz, xolos. Lekin “Bu oʻzgarishlar – vaqtinchalik kampaniya, oʻtadi-ketadi”, deganlar yanglishadi. Bu – Prezident va uning komandasi uzoqni koʻzlab yuritayotgan pragmatik xalqchil siyosatning eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri va uni xalqimiz bilan birgalikda albatta oxirigacha olib boramiz, hech qachon ortga qaytmaymiz.

Bugungi kunda biz erishgan eng muhim natija ham aslida shu – demokratik islohotlarimiz ortga qaytmaydigan tus oldi.

Mamlakatimizda davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tobora kengayib bormoqda. Senator va deputatlar, vazir va hokimlar, barcha boʻgʻindagi mansabdor shaxslar fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning dardu tashvishlari bilan qogʻozda emas, amalda jiddiy shugʻullanmoqda. Yaʼni, avvalambor, davlat organlari xalq uchun, har bir fuqaro uchun ochilib, ular bilan faol muloqot olib bormoqda.

Biz hayotimizda majburiy mehnat, xususan, bolalar mehnati, ishsizlik, kambagʻallik, korrupsiya, aholini uy-joy bilan taʼminlash, taʼlim va tibbiyot bilan bogʻliq muammolar mavjudligini ochiq tan olib, ularni keng jamoatchiligimiz bilan birgalikda bartaraf etmoqdamiz.

Bugun odamlarda adolatga, haqiqatga ishonch paydo boʻlmoqda. Ular turli darajadagi rahbar va mansabdorlarning ish faoliyatiga xolisona baho bermoqda, kamchiliklarni oshkora tanqid qilmoqda. Milliy taraqqiyotimiz uchun bu juda muhim ahamiyatga ega. Chunki, atoqli shoirimiz Erkin Vohidov aytganidek, “Yaxshidir achchiq haqiqat, lek shirin yolgʻon yomon”.

Bugun odamlar uygʻonmoqda, jamiyat uygʻonmoqda. Maʼnaviy uygʻoq jamiyat – bu, hech shubhasiz, qudratli kuchdir.

Oʻzingiz ayting, atigi bir necha yil oldin bunday natijalarni tasavvur qilish mumkinmidi? Yoʻq, albatta. Shuning uchun bugungi Oʻzbekiston – kechagi Oʻzbekiston emas, bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Ayni paytda yana bir haqiqatni unutmasligimiz lozim: bugungi Oʻzbekiston – bu hali tom maʼnodagi, biz orzu qilayotgan, intilayotgan Yangi Oʻzbekiston emas. Hali bu marraga yetish uchun oldimizda juda olis va mashaqqatli yoʻl turibdi. Yoʻlimiz shu paytgacha oson boʻlgani yoʻq, bundan keyin ham oson boʻlmaydi. Lekin biz dadil oldinga borishdan, kerak boʻlsa, kutilmagan, ammo pirovard natijasi samarali va xalqimiz manfaatlariga javob beradigan noanʼanaviy qarorlar qabul qilishdan choʻchimasligimiz zarur.

Mana, soʻnggi paytda koʻpgina masalalarda, jumladan, “propiska”, xorijga chiqish uchun “stiker”, majburiy mehnat, paxta va gʻallaga davlat buyurtmasini belgilash kabi eski tartiblardan mutlaqo voz kechish boʻyicha gʻoyat muhim qarorlar qabul qildik.

Sodda qilib, jaydari tilda aytadigan boʻlsak, bu bilan osmon uzilib, yerga tushgani yoʻq. Aksincha, byurokratiya, vazifani suiisteʼmol qilish, tamagirlik koʻrinishlari kamayib, jamiyatimiz hayoti erkinlashdi, odamlar yengil nafas ola boshladi. Xalqimiz ham, dunyo jamoatchiligi ham bu qadamlarimizni ijobiy baholamoqda.

Yangi Oʻzbekiston – bu, avvalo, yangicha iqtisodiy munosabatlar, yangicha iqtisodiy dunyoqarash demakdir. Shu bois mamlakatimiz iqtisodiy tizimi toʻliq qayta qurilmoqda, qanchalik ogʻir boʻlmasin, bozor mexanizmlarini amalda joriy etishni boshladik.

Hozirgi vaqtda elektron kartochkadagi pullarni bankomatlar orqali naqd pulga aylantirish, milliy valyuta kursining “qora bozor”da – bir xil, banklarda esa boshqacha boʻlishi, xorijiy valyutalarni sotib olish, fuqarolikka ega boʻlish, Oʻzbekistonning istalgan hududidan uy-joy va mol-mulk sotib olish hamda ularni roʻyxatga qoʻyish bilan bogʻliq muammolar tarixda qoldi.

Islohotlar aholining barcha qatlamlari manfaatlariga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda: tadbirkorlar oʻz biznesini rivojlantirish uchun erkinlik va yangi-yangi imkoniyatlarga ega boʻlmoqda, dehqon va fermerlar, klaster xoʻjaliklari oʻzlari yetishtirgan hosilning haqiqiy egasiga aylanmoqda. Holbuki, sobiq mustabid tuzum davrida “tepa”dan buyruq boʻlmasa, bir qadam bosishga ham haqqimiz yoʻq edi. Ahvol shu darajaga yetib borgan ediki, uyimizning tomigacha paxta ekdik, lekin kosamiz oqarmadi. Maktab bolalarini ham paxtaga haydadik. Sevimli shoirimiz Abdulla Oripov oʻz davrida chuqur dard va iztirob bilan “Million egatlarga sochilgan oʻzbek”, deb yozganidek, yuz yil egilib paxta terdik.

Yaqin-yaqingacha har yili taxminan 6-7 million odam paxta terimiga majburan safarbar etilardi. Mana, uch yildan buyon ular bu mashaqqatdan qutuldi. Qanchalik qiyin boʻlmasin, bu sohada biz bozor iqtisodiyotining sinalgan va samarali usullarini, jumladan, klaster tizimini joriy etdik. Klasterlar yordamida gektaridan paxta boʻyicha – 50 sentner, gʻalla boʻyicha 100 sentnerdan hosil olishni koʻzlayapmiz va bu marralarga albatta erishamiz.

Afsuski, mamlakatimizda tezlik bilan hal etish kerak boʻlgan oʻtkir muammolar boshqa sohalarda ham yigʻilib qolgan edi. Hammasi joyida, degan kayfiyat bilan ularni bilib – bilmaganga, koʻrib – koʻrmaganga olib, gʻaflat uyqusiga botib yuraverish ham mumkin edi. Lekin bu oʻzimizga, xalqimizga, kelajakka nisbatan xiyonat boʻlardi.

Ochiq aytmoqchiman: mening tabiatim bunday soxta hayotni mutlaqo qabul qilolmaydi. Xalqimiz menga ishonch bildirdi, ana shu yuksak ishonchni oqlash, el-yurtimizga munosib hayot sharoitini yaratib berish – men uchun hayotimning maʼno-mazmunidir. Men millionlab insonlarning taqdiri uchun masʼuliyatni zimmamga olgan ekanman, islohotlar borasida boshqacha yoʻl tutishim, hammasini avvalgidek qoldirishim aslo mumkin emas.

Takror aytaman: oldimizda turgan ishlarning barchasini oʻzimiz, oʻz kuchimiz bilan qilishimiz kerak, hech kim chetdan kelib biz uchun bironta muammoni hal qilib bermaydi.

Savol. Mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida oldimizda turgan eng ustuvor vazifalar nimalardan iborat?

Javob. Oʻtgan yil dekabr oyida Oliy Majlisga yoʻllangan Murojaatnomada bu haqda atroflicha toʻxtalib oʻtgan edim. Shu bois savolingizga qisqacha javob bermoqchiman.

Birinchi ustuvor vazifa: ijtimoiy siyosat mamlakatimizda davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib kelgan, hozir ham shunday va kelgusida ham shunday boʻlib qoladi.

Bugungi kunda xalq farovonligini, odamlarning hayot darajasini har tomonlama oshirish, buning uchun yangi ish oʻrinlari, daromad manbalarini yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, qishloq va shaharlarimizni obod qilish iqtisodiy strategiyamizning eng muhim yoʻnalishlari hisoblanadi.

Yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi va oʻziga xos tizimi yaratildi. Siz, jurnalistlar, bundan albatta yaxshi xabardorsiz. Keyingi paytda “temir daftar”“ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullari aynan shu maqsadda joriy etilmoqda. Shu asosda muammoga oid mavhum koʻrsatkichlar emas, balki yordam va koʻmakka muhtoj har bir oila va fuqaroning, xotin-qizlar, yoshlarning muammolari oʻz joyida aniq oʻrganilmoqda, ular vaqtida va samarali hal etilmoqda.

Keksalar, nogironlar, ogʻir ahvolga tushib qolgan insonlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga mehr va muruvvat koʻrsatish kabi ezgu anʼanalar bugungi kunda yangicha maʼno-mazmun, amaliy harakatlar bilan boyib, takomillashib bormoqda. Bu borada, ayniqsa, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” kabi dasturlar oʻz ijobiy natijasini bermoqda.

Birgina “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 2021-yilda barcha shahar va tumanlardagi jami 7 ming 794 ta qishloq va mahallada umumiy qiymati 20,8 trillion soʻmlik qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Taʼkidlash kerakki, milliy tariximizda qishloq va mahallalarimizni obodonlashtirishga hech qachon bunchalik katta mablagʻ ajratilmagan, eng muhimi, ularning rivojiga bu qadar jiddiy eʼtibor berilmagan.

