MILLIY MATBUOTNING CHINORLARIDAN EDI…

06.08.2021

Ustozlik maqomi, mavqeini kim belgilaydi? Olam va odam xususida o‘rganganlari, bilganlari, anglaganlarini boshqalarga o‘rgatuvchi kishimi yoki uning etagidan tutib, bu sirli ochun haqida o‘rganishga jazb qilganmi? Ustoz va shogirdlikda tanlov kim tomonda bo‘ladi, o‘rgatuvchidami yoki o‘rganuvchida? Kim kimni tanlaydi, ustoz shogirdnimi yo aksincha, shogird ustoznimi? Ular o‘rtasidagi munosabatlar nima asosiga quriladi? Ilmga bo‘lgan qiziqish, ishtiyoq, manfaatgami yoki insonning insonga bo‘lgan ixlosi, hurmati, mehrigami? Balki boshqa asos ham bordir? Bunday savollar ustoz va shogirdlar tushunchalari paydo bo‘lgandan beri bor va bundan keyin ham bo‘ladi. Eng qizig‘i, bunday savollar azaldan bo‘lishiga qaramay, ularga beriladigan javoblar aynan bo‘lmaydi. Har kimda o‘ziga xos, o‘ziga yarasha javobi bor. Ammo ustozlar orasida shundaylari borki, ularning shogirdlari o‘nlab, yuzlab, hatto minglab bo‘lishi mumkin. Bundaylarning ustozlik maqomiga ulug‘lik, buyuklik sifatlari qo‘shiladi. Boybo‘ta Do‘stqorayev ham ana shunday o‘nlab, yuzlab shogirdlar tomonidan e’tirof etilgan, cheksiz hurmat, yuksak e’tirof va ehtiromga sazovor bo‘lgan ustozlardan edi. Shavqatsiz o‘lim shunday ustozni oramizdan oldi. 2021-yil 28-iyul kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “Oltin qalam” xalqaro milliy mukofot sohibi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Boybo‘ta Do‘stqorayev og‘ir kasallikdan so‘ng, 79 yoshida vafot etdi.

Boybo‘ta Do‘stqorayev 1942-yil 12-noyabrda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi “Oqto‘nli” qishlog‘ida tug‘ilgan. Ustoz ToshDU (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetida 1969-yildan ish boshlagan bo‘lsa, qariyb yarim asrlik umrini o‘qituvchi sifatida shu sohada jurnalist kadrlar tayyorlashga hamda milliy matbuot tarixini izchil o‘rganishga bag‘ishladi. Boybo‘ta Do‘stqorayev dastlab adabiy tanqidchilik borasida tadqiqotlar olib bordi. 1986-yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilganidan keyin, o‘zbek matbuot tarixini o‘rganishga kirishdi. Milliy matbuot tarixi va uning yetuk namoyandalari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori, Abdulla Avloniy, Cho‘lpon, Fitrat, Hoji Muin, Ubaydulla Asadullaxo‘jayev, Saidrizo Alizoda singari ma’rifatparvar milliy ziyolilarning jurnalistik faoliyati haqida yozgan o‘nlab maqolalari bilan ilmiy jamoatchilikka tanildi.

1999-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Xalqaro jurnalistika ochilgandan boshlab Boybo‘ta Do‘stqorayev “Jahon jurnalistikasi nazariyasi, amaliyoti va tarixi” kafedrasining mudiri sifatida o‘n yildan ortiq faoliyat yuritdi. Milliy matbuot tarixi haqida olib borgan ilmiy izlanishlariga bag‘ishlangan maqolalari AQSh, Avstriya, Rossiya, Turkiya kabi mamlakatlarning ilmiy jurnallarida chop etildi. Ayniqsa, jadidlar matbuotiga bag‘ishlangan chiqishlari bilan xalqaro konferensiyalarda qilgan ma’ruzalari milliy va xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholandi. Ustozning olim sifatida boshqalarga o‘xshamaydigan fazilati uning nihoyatda kamtarlikligi, kamsuqumlikda ko‘rinardi. Hech qachon topgan ilmiy yangiligini shoshib e’lon qilishga urinmasdi. Avval obdon, har tomonlama o‘rganardi, boshqa manbalar bilan solishtirardi. Va albatta, har bir masalada o‘zining barqaror pozitsiyasini bosiqlik bilan tushunarli va sodda tushuntirardi.

