2024 YILNING ILK KUNIDA “JADID” GAZETASI CHOP ETILDI

04.01.2024

Davlatimiz rahbarining ezgu tashabbusi bilan 2024-yilning ilk kunida “Jadid” gazetasi chop etildi. Ushbu nashr Vatan va xalq manfaatlari yo‘lida jon fido qilgan millat oydinlari – jadid bobolarimiz hayoti va faoliyatini keng targ‘ib etishda o‘ziga xos tafakkur maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

Jadid ma’rifatparvar bobolarimiz millatni uyg‘otish, uni taraqqiyot sari undash uchun ham ishni eng avvalo gazeta ta’sis etishdan boshlagan. “Tarjimon”, “Oyina”, “Taraqqiy”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona”, “Najot”, “Hurriyat”, “Al-isloh” kabi bosma nashrlar orqali milliy istiqlol, hurriyat, ma’rifat kabi hayotbaxsh g‘oyalarni xalq ichiga olib kirishga intildilar.  

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan jadid  ma’rifatparvar bobolarimizning Vatan taraqqiyoti, millat ravnaqi yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yanada keng tadqiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Prezidentimiz 2023 yil 22 dekabrda o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida jadid bobolarimizning milliy taraqqiyotni har tomonlama jadallashtirish,  ziyoli va ijodkorlarni birlashtirishga daxldor tashabbuslari qatorida “Jadid”  gazetasini ta’sis etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi hamda ushbu nashrni yangi yilning birinchi kunida chop etish taklifini ilgari surdi.    

Qisqa fursat davomida – bor-yo‘g‘i sakkiz kun ichida sakkiz sahifalik gazetaning ilk nishona soni nashrga tayyorlandi.  

–Yangi yil yangi bir tarixiy hodisa bilan boshlandi, – dedi adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Bahodir Karimov. – 2024 yilning ilk kunida «Jadid» degan gazeta qo‘limizda turibdi. Uning  tashabbuskori Prezidentimiz aynan o‘zlarining nutqlarida mana shunday gazeta tashkil qilish kerak, degan fikrni ilgari surgan edi. Ana shu jarayonda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi negizida paydo bo‘lgan bu gazetaning xodimlari, jadidshunoslar, olimlar, ziyolilar jiddiy ishladi va juda qisqa muddat davomida davlatimiz rahbarining topshirig‘i bajarildi. Prezidentimizning bu tashabbusini nafaqat biz – o‘zbek olimlari, balki xalqaro miqyosdagi jadidshunos olimlar,  jadid adabiyoti, jadid madaniyati, jadid san’ati bilan shug‘ullanadigan barcha ziyo ahli qo‘llab-quvvatlaydi. O‘ylaymanki, gazeta sahifalarida xorijdan kelgan ko‘p manbalar, materiallar ham o‘z ifodasini topadi.  

“Jadid” gazetasining ilk sonini tayyorlash jarayoni qizg‘in kechdi. Nashrda O‘zbekiston xalq shoiri, atoqli ijodkor Iqbol Mirzoning “Muharrir minbari” rukni ostidagi “Birlashmoq davri” sarlavhali bosh maqolasida mazkur yangi nashrning mazmun-mohiyati, maqsad-muddaolari, yo‘nalishi haqida to‘xtalib o‘tilgan. Bugun dunyoda yangilanayotgan O‘zbekiston sifatida e’tirof etilayotgan mamlakatimizda kechayotgan ma’rifiy islohotlarning jadid bobolarimiz g‘oya va intilishlari, maqsad-muddaolariga nechog‘li hamohang ekani teran, samimiy, ravon, xalqchil tarzda ifoda etilgan.  

Gazeta sahifalarida buyuk millatparvar, ma’rifatparvar  bobolarimizning millatni isloh etishga oid g‘oyalari, «Manbalar», «Tamaddun», «Oyina», «Boqiy meros», «Davr ruhi»,  «Meros», «Moziy sabog‘i», «Fikr maydoni»  kabi ruknlar ostida  taniqli adabiyotshunoslar,  yozuvchilar, publitsistlar,  olimlar, tarixchilarning ilmiy-ommabop  maqolalari joy oldi.  

– Jadid deganda ularning amalga oshirgan eng muhim ishlari sifatida ma’rifatparvar bobolarimizning maktablari, darsliklari, gazetalari  ko‘zimiz oldiga keladi. Millatimizni, davlatimizni yangi bosqichga olib chiqish uchun, Prezidentimiz jon kuydirib harakat qilayotgan taraqqiyot yo‘lida islohotlarni yanada dadilroq darajaga olib chiqishimiz uchun bugun ilg‘or umumfikrlarni jamlaydigan va buni xalqimizga tushunarli qilib yetkazib beradigan minbar zarurati paydo bo‘ldi. Gazeta ham jadid bobolarimizning «Tilda,  fikrda,  ishda birlik!»  degan qutlug‘ so‘zlarini shior qilib olgan. Bu bekorga emas. Demak, biz birlashishimiz, Prezidentimizning ishonchini oqlashimiz kerak. Mana shu ma’noda men hamma do‘stlarimizni hamkorlikka chaqiraman.  Bu yangi minbar hammaga muborak bo‘lsin!  

Davlatimiz rahbarining “Tarixdan ma’lum: Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”, degan  so‘zlari shunchaki tarixiy ma’lumot emas, balki har birimiz uchun jiddiy chaqiriq ekanini teran anglashimiz shart. “Jadid” gazetasi ana shunday jasoratli ziyolilar uchun asosiy minbarga aylanishiga bel bog‘laganmiz va bu borada barcha jonkuyar, fidoyi yurtdoshlarimizni ijodiy hamkorlikka chorlaymiz, – dedi «Jadid» gazetasi bosh muharriri Iqbol Mirzo.  

Darhaqiqat, «Jadid» gazetasi tom ma’noda ma’rifatparvar  bobolarimiz orzu qilgan yangi zamonning shukronasi, Vatan va xalq manfaatlari yo‘lida bugun yana millat oydinlarini birlashtirishdek ezgu g‘oya tantanasidir. Yangi O‘zbekistonning muhtasham ushbu nashri xalqimiz ziyolilari, keng jamoatchilik tomonidan yangi fikr ufqlarini ochguvchi ma’rifiy nashr sifatida katta ko‘tarinkilik  bilan kutib olindi.  

«Jadid»  gazetasining nishona soni hamda ushbu yangi nashrni ta’sis etishning tarixiy ahamiyati haqida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» telekanalida taqdimot qilindi.  

N.Usmonova, O‘zA

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

eighteen + one =