Ana shunday keng koʻlamli ishlarni amalga oshirish uchun rahbarlar qulay va shinam kabinetlardan chiqib, bevosita pastga, mahalla darajasiga tushib ishlamoqda.

Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning aniq manzilli xususiyatga ega ekani har bir muhtoj insonga uning real ehtiyojini hisobga olgan holda yordam koʻrsatish imkonini bermoqda. Bunda ushbu toifaga mansub hech bir inson eʼtibordan chetda qolmasligiga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz.

Taklif va tashabbuslar ilgarigidek faqat “tepa”dan emas, balki koʻproq quyidan boʻlmoqda. Ularni amalga oshirishda esa quyi, oʻrta va yuqori boʻgʻindagi davlat boshqaruv idoralarining samarali hamkorligi ish bermoqda. Shu asosda jamiyatimizning ijtimoiy manzarasi butunlay oʻzgarmoqda, samarali boshqaruvning natijadorligi oshmoqda, eng muhimi, odamlarning hayotga, mehnatga, oʻzining taqdiri va ertangi kunga ishonchi ortmoqda.

Men bunday oʻzgarishlarni jamiyat taraqqiyotining eng asosiy sifat koʻrsatkichlari, deb hisoblayman.

Albatta, ijtimoiy himoya tizimidagi ayrim kamchilik va nuqsonlar saqlanib qolmoqda. Biz ularni bosqichma-bosqich bartaraf etamiz, ushbu tizimni takomillashtirib, yaxshi natija beradigan, jamiyatdagi barcha sogʻlom kuchlarni shu maqsad atrofida birlashtiradigan darajaga yetkazamiz.

Muhtoj fuqarolarni toʻgʻridan-toʻgʻri, aniq maqsad bilan moddiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishda asosiy eʼtibor aholining kam taʼminlangan qatlamlariga dotatsiya berish emas, balki ularga daromad topish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar tugʻdirishga qaratilmoqda.

Ikkinchi ustuvor vazifa: iqtisodiy taraqqiyot sohasida oʻsish nuqtalarini aniqlash va ularga alohida ahamiyat qaratish, shu tariqa Yangi Oʻzbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish muhim rol oʻynaydi.

Masalan, biz uchun oʻta muhim boʻlgan toʻqimachilik tarmogʻini olaylik. Korxonalarimiz bu sohada paxtani yetishtirishdan boshlab uni chuqur qayta ishlashgacha, yakuniy mahsulot ishlab chiqarishga qadar boʻlgan barcha texnologik jarayonlarni puxta oʻzlashtirib, eksport va foyda hajmini bir necha barobar oshirgan taqdirdagina mazkur yoʻnalishda yetakchi mamlakatlarning ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatlasha olishi mumkin.

Ona zaminimiz bagʻridagi boy xomashyo va qazilma boyliklarni el-yurtimiz manfaatlari yoʻlida ishlatish maqsadida yuqori samarali, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilmoqda. Shu boradagi saʼy-harakatlarimiz tufayli keyingi yillarda Qandim gazni qayta ishlash kompleksi, Toshkent metallurgiya zavodi kabi yirik va noyob obyektlar ishga tushirildi, Navoiy kon-metallurgiya majmuasi hamda Oʻzbekiston metallurgiya kombinatining ishlab chiqarish quvvatlari kengaytirildi. Ana shu ishlarimizning davomi sifatida yaqinda yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda loyiha qiymati 2 milliard AQSH dollariga teng boʻlgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining yangi mis boyitish fabrikasi qurilishi boshlanganidan xabaringiz bor.

Biz iqtisodiyotimizni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishda alohida ahamiyatga ega boʻlgan xususiylashtirish jarayonida faqat davlat korxonalarini sotish emas, balki ularning raqobatdoshligini oshirish, iqtisodiy sohadagi milliy manfaatlarimizni mustahkamlashga xizmat qiladigan mutlaqo yangi yondashuvlarni qoʻllashga ustuvor ahamiyat bermoqdamiz. Davlat aktivlarini sotishda shaffoflik va samaradorlikni, keng jamoatchilik ishtirokini taʼminlaydigan kafolatlarni yaratish ayniqsa oʻta muhimdir.

Uchinchi ustuvor vazifa: biz hozirgi global pandemiya davrida aholi sogʻligini muhofaza qilish, jumladan, tadbirkorlarni oʻz muammolari girdobiga tashlab qoʻymaslikni asosiy maqsadlarimizdan biri sifatida koʻramiz. Chunki har bir tadbirkorlik tuzilmasi ortida qancha-qancha insonlarning ish oʻrni, oilalarning daromadi, bugungi va ertangi taqdiri turibdi.

Yangi Oʻzbekistonda kichik va xususiy biznes subyektlari soni keyingi paytda ikki barobar koʻpaydi, ushbu tarmoqdagi 50 foizdan ziyod korxonalar faqat keyingi uch yilda tashkil etilgan. Bu esa mamlakatimizda muhim ijtimoiy qatlam – oʻrta sinfning kuchayishi uchun puxta zamin boʻlmoqda.

Shuning uchun ham biznesni qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlik va xususiy mulkni himoya qilish barcha iqtisodiy islohotlarning bosh masalasi boʻlib qolmoqda. Tadbirkorlar ularni qoʻllab-quvvatlash haqidagi chiroyli soʻzlarni koʻp eshitgan, endi bu gaplarning amaliy taʼsiri va natijasini oʻz kundalik faoliyatida his etishi kerak.

Biznes ahli haqida faqat soliqlarni toʻlash va tekshirishlar paytida eslaydigan zamonlar oʻtib boʻldi. Shu nuqtayi nazardan, soliq qonunchiligini maqbullashtirish borasida biz ancha ish qildik, lekin hali oldimizda yana-da katta vazifalar turibdi va biz ularni albatta amalga oshiramiz.

Ayrim mahalliy hokimiyat organlari tomonidan tadbirkorlar ishiga aralashish, “telefon huquqi”dan foydalanib, ularga tazyiq oʻtkazish holatlari uchrab turgani ham bor gap. Biz bunday muammolarga uzil-kesil nuqta qoʻyish ustida ishlayapmiz. Agar biz tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlamasak, ularga sharoit yaratib bermasak, xususiy korxonalar sonini koʻpaytirmasak, shahar va tumanlarning mahalliy byudjeti nochor ahvolda qolaveradi.

Barchamiz bir haqiqatni chuqur anglab olishimiz kerak: tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash – fuqarolar, xalqimiz farovonligini oshirishning eng samarali yoʻli, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning pirovard maqsadidir.

Bu sohadagi mavjud kamchilik va nuqsonlarni hal etishda mamlakatimiz hayotini yana-da erkinlashtirish, ochiqlik va oshkoralik muhitini, jamoatchilik nazoratini kengaytirish muhim rol oʻynaydi, deb ishonaman.

Toʻrtinchi ustuvor vazifa: pandemiya qishloq xoʻjaligida tub oʻzgarishlar amalga oshirilayotgan davrga toʻgʻri keldi. Bu davr oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, agrar sektorni zamon talablari asosida rivojlantirish butun insoniyat, jumladan, biz uchun ham eng dolzarb vazifaga aylanib borayotganini yaqqol tasdiqladi.

Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi boʻyicha ulkan salohiyatga, qadimiy tajriba va boy anʼanalarga ega. Ammo uzoq vaqt mobaynida ushbu tarmoqda bozor iqtisodiyotiga xos yondashuv va moddiy ragʻbatlantirish mexanizmlari joriy etilmadi, uni rivojlantirishga mablagʻ va ilmiy innovatsiyalar yetarlicha jalb qilinmadi. Oqibatda yerning madori quridi, tuproq unumdorligi pasaydi.

Tasavvur qiling, mustaqillik davrida, yaʼni, keyingi 30 yilda Oʻzbekiston aholisi 15 million nafarga koʻpaydi. Bu oʻrtacha bir mamlakat aholisi, demakdir. Qolaversa, vaqt oʻtishi, hayot oʻzgarishi bilan odamlarning isteʼmol talabi va ehtiyojlari ham muttasil ortib bormoqda. Yerimiz, suvimiz esa koʻpaymasligi tabiiy, albatta. Bunday resurslar nafaqat bizda, butun dunyoda cheklangan. Binobarin, biz endi aqlimizni, intellektual salohiyatimizni, bilim va tajribamizni oshirishimiz, aynan ana shu omillarni iqtisodiy oʻsish nuqtalari va resurs manbalariga aylantirishimiz shart.

Bu nimaning hisobidan boʻladi? Albatta, bunga bilim va tajriba, tinimsiz oʻqib-oʻrganish, izlanish, yangilikka intilish, yuqori texnologiyalarni joriy etish, islohotlarni samarali olib borish hisobidan erishish mumkin.

Shu sababli biz agrar sektorni yalpi va tizimli transformatsiya qilishni boshladik. Ushbu sohani iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish – bosh maqsadimizdir. Shu maqsadda 2020-2030-yillarga moʻljallab ishlab chiqilgan Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasida tarmoqni rivojlantirish borasidagi asosiy vazifalar aniq-ravshan belgilab qoʻyildi. Xususan, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sektori va qishloqlarni yaqin oʻn yilda jadal taraqqiy ettirish rejasi koʻzda tutildi.