Pedagog sifatida fanlarini yangi-yangi manbalar bilan juda qiziqarli, yuksak professional mahorat bilan o‘tardi. Hozirgacha shogirdlari ustoz o‘qigan ma’ruzalarni, tinglovchini o‘ziga tortadigan betakror hikoyalarini, hech kimda uchramaydigan hikmatlari, topilmalarini maroq bilan eslashadi. Bundan tashqari, ustoz juda talabaparvar edi. O‘qishga ishtiyoqi bo‘lmagan yoki turli sabablar bilan fanni o‘zlashtira olmagan talabalarga muloyimlik bilan hurmat doirasida tushuntirishga harakat qilar, ortiqcha koyimasdi. Ustoz o‘zining insoniylik fazilatlari, yuksak madaniyati va orifona fazilatlari bilan shogirdlarning hurmatiga, muhabbatiga sazovor bo‘lgandi.

Boybo‘ta Do‘stqorayev nafaqat mohir pedagog sifatida, balki milliy jurnalistika ilmi rivojiga ham salmoqli hissa qo‘shib, o‘ziga xos maktab yaratdi. Uning shogirdlari filologiya fanlari doktori Halim Saidov, filologiya fanlari nomzodlari Saida Yo‘ldoshbekova, Nazira Toshpo‘latova, Gulnora Nishonova, Nilufar Namozovalar bugun ustoz yaratgan jurnalistika ilmida u boshlagan ishini davom ettirmoqdalar.
Jurnalistika ilmi va ta’limida qilgan xizmatlari uchun ustoz Boybo‘ta Do‘stqorayev 2002-yil Prezident farmoni bilan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” unvoni bilan taqdirlandi. 2008-yilda uzoq yillar davomida olib borgan izlanishlarining hosilasi o‘laroq “O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi” darsligini yozib, chop ettirdi. Bu kitob fundamental tadqiqot natijasi bo‘lib, undan o‘rin olgan mavzular birinchi manbadan tayyorlanganligi bilan qimmatli va dolzarb ahamiyatga ega edi. 2009-yilda bu kitob jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari uchun yaratilgan o‘quv adabiyotlari ichida “Yilning eng yaxshi darsligi” deb topildi. 2013-yilda “Oltin qalam” xalqaro milliy tanlovida “Milliy jurnalistika rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.

Butun umrini jurnalistika ilmi va ta’limiga bag‘ishlagan ustozning milliy jurnalistika sohasida o‘rni va hurmati juda katta edi. Ommaviy axborot vositalarida, ayniqsa, matbuotda faoliyat olib boradigan jurnalistlar ichida Boybo‘ta Do‘stqorayevni tanimaydiganlar yo‘q edi, hisobi. Markaziy nashrlardan tortib, respublikaning eng chekka tumanlarida chop etiladigan gazetalar tahririyatlarida ham ustozning shogirdlari bor. Uning hamkasblari xizmat safari bilan mamlakatning turli hududlariga tahririyatlarga borsalar, “ustoz Boybo‘ta Do‘stqorayev yaxshi yuribdimi, bizni falon yili o‘qitgandi, juda zo‘r domla edi, salomimizni va hurmatimizni yetkazib qo‘ying” degan xabarlarni keltirishardi.

Boybo‘ta Do‘stqorayevning vafoti haqidagi xabar shu kuni milliy media olamini bir qalqitdi. Matbuot nashrlari, gazetalar, rasmiy saytlar, ijtimoiy tarmoqlar ustozning vafoti munosabatiga bag‘ishlangan chiqishlar bilan to‘ldi. Ularning ayrimlarini keltiramiz.

O‘ZJOKU, bosma OAV va noshirlik ishi fakulteti dekani, filologiya fanlari nomzodi Akbar Nurmatov: …Domla yarim asrdan ortiq davr mobaynida jurnalistika fakultetlarida talabalarga dars berdi, yuzlab shogirdlar yetishtirib chiqardi. Butun umri davomida jadidlarni o‘rgandi, tadqiq etdi, o‘sha davr bilan yashadi… Ilmga, tarixga mubtalolikni Boybo‘ta aka misolida ko‘rganman, guvohi bo‘lganman. Endi esa domla bilan yanada miriqib suhbatlashmaganim, ilmidan bahramand bo‘lolmaganim, kasal paytida tez-tez huzuriga borolmaganim armon bo‘lib qoldi.

