MUTAXASSISLAR BUYUK BRITANIYA-O‘ZBEKISTON TRANSMILLIY TA’LIM (TNE) HAMKORLIGINI YUZASIDAN FIKR ALMASHDILAR

13.01.2024

2024-yilning 10-yanvar kuni Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Leo Dokerti O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi.

Ushbu tashrif dasturiga muvofiq Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetida Leo Dokerti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Timoti Smart, Britaniya Kengashi direktori Denis Voddingem, Buyuk Britaniya Parlamenti delegatsiya a’zolari va Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) rektori Bahrom Mirqosimov ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

Unda Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi istiqbolli sheriklik va ta’lim aloqalarini rivojlantirish yo‘nalishlari, jumladan, ingliz tilini o‘qitishga bo‘lgan talabning ortib borishini qo‘llab-quvvatlash yo‘llari, O‘zbekiston hukumatining oliy ta’lim sohasidagi ustuvor yo‘nalishlari hamda Buyuk Britaniya-O‘zbekiston Transmilliy Ta’lim (TNE) hamkorligining muvaffaqiyatlari va ularni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Tashrif davomida janob Dokerti uchun universitet bo‘ylab ekskursiya, shuningdek, universitet talabalari bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv davomida talabalar universitetdagi akademik va ijtimoiy hayot haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.