YAPONIYA OTMLARI VA O’zDJTU: SAMARALI HAMKORLIK YO’LIDA

22.11.2019

«Yaponiya va O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlar: Yangi Ipak yo’lidagi XXI asr diplomatiyasi»

O’zbekiston davlat jahon tillari universitetining Yaponiya universitetlari bilan hamkorligini yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilning 20-noyabr kuni O’zDJTU rektori, professor G’. X. Raximov boshchiligidagi delegatsiya Tokio shahridagi Toyo universitetiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida O’zDJTU rektori «Yaponiya va O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlar: Yangi Ipak yo’lidagi XXI asr diplomatiyasi «mavzusida ma’ruza qildi.

Ma’ruza davomida Yaponiyaning yirik xususiy oliy o’quv yurtlaridan birining 100 dan ortiq talaba va o’qituvchilari ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlarning uzoq tarixi, ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, 2017-2021-yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha “Harakatlar strategiyasi”ni amalga oshirish doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari bilan tanishish imkoniga ega bo’ldilar.

Yaponiyalik talabalar O’zDJTUda amaliyot o’taydi

Bundan tashqari, Toyo universitetining o’zbek tilini o’rganuvchi talabalari bilan uchrashuv tashkil etildi. Yaponiyalik talabalar o’zbek tili va madaniyatini o’rganishga katta qiziqish bildirib, o’zbek tilida qo’shiqlar ijro etdilar.

Muzokaralar natijasiga ko’ra, 2020-yil mart oyida O’zDJTUda 12 nafar yaponiyalik talabaning pedagogik amaliyotini tashkil etishga kelishib olindi.

Toyo universiteti rektori, professor M.Takemur bilan uchrashuvda oliy o’quv yurtlari o’rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, jumladan, talabalar, o’qituvchilar almashinuvi, ilmiy tadqiqotlar o’tkazish, konferensiyalar va boshqa tadbirlarda ishtirok etishni nazarda tutuvchi “Hamkorlik to’g’risidagi bitim” imzolandi.  Universitetning xalqaro aloqalar bo’yicha prorektori K. Takaxashi, filologiya fakulteti dekani, professor E. Yaguchi, xalqaro bo’lim koordinatori N. Xirahata mazkur bitim oliy o’quv yurtlari o’rtasidagi joriy hamkorlikni yangi bosqichga ko’tarishiga va mamlakatlar o’rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish yo’lida xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

O’zDJTU kutubxona fondiga yangi adabiyotlar taqdim etildi

Bunkyo Gakuin universitetida (Tokio, Yaponiya) 2019-yil 21-noyabr kuni Bunkyo Gakuin universiteti va O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti o’rtasida hamkorlik shartnomasini imzolash marosimi bo’lib o’tdi. Ushbu universitet Yaponiyaning yetakchi xususiy universitetlaridan biri bo’lib, O’zDJTU bilan yaqin va o’zaro manfaatli hamkorlikni qo’llab-quvvatlaydi.

Marosimda Bunkyo Gakuin universitetida tahsil olayotgan O’zDJTU talabalari ishtirok etib, sifatli ta’lim olish imkoniyati yaratilgani uchun har ikki tomon rahbariyatiga alohida minnatdorlik bildirdilar.

Tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, talabalar va o’qituvchilar o’rtasida almashinuvlar davomiyligini oshirishga kelishib oldilar. Bunkyo Gakuin universiteti rahbariyati O’zDJTU kutubxona fondiga 50 dan ortiq yapon tili va adabiyoti darsliklarini taqdim etdi.

Bunkyo Gakuin universiteti qoshidagi markazlarga tashrif

Bunkyo Gakuin universiteti rektori Janob Takashi Sakuray O’zDJTU delegatsiyasi vakillarini OTM faoliyati va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirdi.

Delegatsiya, shuningdek, Bunkyo Gakuin universiteti qoshidagi «Grafika va dizayn» o’quv-ishlab chiqarish markazi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur markaz talabalari yirik sport va madaniy tadbirlar, xususan, 2019-yilda Tokioda bo’lib o’tgan regbi bo’yicha Jahon chempionati va bo’lajak “Tokio-2020” Olimpiya o’yinlari uchun promo-materiallar eskizlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.

Bunkyo Gakuin universitetining mahalliy hamjamiyat hayotida madaniy tadbirlarni tashkil etish va o’tkazishdagi faol ishtiroki “Ijtimoiy tashabbuslar markazi”ga tashrif buyurish chog’ida muhokama qilindi. O’zDJTU rektori mazkur yo’nalishdagi universitet siyosati O’zbekistonda mahalla fuqarolar yig’inlari tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirlar bilan o’xshashligini ta’kidladi.

Tomonlar uchrashuvning samaradorligini qayd etib, erishilgan kelishuvlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga ishonch bildirdilar.

Umuman olganda, Yaponiya bilan O’zbekistonnning ta’lim, fan va madaniyat sohasidagi hamkorligini yangi bosqichga ko’tarilishida O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti mamlakatimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasasi sifatida faoliyat olib bormoqda. Bu hamkorlik ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlarning yanada rivojlanishi yo’lida xizmat qiladi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

5 × 2 =