Agrar sohada ishlarni butunlay yangi asosda tashkil etish orqali tarmoqning samaradorligi va raqobatdoshligini oshirish, ushbu yoʻnalishda minglab yangi ish oʻrinlari yaratish va qishloq joylarda odamlarning hayot darajasini yuksaltirish sari muhim qadamlar qoʻyilmoqda.

Beshinchi ustuvor vazifa: pandemiya davrida xalqimizning sogʻligi va hayotini asrash biz uchun eng muhim vazifa boʻlib qolmoqda. Shu maqsadda 2021-yil uchun davlat byudjetida 3 trillion soʻm zaxira shakllantirildi. Ushbu mablagʻ hisobidan tibbiyot sohasida koʻpgina chora-tadbirlar, jumladan, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Barcha tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni koʻpaytirish, poliklinika va kasalxonalarni elektron ish yuritishga oʻtkazish, respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari va ularning filiallari oʻrtasida telemeditsina xizmatini yoʻlga qoʻyib, diagnostika va davolash uchun joylardagi imkoniyatlarni yana-da kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Tibbiyotning birlamchi boʻgʻinini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish choralari koʻrilmoqda. Jumladan, birlamchi boʻgʻinda umumiy amaliyot shifokori shtat birligi oʻrniga oilaviy shifokor va unga yordamchi sifatida 5 nafar oʻrta tibbiyot xodimidan iborat “tibbiy brigadalar” tashkil etilmoqda.

Mamlakatimizda xususiy tibbiy klinikalar ochishga keng imkoniyatlar yaratib berilayotganiga qaramasdan, joylarda gemodializ, tibbiy diagnostika va reabilitatsiya xizmatlari boʻyicha shifoxonalar yetishmayapti. Shuning uchun davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni koʻpaytirish, 170 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmasini kompyuter tomograflari bilan taʼminlash, ulardan foydalanish boʻyicha xodimlar malakasini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar boshlandi.

Tibbiyotdagi yana bir murakkab muammo – yuqori malakali kadrlar yetishmasligidir. Shu bois yangi oʻquv yilidan boshlab klinik ordinaturaning qabul kvotasi ikki barobar oshiriladi. Viloyat hokimliklari oʻz hududi uchun zarur boʻlgan ana shunday mutaxassis-shifokorlarni tayyorlashga mahalliy byudjetdan grantlar ajratadi.

Mamlakatimizda inson aʼzolarini transplantatsiya qilish boʻyicha qonuniy asoslarni ishlab chiqishni boshladik. Bu borada normativ-huquqiy bazaning mavjud emasligi tufayli ilgari, donorlik qiluvchi shaxs bemorning yaqin qarindoshi boʻlmasa, transplantatsiya uchun ruxsat berilmas edi. Koʻpchilik fuqarolarimiz bunday tibbiy operatsiyani chet elda oʻtkazar, xorijga borishga qurbi yetmaganlar esa chorasiz ahvolda qolar edi.

Bizni eng qiynaydigan masalalardan biri – sogʻliqni saqlash sohasidagi korrupsiya holatlaridir. Oʻtgan yilning oʻzida tizimda 30 milliard soʻmdan ortiq mablagʻni talon-toroj qilish holatlari aniqlandi va aybdorlar qonuniy jazoga tortildi. Shuning uchun bu sohada taʼsirchan nazorat tizimini oʻrnatishga, avvalo, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga jiddiy ahamiyat berilmoqda.

Aholining tibbiy madaniyatini oshirish, odamlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi tamoyillarini keng targʻib etish nafaqat tibbiyot sohasi, balki butun jamiyatimiz oldidagi dolzarb vazifadir. Har bir inson oʻz sogʻligi haqida avvalo oʻzi oʻylashi, gʻamxoʻrlik qilishi kerak. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi butun yer yuzida, jumladan, yurtimizda ham davom etayotgan hozirgi paytda buning ahamiyati beqiyosdir.

Shu bois beparvolikka, loqaydlikka berilishga aslo haqqimiz yoʻq. Koronavirus hali ham yonimizda, biz bilan birga yashamoqda. Shuning uchun mamlakatimizda tegishli tibbiyot markazlari, dori-darmon va himoya vositalarining yetarli zaxirasi shakllantirildi. Hududlarda 60 ta kislorod stansiyasini ishga tushirib, reanimatsiya va intensiv davolash boʻlimlarini kislorod bilan uzluksiz taʼminlash boʻyicha ishlar jadal olib borilmoqda. Yurtimizda vaksina ishlab chiqarish boʻyicha amaliy ishlar boshlandi.

Respublikamizda shu yil 1-apreldan boshlab aholini koronavirusga qarshi emlash jarayonlari uzluksiz davom etmoqda.

Fursatdan foydalanib, xalqimizni oʻz sogʻligʻiga masʼuliyat bilan qarab, bu xavfli kasallikka qarshi emlash tadbirlarida faol ishtirok etishga yana bir bor chaqiraman.

Oltinchi ustuvor vazifa: biz yangi sharoitda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni kuchaytirishga intilmoqdamiz. Bunday yondashuv – bugungi va kelgusi rivojlanishimiz uchun mustahkam poydevordir.

Shu maʼnoda, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish – yaqin va olis tariximiz, betakror va noyob madaniy boyliklarimizni yana-da chuqur oʻrganib, ularga tayanib, mustaqil milliy taraqqiyot yoʻlimizni yangi bosqichda davom ettirish demakdir.

Keyingi yillarda madaniy-gumanitar yoʻnalishda – madaniyat, kino, raqs va tasviriy sanʼat sohalarini, adabiyot va kitobxonlikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirayotgan ishlarimiz xalqimizga yaxshi maʼlum, albatta. Xususan, xalqaro maqom anjumani, baxshichilik va milliy hunarmandchilik festivallarini tashkil etganimiz va yuksak saviyada oʻtkazganimiz Yangi Oʻzbekistonni dunyoga keng targʻib etishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Milliy tariximizni xolis va haqqoniy tadqiq etish uchun bugungi kunda Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi, Fanlar akademiyasi qoshida Oʻzbekistonning yangi tarixi markazi, “Oʻzbekiston tarixi” telekanali faoliyat koʻrsatmoqda.

Islom dini rivoji yoʻlida beqiyos xizmat qilgan buyuk muhaddis bobolarimizning diniy va ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va targʻib etish maqsadida Samarqandda – Imom Buxoriy, Surxondaryoda – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Toshkentda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda.

Toshkent shahrida barpo etilayotgan Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning boy diniy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish va dunyoga targʻib etish, yosh avlodimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos oʻrin tutadigan ilm-maʼrifat markaziga aylanadi.

Biz hozirgi murakkab va shiddatli zamonda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning oʻrni va taʼsiri tobora ortib borayotganini hisobga olib, bu sohadagi faoliyatimizni yana-da kuchaytirishga alohida ahamiyat bermoqdamiz. “Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida” hamda “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” shu yil mart oyida qabul qilingan Prezident qarorlari ayni shu sohadagi vazifalarni samarali hal etishga qaratilgandir.

Yangi Oʻzbekiston nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda barcha sohalar qatori maʼnaviy-maʼrifiy masalalarga oid tashabbuslarni ham dadil oʻrtaga qoʻymoqda. Bu haqda soʻz yuritganda, mamlakatimiz tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasini qabul qilish boʻyicha ilgari surilgan tashabbus xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qoʻllab-quvvatlandi. Yaqinda mazkur rezolyutsiya qabul qilinganini alohida taʼkidlash lozim.

Shuningdek, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining videoanjuman shaklida oʻtgan sammitida ilm-fan, taʼlim, madaniyat va sanʼat sohalarini, shuningdek, turkiy dunyo birligini rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshgan atoqli shaxslarni ragʻbatlantirishga qaratilgan yana bir muhim tashabbusimiz qabul qilinib, Turkiy kengashning Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti taʼsis etildi. Biz buni barcha turkiy xalqlarning faxru iftixori boʻlgan hazrat Alisher Navoiy bobomizga, shunday ulugʻ zotlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan xalqimizga boʻlgan yuksak hurmat-ehtirom ifodasi, deb bilamiz.

Savol. Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda tashqi siyosatga, dunyodagi olis va yaqin davlatlar bilan doʻstona hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Bu borada ichki va tashqi siyosatning oʻzaro bogʻliq va uygʻun jihatlari nimalarda namoyon boʻladi?

Javob. Avvalo, shuni taʼkidlash kerakki, biz mamlakatimiz yangilanish davriga qadam qoʻygan birinchi kunlardan boshlab ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosat yuritish, dunyodagi barcha taraqqiyparvar mamlakatlar, ayniqsa, qoʻshni davlatlar bilan yaqin doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz. Oʻzbekiston oʻtgan davrda ana shu strategik yoʻlga doimo sodiq qolib, oʻz sheriklari hamda xalqaro tashkilotlar oldidagi majburiyatlarini toʻliq bajarib kelmoqda.

Oʻtgan tarixan qisqa davrda yurtimizning Markaziy Osiyo mintaqasi va jahon miqyosidagi siyosiy oʻrni va nufuzi keskin oshdi. Dunyoda Yangi Oʻzbekistonga nisbatan ishonch ruhi va mamlakatimiz bilan hamkorlikka intilish tamoyillari kuchaydi.

