JAHON BANKI ILMIY ISHLANMALARNI TIJORATLASHTIRISH UCHUN 50 MLN. AQSH DOLLARI AJRATISHI MA’LUM QILINDI

25.12.2019

24-dekabr kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda innovatsion g‘oyalarni va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash” mavzusida brifing o‘tkazildi.

Konferensiyada ilmiy ishlanmalar tijoratlashtirish, startap loyihalarni qo‘llab quvvatlash va bu yo‘nalishdagi ishlarni Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirish istiqbollari haqida OAV va jamoatchilik vakillariga ma’lumotlar berildi.

Bugungi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligi mahalliy ilmiy-amaliy va innovatsion loyihalar hamda ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini kuchaytirishda ilm-fan hissasini oshirish maqsadida ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-iyuldagi PQ-3855-son qaroriga muvofiq 43 ta innovatsion ishlanmalarga qo‘shimcha ravishda 69 ta ishlanmalar tijoratlashtirish uchun saralab olindi va tijoratlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda 102 ta innovatsion ishlanmalar tijoratlashtirilmoqda. Olib borilgan ishlar natijasida umumiy qiymati 35,4 mlrd. so‘m miqdorida mahsulot ishlab chiqarildi va 29,57 mlrd. so‘mlik mahsulot realizatsiya qilingan.

Bundan tashqari, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan hozirga qadar “start-up” loyihalarni o‘z xarajatlarini o‘zi qoplash asosida moliyalashtirish uchun ikki marta tanlov o‘tkazilgan. Tanlov natijalariga ko‘ra jami 32 ta loyiha saralab olingan va ularga 29,2 mlrd. so‘m pul mablag‘lari yo‘naltirilgan. Birinchi tanlovga jami 172 ta loyihalar taqdim etilgan. Tanlov natijalariga ko‘ra Ilmiy-texnik kengash qaroriga asosan jami 16 ta loyihalarni moliyalashtirishga 13,9 mlrd. so‘m yo‘naltiriladi. Ikkinchi tanlov bo‘yicha esa jami 136 ta loyihalar onlayn ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Tanlov natijalariga ko‘ra 16 ta qiymati 15,3 mlrd. so‘mlik “start-up” loyihalar moliyalashtirishga tavsiya etildi.

Mana shu ishlarni davom ettirish va takomillashtirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi Jahon banki bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha konsepsiyaning loyihasini tayyorlamoqda. Jahon banki Direktorlar kengashi tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng 2020 yilda mazkur loyihani moliyalashtirish uchun taxminan 50 mln. AQSh dollari miqdorida pul mablag‘lari ajratilishi rejalashtirilgan.

Mazkur loyiha amaliy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan bo‘lib, tadqiqotlarning sifat va dolzarblik jihatdan yuqori darajada bo‘lishiga xizmat qiladi. Bunda ilmiy tadqiqot ishlari texnik jihatdan mukammal bo‘lishi va tijoratlashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerakligi talab etiladi. Ya’ni ilm-fan va sanoat hamkorligini o‘zida mujassam etuvchi ishlanmalarga alohida e’tibor qaratiladi.

Loyiha doirasida o‘zbekistonlik olimlar va yosh tadqiqotchilar ishtirokida xalqaro standartlarga javob beradigan amaliy tadqiqotlarni moliyalashtirish uchun grantlar, shuningdek, talaba va olimlar uchun xorijda o‘qish yoki tadqiqot olib borish uchun stipendiyalar taqdim etilishi rejalashtirilgan. Tanlovlarda ishtirok etish uchun yuboriladigan arizalar tadqiqotning ilmiy qiymati, O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyoti uchun tadqiqotlarning dolzarbligi, yetakchi xalqaro ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish salohiyati va imkoniyatlari nuqtai nazaridan baholanadi va xulosalar chiqariladi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

восемнадцать − 2 =