Filologiya fanlari nomzodi, shoira Gulandom Tog‘ayeva: …Ta’bir joiz bo‘lsa, ustozning qalami ilmiy tadqiqotchilar uchun ulkan etalonga aylandi. O‘zim guvohi bo‘lgan edim: shu sohada ilmiy ish olib borayotgan tadqiqotchiga shunday savol berilar edi: «Ushbu tadqiqotingizni ustoz Boybo‘ta Do‘stqorayev ko‘rganmilar?» Agar javob «Ha» bo‘lsa, o‘sha olim izlanishlariga katta ishonch bilan qaralib, ilmiy ish qo‘lma-qo‘l bo‘lar edi. Chunki ustoz Boybo‘ta aka, ilmda hech narsani ko‘zdan qochirmas, o‘tkir xotirasi va zakovati bilan, barcha davrlarga oid ilmiy akademizm uslubida tadqiqot ishlariga baho berar edi. Shu asnoda, endi ustozlarimiz Boybo‘ta Do‘stqorayev, Saydi Umirovdek allomalar tug‘ilarmikan? Bemor bo‘lib sal ko‘rinmay qolsa, yotoqxonada yashaydigan talabasidan ham xabar oladigan, kamtarin, kichikfe’l, piri mug‘anniylar tug‘ilarmikan?

“Olamaro” jurnali bosh muharriri Sevara Alijonova: Boybo‘ta Do‘stqorayevdek halim, ammo so‘zi tosh bosadigan, hokisor, yuzidan nur yog‘ilib, suhbatdoshi-yu tinglovchisiga sakinat bag‘ishlaydigan inson 100 yilda bir dunyoga kelsa kerak. Nazira Toshpo‘latova, Akbar Nurmatov, Halim Saidov, Nilufar Namozova rahmat sizlarga. Hamisha ustozning holidan xabar olib, yolg‘izlatib qo‘ymadingiz. Insoniylik, shogirdlik ilmidan ham bizga o‘rnak, dars berdingiz. Sizlarga munosib bo‘laylik. Ustozlarning ustozi, dilkash, samimiy, barcha uchun birdek sevimli, katta harflar bilan yoziluvchi DOMLAmizning joylari jannatda bo‘lsin. Hammamizga go‘zal sabr bersin.

O‘zJOKU sirtqi bo‘lim boshlig‘i Nuriddin Jabiyev: Boybo‘ta domla 2002-2008-yillarda O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakultetida talabalik paytimizda bizga saboq berganlar. 2002-yil talabalikning ilk kunlarida dastlab, O‘zbekiston matbuoti tarixi fanidan ma’ruza o‘qiganlari kechagiday esimda. Ustozni doimo samimiy va xushkayfiyatda ko‘rganman, talabalarga umuman hech kimga aslo qattiq gapirmas edilar. Ustoz, bizga bergan o‘gitlaringiz, bilimingiz uchun sizdan bir umrga minnatdormiz! Oxiratingiz obod, makoningiz jannat bo‘lsin.