Birinchi navbatda, qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarimizda yillar davomida yigʻilib qolgan muammolar hal etildi. Chegaralar ochildi. Qoʻshni – qoʻshnisi bilan, aka – ukasi, ota – bolasi, qarindosh – qarindoshi bilan uzilib qolgan aloqalarni tiklab, bir mamlakatdan ikkinchi davlatga emin-erkin borib kela boshladi. Viza masalalari hal etildi. Savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarimiz jadal rivojlanmoqda.

Azal-azaldan oʻzaro qardosh va birodar boʻlgan mamlakatlarimiz koʻpgina mintaqaviy va global masalalar, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot boʻyicha yaqin hamkorlikda harakat qilishni boshladi. Jahon siyosatshunosligida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora paydo boʻldi.

Shu yilning 5-6-avgust kunlari Turkmanistonda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi bu jarayonga yangi mazmun va kuch bagʻishlashi bilan eʼtiborlidir.

Ana shu misollarning oʻziyoq ichki va tashqi siyosatning bir-biriga naqadar bogʻliq va hamohang ekanini koʻrsatadi. Eng muhimi, ichki va tashqi siyosatimizdagi ana shunday uygʻunlik xalqimiz manfaatlarini koʻzlab amalga oshirilmoqda va buning natijasini oddiy odamlar oʻz hayoti va taqdirida his etmoqda.

Yana bir muhim tomoni shundaki, Oʻzbekiston bugun oʻzining uzoqni koʻzlagan siyosati bilan mintaqamiz va jahondagi siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylandi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Parlamentlararo Ittifoq, Yevropa Ittifoqi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorligimiz yangi bosqichga koʻtarildi.

Mamlakatimiz Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo boʻldi, Yevroosiyo iqtisodiy hamkorlik ittifoqi huzurida kuzatuvchi maqomini oldi. Oʻzbekiston oʻz tarixida birinchi marta BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo etib saylandi va uning 2021-yil 22-fevralda Jeneva shahrida videoanjuman shaklida boʻlib oʻtgan 46-sessiyasida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Oʻtgan yili mamlakatimiz ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi tashkilotiga raislik qildi va pandemiyaga qaramasdan, MDH doirasida koʻzda tutilgan 60 dan ziyod barcha xalqaro tadbirlar samarali oʻtkazildi, 70 ga yaqin muhim hujjatlar qabul qilindi.

Oʻzbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalaridagi integratsiya va hamkorlik jarayonlarini faollashtirishda tobora muhim rol oʻynamoqda. Shu yil 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida oʻtkazilgan xalqaro konferensiyada mamlakatimiz tomonidan ilgari surilgan yangi taklif va tashabbuslar nafaqat ushbu bepoyon mintaqalar davlatlarida, balki jahon hamjamiyatida katta qiziqish uygʻotdi. Xususan, Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bogʻlaydigan yangi transport yoʻllarini barpo etish masalalari ham muhokama qilindi. Konferensiya Toshkent ruhini yana bir karra namoyon etdi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi takomillashtirilmoqda. Ushbu muhim hujjatda tashqi siyosatimizning ustuvor yoʻnalishi boʻlgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va oʻzaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yana-da mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekistonning asosiy xorijiy sheriklari hisoblangan Rossiya, Xitoy, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlar bilan koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli aloqalari yana-da kengaymoqda.

Oʻzbekiston Afgʻonistonning yaqin qoʻshnisi sifatida bu mamlakatda tezroq tinchlik va barqarorlik oʻrnatilishidan manfaatdordir.

Maʼlumki, Oʻzbekiston 2021-2022-yillarda Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qiladi. Hozirgi vaqtda biz bu muhim siyosiy tadbirni yuqori saviyada oʻtkazish uchun jiddiy tayyorgarlik ishlarini olib bormoqdamiz.

Inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, soʻz va diniy eʼtiqod erkinligi, gender tenglik boʻyicha erishayotgan yutuqlarimiz nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda izchil mustahkamlanib bormoqda.

Dunyoning koʻplab mamlakatlaridagi yurtdoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash va ular bilan aloqalarimizni yana-da mustahkamlash maqsadida “Vatandoshlar” jamgʻarmasi tashkil etildi.

Jamiyatimizda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarimiz sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Har yili Xalqaro doʻstlik kuni sifatida keng nishonlanadigan 30-iyul sanasi Oʻzbekistonda “Xalqlar doʻstligi kuni” deb eʼlon qilindi. Bu yil ushbu bayram mamlakatimizda birinchi bor keng nishonlandi. Buni ham ichki va tashqi siyosat omillari birlashadigan mushtarak hodisa sifatida qabul qilish mumkin.

Butun dunyoda boʻlgani kabi mamlakatimizda ham ekologik muammolarni hal etishga jiddiy eʼtibor berilmoqda. Qoʻshni davlatlar va jahon jamoatchiligi bilan birgalikda Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojialar taʼsirini yumshatishga qaratilgan harakatlarni qatʼiy davom ettiryapmiz. Dengizning qurigan tubida yuz minglab gektar oʻrmon va butazorlar tashkil etilmoqda, Orolboʻyi hududlarida ulkan qurilish va obodonchilik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda tuzilgan Orolboʻyi mintaqasida inson xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻp tomonlama Trast fondi faoliyati muhim rol oʻynamoqda.

Bu haqda soʻz yuritganda, Oʻzbekistonning Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish boʻyicha BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish haqidagi muhim tashabbusi 2021-yil 18-may kuni Assambleya tomonidan bir ovozdan maʼqullanganini qayd etish oʻrinlidir. Ushbu rezolyutsiyani ishlab chiqishda AQSH, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Ozarbayjon kabi dunyodagi nufuzli davlatlar, jami 50 mamlakat hammuallif sifatida ishtirok etgani bu tashabbus jahon hamjamiyatida qanday katta qiziqish uygʻotganidan dalolat beradi.

Savol. Maʼlumki, islohotlar samarasi koʻp jihatdan rahbar kadrlar, ayniqsa, mahalliy hokimlarning bilim va tajribasi, siyosiy saviyasi va madaniyatiga bogʻliq. Shu maʼnoda, Prezidentning joylardagi vakillari boʻlgan hokimlarning ish faoliyati Sizni qoniqtiradimi?

Javob. Men bu haqda oʻtgan yili Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomada ham alohida toʻxtalib oʻtgan edim. Nafaqat hokimlar, balki barcha boʻgʻindagi aksariyat katta-kichik rahbarlarda bilim va tajriba, tashkilotchilik salohiyati, el-yurt ishi uchun fidoyilik tuygʻusining yetishmasligi meni qiynaydigan eng murakkab masaladir.

Toʻgʻri aytdingiz, joylarda islohotlarning samarali amalga oshirilishi birinchi navbatda hokimlarga, ularning bilim va tajribasi, ishbilarmonlik xususiyatlariga bogʻliq. Eng muhimi, ular odamlarning ishonchini qozongan boʻlishi shart. Aholi joylardagi rahbarlarga, ularning ishi, xizmat va muomala madaniyati, siyosiy, huquqiy va axloqiy saviyasiga qarab, davlat hokimiyatiga baho beradi. Lekin ochiq aytadigan boʻlsak, hokimlar, umuman, quyi boʻgʻindagi rahbarlarning barchasi ham el-yurt oʻrtasida yetarli obroʻ-eʼtiborga ega emas.

Afsuski, koʻpchilik rahbarlar xalqning ichiga kirib, odamlarning dardu tashvishlari bilan yashashni qandaydir ikkinchi darajali ish, deb hisoblaydi. Shuning uchun ham ular koʻp-koʻp masalalarda zaif va ojiz boʻlib qolmoqda.

Aslida xalq bilan muloqot, doimo insonlar tashvishi va muammolarini oʻylab yashash har qanday rahbar uchun birinchi va muqaddas vazifa boʻlishi shart. Rahbarlik va boshqaruv madaniyati, hayotiy bilim va tajribalar qayerdan boshlanadi? Xalq bilan bevosita muloqot qilishdan boshlanadi. Ayniqsa, quyi pogʻonadagi rahbarlar oʻz dunyoqarashini oʻzgartirib, oddiy fuqaroga yelkadosh boʻlib, tadbirkorga doʻst boʻlib ishlamasa, biz qanchalik koʻp kuch va mablagʻ sarflamaylik, farmon va qarorlar qabul qilib, sharoit yaratmaylik, joylarda islohotlarimizning oldinga yurishi qiyin boʻladi.

Yashirishning hojati yoʻq – juda ogʻir, tahlikali va shafqatsiz raqobat zamonida yashayapmiz. Dunyo shunday shiddat bilan oʻzgaryaptiki, kechagi siyosiy-iqtisodiy tahlil va bashoratlar bugungi kunga toʻgʻri kelmayapti. Oʻzaro qarama-qarshilik, “savdo urushlari”, ekologik muammolar kuchayib bormoqda. Ana shunday murakkab sharoitda el-yurt bilan hamdard, hamnafas boʻlib yashamaydigan, hayotning oʻzi taqozo etayotgan oddiy haqiqatlarni tushunmaydigan mansabdorlarning rahbar sifatida kelajagi yoʻq. Ularga biron-bir masʼuliyatli vazifani ishonib ham boʻlmaydi.