Jurnalist Nilufar Jabborova: Kimlardir yelka qisintirib yashashga majbur qilgan ustozimiz endi oramizda yo‘qlar! Bugun erta tongdan ustozning ayollari Gulsara opa domlamizning shifoxonada vafot etganliklari haqida xabar yuboribdilar… Bundan bir yil avval jurnal sahifalarida suhbat tayyorlash uchun universitetda ta’lim bergan ustozim Boybo‘ta Do‘stqorayevning xonadonlariga bordim. Insultning og‘ir formasini boshidan o‘tkazgan ustoz bolalik xotiralarini zo‘rg‘a gapirib berdilar. Gapirishni istamaganlari uchun emas, insultning asorati natijasida gapirishga qiynalganlari uchun. Baraka topsinlar, mehridaryo ayollari Gulsara opa domlaning aytishga urinayotgan gaplarini tezda ilg‘ab, menga tushuntirib, bilganlarini aytib berib, maqolani tayyorlanishida ancha ko‘maklashdilar. Suhbat yakunida ustozga: “Onamga ham, turmush o‘rtog‘im bilan menga ham ta’lim berdingiz. Hattoki, onam bilan ikkimizning diplom ishimizga rahbarlik qildingiz. Endi jurnalist bo‘laman, deb niyat qilayotgan farzandlarimga bilim berish uchun ham tezroq sog‘aying. Sizdek ustozlarni topish judayam mushkul”, — dedim. Dard qanchalik yengmasin, ustozning ko‘zlari yosh bolanikidek porlab turardi…
Maqola tayyor bo‘lgach, Gulsara opaga telegramm orqali yuborib, ustozga o‘qib berishlarini iltimos qildim. Ayollari menga: “Ustozingizga maqolani ham, shogirdlarining bildirgan barcha fikrlarini ham o‘qib berdim. Jimgina, ko‘zlarida yosh bilan tingladilar. Keyin hech ochishga ham kuchlari yetmaydigan jomadonlarini o‘zlari olib, ichidagi qo‘lyozmalarni to‘play boshladilar. Shogirdlariga navbatdagi kitoblarini tayyorlashga kirishdilar…” dedilar.
Jurnal bosmaxonadan chiqishi bilanoq ustozga yetkazishga oshiqdim. Rostan ham sog‘liqlaridagi o‘zgarish ancha sezilarli edi. Shogirdlarning arzimas e’tibori xasta domlamizga shuncha kuch beribdi. Aslida, ustozlarimiz bundan-da katta e’tibor va mehrga munosibdirlar. Faqat suhbat paytida ustozning ayollari aytgan ayrim gaplar yuragimni bir qalqitib yubordi. Gulsara opa: “Shunday kunlar bo‘ldiki, ustoz nohaqlikdan aziyat chekib, og‘ir ahvolda qoldilar. Aybsiz bo‘la turib, yelka qisinib yurishga majbur bo‘ldilar. Tabiatan og‘ir va bosiqliklari sabab ahvollarini hech kimga sezdirmaslikka harakat qilardilar. Ammo to‘fondek otilayotgan iztiroblarni faqat men ko‘ra olardim… Har bir narsada bir hikmat bor, deyishgani rost ekan. Shaharning ko‘pqavatli binosi bo‘lishiga qaramay, uyimizning oldidan katta ariq oqib o‘tgan. Gohida ahvollarini ko‘rib, o‘zimga o‘zim sig‘may qolardim. Yuragim to‘lib shu ariq tomon yugurardim. Oqib o‘tayotgan suvga dardlarimni aytardim-da: “Ariqjon, dardlarimizni shu suvlaring bilan uzoq-uzoqlarga oqizib ketgin. Faqat sendan iltimos, bu suvni biror kishi ichib qo‘ymasin, dardimizning yuki birovga tushmasin, deya yig‘lardim”, dedilar. Eshitgan gaplarimga ishonqiramay bir nuqtaga tikilganicha jim o‘tirgan ustozga qaradim. U kishi “hammasi rost”, degandek boshlarini ketma-ket silkitib, tasdiq ma’nosini bildirdilar. Ustozning yuragini kemirgan nohaqlik, iztirob nima ekanligini chuqur bilmasam-da, xayolimni: “Eh, bu hayot, bu dunyo bir-birimizni kamsitib, tahqirlab, yelka qisinib yashash uchun majburlashimizga arzirmikan?!” degan o‘ylar chulg‘ab oldi…

Ustoz Boybo‘ta Do‘stqorayev sha’niga aytilgan yana o‘nlab bunday samimiy va toza dil izhorlarini keltirish mumkin. Ha, o‘zbek jurnalistikasi ilmining zabardast olimi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Boybo‘ta Do‘stqorayev juda halol yashadi. Hamisha vijdoniga va ilmga sodiq qoldi. Undan bizga juda katta ilmiy va hayotiy meros qoldi. Ruhingiz shod, oxiratingiz obod bo‘lsin, Ustoz!

Nazira Toshpo‘latova,
O‘zJOKU media nazariyasi va amaliyoti
kafedrasi mudiri, filologiya fanlari nomzodi, dotsent

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

20 + two =