Bir paytlar men ham hokim boʻlib ishlaganman. U vaqtlardagi sharoitni hozirgi imkoniyatlar bilan mutlaqo solishtirib boʻlmaydi. Koʻp-koʻp masalalarda qoʻl-oyogʻimiz bogʻlangan edi, hamma narsani “tepa”ning qosh-qovogʻiga qarab bajarishga toʻgʻri kelardi. Eng yomoni, quyi boʻgʻindagi muammolar boʻyicha yuqori idoralardagi salqin kabinetlarda oʻtirgan, qishloq yoki ovullarda qiynalib yashayotgan odamlarning dardu tashvishlaridan butunlay yiroq boʻlgan, joylarda ahvol qanday ekanini tasavvur ham qilolmaydigan vallomatlar qaror qabul qilardi.

Bugun esa hokimlar mustaqil qaror qabul qilib, mustaqil ish olib borish vakolatiga ega. Ulardan ilgarigidek har bir qadamini Toshkentda, markaziy idoralardagi mutasaddilar bilan kelishish, boʻlar-boʻlmasga ijozat soʻrash talab etilmaydi.

Hokim, rahbar inson sifatida, nimanidir bilmasligi yoki koʻzdan qochirishi, xatoga yoʻl qoʻyishi mumkin, buni tushunsa boʻladi, lekin u ana shu xatolarini tan olmasa, ularni tuzatishni istamasa, oʻqib-oʻrganishga, yangicha ishlashga, oʻz bilim va tajribasini oshirishga intilmasa, manfaatparastlik va maishatga berilgan boʻlsa, bu holatni mutlaqo kechirib boʻlmaydi.

Mening asosiy talabim – odamlarni tushunish, ularning quvonchu tashvishlari bilan yashash, yon-atrofdagi vaziyatga oddiy xalqning koʻzi bilan qarash va baho berish, el-ulusdan ajralib qolmaslik kerak. Shundagina hudud yoki tarmoqni boshqarish va muhim qarorlar qabul qilishda aniq samara boʻladi.

Har bir rahbarning faoliyat mezoni – bu xalqning orzu-umidlarini oʻzi uchun asosiy maqsad qilib, ularni izchillik bilan roʻyobga chiqarishdan iborat.

Hokim va vazirlarimiz, kompaniya va banklarimiz rahbarlari orasida faol, ishning koʻzini biladigan, chuqur fikrlaydigan yangi avlod vakillari yetishib kelayotgani meni quvontiradi. Ular xalq bilan ochiq muloqot qilmoqda, tashabbus koʻrsatmoqda, yuqoridan koʻrsatma kutib oʻtirmasdan, mustaqil va dadil ish olib bormoqda.

Afsuski, baʼzi yetakchi va mutasaddilar manmanlikka berilib, havolanib, oyogʻi yerdan uzilganini bilmay qoladi. Bu – ular uchun haqiqiy fojia. Albatta, bunday rahbarlarga bizning safimizda oʻrin boʻlishi mumkin emas. Bu nafaqat Prezidentning, ayni paytda xalqimizning, hayotning talabidir.

Savol. Siz davlat rahbari uchun xalq bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotda boʻlish oʻta muhim ahamiyatga ega ekanini doimo taʼkidlab kelasiz. Lekin hayotda barcha masalalar boʻyicha xalq bilan gaplashish, uning fikrini olish imkoni bormi? Siz ana shunday “boʻshliq”ni toʻldirishga qanday erishasiz?

Javob. Men Prezident sifatida ish boshlagan birinchi kunlardanoq oʻz komandamni haqiqiy holatga mutlaqo aloqasi boʻlmagan balandparvoz gaplar va “chiroyli” raqamlarni yoqtirmasligimni aytib, qattiq ogohlantirganman.

Qanchalik achchiq va noqulay boʻlmasin, men faqat toʻgʻri va haqqoniy maʼlumotni bilishni istayman. Bu men uchun toʻgʻri qarorlar qabul qilishga yordam beradi.

Albatta, bu talabni hamma ham tushunib yetgani yoʻq, haliyam eskicha usulda maʼlumot berishga urinishlar boʻlib turadi. Lekin men bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslikka harakat qilaman. Ana shu haqiqatni tushunmaganlarning koʻpchiligi bilan xayrlashdik va bu masalada talab doimo qattiq boʻladi.

Xalqimiz, Vatanimiz manfaatlari, jamiyatimizning kelajagi, farzandlarimizning baxtini taʼminlashga qaratilgan bugungi islohot jarayonlarining oʻzi shuni talab etmoqda. Bu borada boshqacha yoʻl tutishga haqqimiz yoʻq.

Yana bir bor aytaman, rahbar va mutasaddi shaxslar oʻrtasida kimki ana shu oʻtkir talabni tushunmasa, qanchalik ogʻir boʻlmasin, ular bilan xayrlashamiz.

Mening mamlakatimiz boʻylab amalga oshiradigan har bir tashrifimdan asosiy maqsad – xalq qanday yashayotgani, nima bilan nafas olayotganini bilishdan iborat. Bu – oʻta muhim masala. Shuning uchun koʻp hollarda safar davomida yoʻnalishni toʻsatdan oʻzgartirishimga toʻgʻri keladi. Bunday kutilmagan, hech qanday protokolda qayd etilmagan “marshrut”lar joylardagi rahbarlarni boʻshashmasdan, doimo ishchan holatda turishga oʻrgatadi, deb oʻylayman.

Afsuski, necha bor aytishim, ogohlantirishimga qaramasdan, joylarda faqat mening tashrifim oldidan koʻcha va maydonlarni tozalash, bir kechada binolar oldida “maysazor” va “gulzor”lar paydo qilish, umuman, haqiqiy holatni boʻyab koʻrsatishdek xoʻjakoʻrsin ishlar davom etmoqda. Koʻzboʻyamachilik, odamlarni qiynash, soxta va balandparvoz gaplarga oʻchlik yillar davomida baʼzi rahbarlarning qon-qoniga shu qadar singib ketgan ekanki, ulardan qutulish qiyin boʻlyapti. Lekin qanday boʻlmasin, bu kabi illatlarga butunlay chek qoʻyishimiz kerak. Chunki bunday holatlar rostgoʻy, soxta gap va ishni umuman qabul qilmaydigan xalqimizning asl tabiatiga mutlaqo yotdir.

Mahalliy hokimiyat idoralarining ishi Prezident kelib ketishi bilan tugamasdan, aksincha, tashrifdan keyin yangitdan boshlanishi, hatto oldingidan ham koʻpayishi lozim. Shundagina ishimizda surʼat va sifat boʻladi, natija uchun ishlashga oʻrganamiz. Ilgari hokimlar tashrifdan tashrifgacha boʻlgan vaqt oraligʻida bamaylixotir, taʼbir joiz boʻlsa, yallo qilib yurardi, endi esa ular oʻz oldiga aniq maqsad va vazifa qoʻyib, xalq bilan maslahat asosida astoydil ishlamoqda. Chunki ular biladi: Prezident kelgusi safar albatta har bir masala boʻyicha aniq natijani soʻraydi.

Biz mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi yangi bosqichida oldimizda turgan dolzarb vazifalarni tezkor hal qilishda vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining shaxsiy masʼuliyati va javobgarligini kuchaytirish, vazifa va vakolatlarini aniq belgilash, shuningdek, ularning faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha yangi tizimni joriy etishga alohida ahamiyat bermoqdamiz. Shu maqsadda maxsus qaror ham qabul qildik. Yuqorida aytib oʻtilgan toifaga mansub rahbarlarning oʻrinbosarlari oʻzlariga biriktirilgan tarmoq va sohalardagi faoliyatining samaradorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oldida shaxsan javobgar hamda Vazirlar Mahkamasi oldida hisobdor ekani belgilab qoʻyildi. Boshqacha aytganda, turli boʻgʻindagi rahbar oʻrinbosarlari oʻz boshligʻining soyasida yuradigan vaqt oʻtdi. Endi ular ham aniq vazifalar uchun javob beradi. Shaxsiy masʼuliyat va javobgarlik barcha boshqaruv idoralari xodimlari uchun bosh mezon boʻladi.

Hozirgi kunda odamlarni qiynayotgan muammolarni joylarda, mahallaning oʻzida hal etishga alohida eʼtibor beryapmiz. Viloyat, tuman va shahar hokimlari haftada ikki kunni fuqarolarni qabul qilishga ajratmoqda. Shuningdek, kunlik qabullar oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda.

Umuman, har bir hokimning kabineti “Xalq qabulxonasi”ga aylanishi lozim. Shunda har qaysi rahbar hududdagi haqiqiy ahvoldan toʻla xabardor boʻladi, ishida unum va samaraga erishadi.

Albatta, bugungi kunda odamlarni qanday masala va muammolar oʻylantirayotgani, tashvishga solayotganini yaqindan bilishda yordam beradigan ochiq manbalar, axborot tarmoqlari koʻp. Ayniqsa, televideniye, matbuot, Internet hayot nafasini, taʼbir joiz boʻlsa, har bir sohaning “yurak urishi”ni aniq-ravshan his qilishda muhim ahamiyatga ega. Shaxsan oʻzim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan yangiliklar, ular orqali bildirilayotgan dolzarb fikrlar, jamoatchilikning diqqat-eʼtiborini tortayotgan voqea-hodisalar bilan imkon qadar bevosita tanishib borishga harakat qilaman.

Bir soʻz bilan aytganda, zamonaviy axborot texnologiyalari rivojlangan bizning davrimizda real hayotdan butunlay uzilib qolish mumkin emas. Shunga qaramasdan, xalq bilan turli koʻrinishdagi, deylik, bu rejadagi tadbir boʻladimi yoki mahalla, tuman, qaysidir muassasaga kutilmagan holatda kirib borish orqali boʻladimi, umuman, bevosita muloqot hamisha kerak, deb hisoblayman.

Fuqarolar, keng jamoatchilik tomonidan qizgʻin muhokama qilinayotgan barcha muammolar eʼtibor qaratishni talab etadi. Ularni inkor qilish mumkin ham emas. Albatta, jamiyatdagi qonun buzilishi, adolatsizlik, inson huquqlariga bepisand munosabat, korrupsiya bilan bogʻliq holatlarga beparvo qarab boʻlmaydi. Tizimli tus olgan yoki juzʼiy muammo boʻladimi, ularning barchasiga darhol munosabat bildirib, tagiga yetish va hal etish zarur.

Masalan, keyingi yillarda tub islohotlar davriga qadam qoʻygan mamlakatimizda taraqqiyot kushandasi boʻlgan illat – korrupsiyaga qarshi izchil kurash olib borilmoqda. Misollarga murojaat qiladigan boʻlsak, 2020-yilda turli darajadagi mansabdorlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar uchun 1723 shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ular tomonidan yetkazilgan zarar 500 milliard soʻmni tashkil etgan. 2021-yilning besh oyida esa 1696 nafar mansabdorga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Yetkazilgan zarar 450 milliard soʻmni tashkil etmoqda.

Hech shubhasiz, bu moddiy zararlar aybdorlardan undirib olinadi. Korrupsiya balosini jamiyatimiz hayotidan yoʻq qilishga qaratilgan siyosat kelgusida ham qatʼiy davom ettiriladi.

Savol. Yurtimizda aholi uchun eng dolzarb va oʻtkir hayotiy masala boʻlgan zamonaviy turarjoylar, jumladan, arzon uy-joylar qurishga alohida eʼtibor berilmoqda. Bu yoʻnalishdagi ishlarning koʻlami istiqbolda qanday boʻladi?

Javob. Mamlakatimizda keyingi yillarda zamonaviy uy-joylar qurish boʻyicha yangi davr boshlandi, deb bemalol aytish mumkin. Buning tasdigʻini soʻnggi toʻrt yilda avvalgi yillarga nisbatan 4-5 barobar koʻp uy-joylar barpo etilgani, bu yilning oʻzida 54 ming oilani yangi uy-joylar bilan taʼminlash boʻyicha keng koʻlamdagi qurilish ishlari olib borilayotgani misolida yaqqol koʻrish mumkin.

Biz oʻz oldimizga qoʻygan ezgu maqsad – xalqimizni rozi qilish yoʻlidagi ulkan vazifalar, islohotlarimiz, qolaversa, bugungi hayotning oʻzi zamonaviy uy-joylar qurish surʼati va sifatini yana-da oshirishni talab etmoqda.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, biz ilgari uy-joy qurilishiga zamon talablaridan kelib chiqib, bunday keng yondashmaganmiz va hozirgidek keng koʻlamdagi qurilish ishlarini amalga oshirmaganmiz.

Biz bu yoʻlda dastlabki qadamlarni qoʻyib, katta tajriba orttirmoqdamiz. Barcha hududlarimizda aholi uchun qulay va shinam, barcha zamonaviy sharoitlarga ega boʻlgan uy-joylar barpo etilmoqda. Ipoteka bozori rivojlanmoqda. Hayotimizga “arzon uy-joylar”, “aqlli uy”, “aqlli shahar”, “raqamli xizmatlar” degan yangi tushuncha va koʻnikmalar kirib kelmoqda.

Kelgusida uy-joy fondini shunday darajaga olib chiqishimiz kerakki, aholining barcha qatlamlari uy-joy sotib olish va bu borada tanlash imkoniga ega boʻlishi lozim.

Albatta, bu borada turli muammolar ham mavjud va biz ularni joylardagi mahalliy boshqaruv organlari bilan birgalikda hal etyapmiz.

Misol uchun, koʻpqavatli uylar oraligʻidagi boʻsh joylarda qurilishlar qilish, moratoriy eʼlon qilinganiga qaramasdan, daraxtlarni kesish, yashil hududlarni kamaytirish holatlari koʻpchilikni ranjitmoqda. Baʼzi rahbarlarning beparvoligi yoki manfaatparastligi tufayli turarjoy mavzelarida odamlar sayr qiladigan, sport bilan shugʻullanadigan, farzandlari bilan birga toza havoda dam oladigan ochiq joyning oʻzi qolmayapti.

Albatta, biz bunday holatlarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrmasdan turolmaymiz. Shuning uchun ham Toshkentda va boshqa yirik shaharlarda yangi qurilishlarni shahar tashqarisidagi hududlarda amalga oshirish choralari belgilanmoqda. Turarjoy mavzelari ichida kommunal infratuzilmalar – gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilmasdan, yangi binolar qurish amaliyotiga barham berildi.

Savol. Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning taʼlim olishi, mehnat qilishi, bilim va qobiliyatini roʻyobga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Yurtimizda 2021-yilning “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb eʼlon qilingani buning yana bir amaliy ifodasi boʻldi. Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish jarayonida yoshlarning oʻrni va asosiy vazifalari nimalardan iborat, deb bilasiz?

Javob. Yoshlar – xalqimizning asosiy tayanchi va suyanchi. Keng koʻlamli islohotlarimizni samarali amalga oshirishda ular hal qiluvchi kuch boʻlib maydonga chiqmoqda. Aynan zamonaviy bilim olgan, ilgʻor kasb-hunarlarni, innovatsion texnologiyalarni, xorijiy tillarni puxta egallagan oʻgʻil-qizlarimiz mamlakatimizni yana-da taraqqiy ettirishda yetakchi oʻrin tutadi.

Maʼlumki, yoshlar yangicha fikrlashga, yangi-yangi gʻoyalarni dadil oʻrtaga tashlab, ularni amalga oshirishga, muammolarni ijodiy va nostandart yondashuvlar asosida hal etishga moyil boʻladi. Shuning uchun hozirgi kunda yosh avlod vakillarining bilim olishi, ilm-fan, innovatsiyalar, adabiyot, sanʼat va sport sohasidagi isteʼdod va salohiyatini yuzaga chiqarishi, ularning jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga ustuvor ahamiyat bermoqdamiz.

Imom Buxoriy bobomiz toʻplagan muborak hadislardan birida: “Yoshlikda oʻrganilgan ilm toshga oʻyilgan naqsh kabidir”, deb aytiladi.

Buyuk allomalarimiz ana shunday hikmatlarga amal qilib, ilm-fan sohasida buyuk kashfiyotlarni amalga oshirganlari va umumbashariy tafakkur rivojiga beqiyos hissa qoʻshganlari tarixdan yaxshi maʼlum.

Ana shunday qutlugʻ anʼanalarni davom ettirib, yurtimizda yangi xorazmiylar, fargʻoniylar, beruniylar, ibn sinolar, mirzo ulugʻbeklar, navoiylarni tarbiyalab yetkazish – nafaqat vazifamiz, balki tarix va kelajak oldidagi muqaddas burchimizdir.

Biz bu yoʻlda katta ishlarni boshladik. Mamlakatimizda yuqori bilim va malakaga ega boʻlgan, raqobatdosh kadrlar tayyorlash maqsadida oliygohlar soni 141 taga yetkazildi, 26 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasining filiallari ochildi. Holbuki, 2016-yilda respublikamizdagi oliygohlarning soni 77 ta edi. Qisqa muddatda bu borada qariyb ikki barobar oʻsishga erishganimiz, hech shubhasiz, yoshlarimiz, butun jamiyatimizning intellektual salohiyatini oshirish, zamonaviy bilim, kasb-hunarlarga yana-da yaqinlashtirish yoʻlidagi harakatlarimiz natijasidir.

Keyingi besh yilda oliy taʼlimga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, joriy yilda 182 ming nafar yoshlar uchun talaba boʻlish imkoniyati yaratildi. Bu – umumiy qamrov 28 foizga yetdi, deganidir. Oʻzingiz qiyoslab koʻring, 4 yil avval bu raqam atigi 9 foizni tashkil etardi. Bu borada davlat grantlari 21 mingtadan 47 mingtaga koʻpaytirilgani, oʻtgan yilgi tajribamizni yangi bosqichga koʻtarib, ehtiyojmand oilalarga mansub 2 ming nafar qizlarga bu yil oliygohlarga kirish uchun alohida grantlar ajratilgani yoshlarimiz kelajagini taʼminlashga qaratilgan amaliy eʼtiborimiz namunasidir.

Biz 2030-yilga qadar maktab, litsey va kollej bitiruvchilarini oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini 50 foizga yetkazishni reja qilganmiz va bunga albatta erishamiz.

Bu yil Toshkent shahrida eng yuksak xalqaro talablarga javob beradigan “Yangi Oʻzbekiston” universiteti tashkil etildi. Ushbu universitet mamlakatimizdagi barcha oliy oʻquv yurtlari uchun namuna boʻladi. Eng bilimli va isteʼdodli yoshlarimiz shu yerda oʻqiydi.

Biz uzluksiz milliy taʼlim-tarbiya tizimining barcha bosqichlarini uygʻun va mutanosib rivojlantirishga alohida eʼtibor bermoqdamiz. Oxirgi toʻrt yilda bolalarimizni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi ilgarigi 27,7 foizdan 2 barobar ortib, 60 foizga yetgani, bogʻchalar soni esa 3-marta koʻpayib, 14 mingdan oshgani ana shunday islohotlarimiz natijasidir.

Hozirgi vaqtda yurtimizda “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan gʻoya asosida maktab taʼlimi tizimida ham katta oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahrida va hududlarimizda Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar soni koʻpayib bormoqda.

“Besh muhim tashabbus” dasturi, “Barkamol avlod” markazlari doirasida yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish uchun bu yilning oʻzida 36 mingta qoʻshimcha toʻgarak tashkil etilib, 874 mingga yaqin bola ularga jalb etildi. Shuningdek, taʼlim muassasalari, kutubxona va oʻquv markazlariga qariyb 100 mingta sanʼat va sport inventarlari, kompyuterlar, 600 mingga yaqin kitob yetkazib berildi.

Ayniqsa, navqiron oʻgʻil-qizlarimizning tadbirkorlik sohasidagi gʻoya va tashabbuslarini roʻyobga chiqarish, ularni ish va daromad manbai bilan taʼminlashga davlat miqyosida katta ahamiyat berilmoqda. Ana shunday eʼtibor tufayli soʻnggi toʻrt yilda 30 yoshgacha boʻlgan tadbirkorlar soni 5 barobar koʻpayib, 500 mingdan oshgani, hech shubhasiz, ushbu soha rivojida muhim rol oʻynamoqda. Bu yilning oʻzida 92 mingdan ziyod yoshlarning tadbirkorlik loyihalari uchun 2 trillion 300 milliard soʻm imtiyozli kreditlar ajratilgani bunday yoshlarimiz safini yana-da kengaytirishga xizmat qiladi.

Mahallalarda tashkil etilayotgan kasb-hunarga oʻqitish kurslarida minglab oʻgʻil-qizlarimiz mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasb-hunarlarni egallamoqda.

Bu yildan boshlab, har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yoʻnalishidan kelib chiqib, qishloqlarda yoshlarga 10 sotixdan 1 gektargacha yer maydonlari ajratish boshlandi. Natijada qishloqda yashayotgan 230 mingdan ortiq yoshga 61 ming gektar yer maydoni ajratib berildi. Shuningdek, gʻalladan boʻshagan yerlardan yana 75 ming gektari 170 ming nafar yoshlarga takroriy ekinlar ekish uchun ajratildi.

Yoshlar oʻrtasida kambagʻallikni kamaytirish, ularni oʻzini oʻzi band qilishga ragʻbatlantirishda “Yoshlar daftari”, yoshlar dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlarimiz muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda. Shu yilning 8 oyi mobaynida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 430 ming nafar yigit-qizning muammolarini hal etish uchun 300 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Jumladan, “Temir daftar”dagi oilalar farzandlari boʻlgan 2 mingdan ziyod talabaning kontrakt pullari toʻlab berildi.

Bu yildan boshlab ish beruvchilarga ularning 25 yoshdan oshmagan ishchi-xodimlari uchun hisoblangan ijtimoiy soliq miqdorini byudjetdan toʻliq qaytarib berish tartibi joriy qilindi. Natijada joriy yilning ikkinchi yarmida 170 milliard soʻm, kelgusi yilda esa 500 milliard soʻm mablagʻ 240 ming nafar yoshni ishga qabul qilgan tadbirkorlar ixtiyorida qoladi.

Talaba yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi tizim asosida yotoqxona bilan taʼminlanmagan 62 ming nafar oʻgʻil-qizlarimizga oylik ijara toʻlovining 50 foizi byudjetdan toʻlab berildi.

Albatta, bu boradagi ishlarimiz nafaqat izchil davom ettirilmoqda, balki yana-da yuqori bosqichga koʻtarilmoqda. Shu maqsadda 2021-yil 13-iyulda qabul qilingan “Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmon bu fikrni tasdiqlaydi.

Mazkur hujjatda mamlakatimiz yoshlari uchun qoʻshimcha 30 dan ortiq yangi imtiyoz va imkoniyatlar yaratish koʻzda tutilgan. Ana shunday imkoniyatlardan faqat bittasi haqida fikr yuritmoqchiman. “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning oliygohlarda taʼlim olayotgan farzandlarining 2021-2022 oʻquv yilidagi kontrakt puli birinchi oʻquv yili uchun Davlat byudjeti hisobidan toʻlab beriladi. Bunday imkoniyatdan yurtimiz boʻyicha 4 mingdan ziyod oilalar farzandlari foydalanadi. Buning uchun byudjetdan 29,2 milliard soʻm ajratiladi.

Yurtimizda ota-onasidan ajragan, mehrga muhtoj bolalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning taʼlim-tarbiya olishi, ish joyi va uyiga ega boʻlishi, jamiyatda munosib oʻrin topishi, “Mehribonlik uylari”, maxsus maktab-internatlar va “Bolalar shaharchasi”ning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyatini mustahkamlashga jiddiy eʼtibor berilmoqda.

Ayniqsa, “Mehribonlik uylari”dagi bolalarni oilaga yaqin muhitda tarbiyalash, bilimli, kasb-hunarli va maʼnaviyatli, vatanparvar insonlar etib voyaga yetkazish – hammamizning muqaddas burchimiz. Shularning barchasini hisobga olib, “Mehribonlik uylari” va maxsus maktab-internatlarda taʼlim-tarbiya samaradorligini oshirish boʻyicha yangi tizimni joriy etmoqdamiz.

Ana shunday oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining muammolarini oʻrganish hamda hal etish, ularning orzu-istaklarini roʻyobga chiqarish boʻyicha yangi tizim – “Mehr daftari” joriy etilmoqda. Shuningdek, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlash tartibi belgilandi. Unga koʻra, oʻziga biriktirilgan uy-joyga ega boʻlmagan va turarjoyga muhtoj sifatida hisobda turgan ana shunday bolalarga ular 18 yoshga toʻlgan yili umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam boʻlmagan 1 xonali, voyaga yetgan bolalar oʻrtasida nikoh tuzilgan holatlarda esa 50 kvadrat metrdan kam boʻlmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi.

Oʻylaymanki, insonparvarlik ruhi bilan yoʻgʻrilgan bunday islohotlarimiz buyuk Alisher Navoiy bobomizning bitta koʻngli oʻksik odamni xursand qilish – Kaʼbani obod etish bilan barobar, degan teran maʼnoli soʻzlariga, mehr-oqibat, saxovat va olijanoblik kabi fazilatlarni doimo qadrlab, ulugʻlab yashaydigan xalqimizning orzu-intilishlariga har tomonlama uygʻun va hamohangdir.

Men yurtimizning qaysi hududi, shahar va qishlogʻida boʻlmayin, albatta u yerdagi yoshlar bilan uchrashaman. Ochiq va samimiy suhbatlarda ularning sogʻligi, oʻqishi, orzu-intilishlari, qishlogʻi yoki mahallasidagi shart-sharoitlar bilan qiziqaman.

Bilasizmi, dunyodagi davlatlar, xalqlarning rivojlanish darajasini koʻrsatadigan mezonlar, parametrlar koʻp. Lekin men uchun shu boradagi eng muhim mezon – bu yoshlarimizning baxti, kamolidir.

Yangi Oʻzbekistonning nafasi, surʼati va shiddatini avvalo aziz oʻgʻil-qizlarimizning azmu shijoati, dadil fikr va takliflarida, erishayotgan dastlabki yutuqlarida koʻraman.

Yaqinda 30-iyun – Yoshlar kunida navqiron avlodimiz vakillari bilan yana bir bor uchrashib, ularning turli sohalardagi izlanishlarini koʻrib juda xursand boʻldim.

Ishonchim komilki, farzandlari doimo izlanish va intilishda boʻlgan, yuksak marralarni koʻzlab, oldinga qarab intiladigan xalq va davlat oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarga albatta yetadi. Chunki bunday harakatlar ertaga qudratli toʻlqinga aylanib, hayotimizni bugun kechagidan, ertaga bugungidan yaxshi va obod qilish, ongu tafakkurimizni yuksaltirishga olib keladi.

Savol. Mamlakatimizda keyingi yillarda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida erishilayotgan yutuqlar haqida soʻz borganda, xotin-qizlarning oʻqishi, bilim olishi, mehnat qilishi, ularning sogʻligini saqlash, isteʼdod va qobiliyatini roʻyobga chiqarish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglik boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar birinchi navbatda tilga olinmoqda. Buning sababi nimada?

Javob. Buning sababi oddiy, albatta. Chunki dunyodagi har qanday xalq, davlat va jamiyatning taraqqiyot va madaniyat darajasi avvalo ularning xotin-qizlarga boʻlgan munosabati bilan belgilanadi.

Ayol bor ekan, oila degan muqaddas qoʻrgʻon, farzand degan bebaho neʼmat bor. Ayollarimiz baxtli boʻlsa albatta oilamiz, jamiyatimiz ham baxtli boʻladi.

Xotin-qizlar barcha soha va tarmoqlarda erkaklar bilan teng huquqqa ega boʻlib, yuksak hurmat-ehtiromda yashagan mamlakatda albatta tinchlik va hamjihatlik, oʻsish va yuksalish boʻladi.

Shuning uchun ham biz uchun buyuk Ona timsoli boʻlgan ayol zotini xalqimiz azal-azaldan ulugʻlab, eʼzozlaydi.

Odamzotga asrlar davomida mehr tuygʻusini singdirib, uni goʻzallik, vafo va sadoqat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalab kelayotgan aziz va mukarram zot ham onalarimizdir.

Bu hayotda nimaga, qanday yutuq va natijalarga erishgan boʻlsak, ularning barchasi munis va mehribon onalarimiz tufaylidir. Shuning uchun biz xotin-qizlarimiz oldida doimo qarzdorlik hissi bilan yashaymiz. Ularga har qancha mehr va eʼtibor koʻrsatsak, arziydi.

Yurtimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan muhtarama onalar, opa-singillarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish borasida davlat siyosatini olib borishda biz aynan ana shunday qadriyatlarga tayanamiz.

Keyingi yillarda bu muhim masalaning amaliy ijrosiga qaratilgan 24 ta hujjat, jumladan, 2 ta qonun, Prezidentning 6 ta farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining 16 ta qarori qabul qilingani opa-singillarimizga boʻlgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik ifodasidir.

Hurmatli ayollarimiz hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida faol ishtirok etib, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga beqiyos hissa qoʻshmoqdalar. Ularning orasida deputat va senatorlar, vazir va hokimlar, akademiklar, professorlar, Oʻzbekiston Qahramonlari, Xalq oʻqituvchilari, Xalq shoirlari, Xalq artistlari borligini barchamiz yaxshi bilamiz.

Bugungi kunda mamlakatimizda Gender tenglikni taʼminlash boʻyicha komissiya, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi, Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi kabi tuzilmalar opa-singillarimizning manfaatlarini himoya qilishda muhim rol oʻynamoqda.

Mamlakatimizda xotin-qizlarni ish oʻrinlari, uy-joy bilan taʼminlash, ularga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor berilmoqda. Bu borada ayollarni kasb-hunarlarga qayta oʻqitish markazlari joriy etilgani, arzon uy-joylar dasturi amalga oshirilayotgani muhim ahamiyatga egadir. Har yili ogʻir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning uy-joy boʻyicha boshlangʻich badallari davlat byudjeti hisobidan toʻlab berilmoqda.

Jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, turli sohalarda ibratli natijalarga erishayotgan, sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalashga munosib hissa qoʻshayotgan opa-singillarimiz 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami, Mustaqillik kuni, turli kasb bayramlari munosabati bilan davlatimizning yuksak mukofotlari, shuningdek, “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanmoqda.

Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan qizlarning soni 367 nafarga yetgani ham ana shunday ishlarimiz qatoriga kiradi.

Suhbatimiz boshida aytilganidek, “Ayollar daftari” tizimi asosida xotin-qizlar oʻrtasida kambagʻallik va ishsizlikni tugatish boʻyicha izchil ish olib borilmoqda.

Savol. Yurtimizda xonadonlarimizning fayzu farishtasi boʻlgan keksa avlod vakillari, muhtaram faxriylarimizga alohida mehr va gʻamxoʻrlik koʻrsatib kelinmoqda. Bu boradagi amaliy ishlarning kelgusi rivoji haqida ham fikringizni bilmoqchi edik.

Javob. Men har doim bugungi tinch-osoyishta, erkin va farovon hayotimiz haqida oʻylaganimda, bunday yorugʻ kunlarga yetib kelishda qancha-qancha avlod vakillari, ota-bobolarimiz tinimsiz mehnat qilganlari, oʻz boshiga tushgan barcha sinov va mashaqqatlarni sabr-matonat bilan yengib oʻtganlarini chuqur minnatdorlik bilan eslayman. Ular oʻzlari qiynalib boʻlsa ham bizni shunday tinch va dorilomon kunlarga yetkazganlari – bu hech narsa bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydigan ulkan jasorat, fidoyilik va qahramonlikdir.

Shuning uchun bunday mard va olijanob ajdodlarimizdan oʻtganlarining xotirasini ulugʻlab, hamisha chuqur hurmat-ehtirom bilan yod etish, bugun oramizda yashab kelayotgan muhtaram nuroniylarimizni har tomonlama ardoqlash – muqaddas burchimizdir.

Eng muhimi, bunday savobli ishlarimiz yoshlarimiz uchun ham tarbiya va ibrat maktabiga aylanadi.

Albatta, siz, jurnalistlarga yaxshi maʼlum – yurtimizda keksa avlod vakillarini qoʻllab-quvvatlash, ularning mazmunli umr kechirishi uchun zarur sharoitlarni yaratish borasida katta ishlar qilinmoqda. Xususan, pensiya va nafaqalarni rasmiylashtirish, ularni oʻz vaqtida toʻlash, turli ijtimoiy xizmatlardan foydalanish bilan bogʻliq qiyinchilik va muammolar bartaraf etildi. Jamiyatimiz hayotida faol ishtirok etib kelayotgan otaxon va onaxonlarimiz “Nuroniy” jamgʻarmasi tomonidan moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirilmoqda.

Keksa avlod vakillarining salomatligini asrash, ularga respublikamizdagi turli sanatoriya va dam olish uylariga imtiyozli yoʻllanmalar berish, bayram kunlarida ularni alohida qutlab-tabriklash, doimiy izzat-hurmat koʻrsatish ezgu anʼanaga aylanib bormoqda.

Takror aytaman, oʻz vaqtida bor kuch-gʻayrati, bilim va salohiyatini Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi uchun bagʻishlagan bunday tabarruk insonlar oldida biz bir umr qarzdormiz. Muhtaram nuroniylarimizning hayotini yana-da fayzli qilish, ular oʻzlarining boy tajribasi, foydali maslahatlari bilan ijtimoiy hayotimizda, ayniqsa, Yangi Oʻzbekiston yoshlarini tarbiyalashda yana-da faol ishtirok etishlari uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratamiz.

Bu masalalarga alohida urgʻu berib gapirayotganim albatta bejiz emas. Biz Yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonida xalqimizni rozi qilishni oʻz oldimizga ulugʻ maqsad qilib qoʻygan ekanmiz, buni jamiyatimizning har bir aʼzosi oʻz hayotida sezishi, his etishi biz uchun gʻoyat muhimdir.

Hozirgi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida uch avlod vakillari oʻrtasida samimiy uchrashuvlar oʻtkazilayotgani, ularda muhtaram nuroniylarimiz ham faol ishtirok etib, oʻzlarining mehnat va hayot tajribasi, bugungi tinch va yorugʻ kunlarning qadr-qimmati va ahamiyati haqida bildirayotgan fikrlari yoshlarimiz uchun chinakam tarbiya maktabi boʻlib xizmat qilmoqda.

Savol. Eng ulugʻ va eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramimiz arafasida gazetamiz sahifalarida turli kasb egalari boʻlgan yurtdoshlarimizning ezgu tilaklari berib borilmoqda. Siz Vatanimiz mustaqillikka erishgan birinchi kunlardan boshlab mamlakatimizda yangi davlat va jamiyat qurish jarayonlarida faol ishtirok etib kelgan atoqli rahbar, bugungi kunda esa Yangi Oʻzbekistonni barpo etish konsepsiyasining tashabbuskori va uni amalga oshirish yoʻlidan butun xalqimizni dadil oldinga boshlab borayotgan milliy yetakchi, Prezident sifatida ushbu bayram munosabati bilan xalqimizga qanday tilaklar bildirgan boʻlardingiz?

Javob. Albatta, mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan biz barcha soha va tarmoqlar boʻyicha taraqqiyotimiz yakunlarini chuqur sarhisob qilib, kelgusi rejalarimizni yana-da aniq belgilab olamiz. Ayniqsa, yurtimizdagi har bir insonning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash, xalqimizning yana-da erkin va farovon yashashiga erishish biz uchun bundan buyon ham bosh maqsad boʻlib qoladi.

Men uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sifatidagi faoliyatimning maʼno-mazmunini tashkil etadigan eng ulugʻ maqsad –xalqimizning tinch va osoyishta, erkin va farovon hayot haqidagi orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish yoʻlida sidqidildan fidokorona xizmat qilishdan iboratdir.

Barchamizga rizq-nasiba bergan, oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan el-yurtimiz oldida biz hamisha qarzdormiz. Aziz va ardoqli xalqimizning roziligiga erishish – biz uchun eng buyuk saodatdir. Chunki xalq bizdan rozi boʻlsa, Yaratgan ham rozi boʻladi.

Necha-necha ajdodlarimiz orzu-niyat qilib oʻtgan mana shunday buyuk ishlarni amalga oshirish bugun bizga nasib etgan ekan, bu oʻzligini anglagan har bir vatandoshimiz uchun chinakam baxt va sharaf emasmi?

Ishonchim komil, biz jonajon Vatanimizga boʻlgan cheksiz mehrimiz va sadoqatimizni muqaddas bayroq qilib, bor bilim va tajribamiz, aql-zakovatimizni ishga solib, yagona xalq, yagona millat boʻlib, koʻzlagan ezgu maqsadlarimizga albatta yetamiz.

Yangi Oʻzbekiston jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan, har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylanadi.

Men bunga nafaqat ishonaman, balki shu yoʻlda bor bilim va tajribamni, kuch-gʻayratimni safarbar etishga hamisha tayyorman. Barcha yurtdoshlarimizni ana shunday ulugʻ safda – Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari qatorida boʻlishga daʼvat etaman.

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, koʻpmillatli xalqimizni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman. Har bir xonadon, har bir vatandoshimizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, baxtu saodat doimo yor boʻlishini tilayman.

Manba: yuz.uz

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

3 × 4 =