MILLIY MUSTAQILLIK – YANGI O‘ZBЕKISTONNING MUSTAHKAM ASOSIDIR

01.09.2022

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti  Shavkat Mirziyoyevning

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, mana shu muazzam “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida turib, siz, azizlarni, butun xalqimizni ulug‘ ayyom – Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Barchangizga o‘zimning yuksak hurmat va ehtiromimni, eng ezgu va olijanob tilaklarimni izhor etaman.

Hurmatli do‘stlar!

Bundan o‘ttiz bir yil muqaddam jahon xaritasida “O‘zbekiston Respublikasi” degan yangi, mustaqil davlat paydo bo‘ldi.

Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimov boshchiligida mamlakatimizning milliy mustaqilligini dunyoga e’lon qildik.

Oradan yillar, asrlar o‘tadi. Lekin milliy davlatchiligimizni, o‘zligimiz va insoniy haq-huquqlarimizni tiklab bergan, barcha yutuq va marralarimizning zamini bo‘lgan Mustaqillik kuni biz uchun, kelgusi avlodlarimiz uchun doimo eng ulug‘, eng aziz bayram bo‘lib qoladi.

Qadrli yurtdoshlar!

Oxirgi olti yil davomida biz Vatanimiz taraqqiyotining yangi bosqichida keng qamrovli islohotlarimizni boshlab, izchil davom ettirmoqdamiz.

O‘tgan davrda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil faoliyatimiz dasturiga aylandi.

Vazir va hokimlar, deputat va senatorlar, rahbar va mutasaddilar, umuman, barcha-barchamiz, buyuk shoirimiz Cho‘lpon aytganidek, xalq ichiga kirib, xalqdan kuch olib, yangi yondashuv asosida xalqimizga xizmat qilmoqdamiz.

Bir haqiqatni ishonch bilan aytishga barcha asoslarimiz bor: bugungi O‘zbekiston – bu kechagi O‘zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas.

Mamlakatimiz pandemiya va global inqirozning salbiy ta’sirlariga qaramasdan, erkin, obod va farovon hayot qurish yo‘lidan dadil olg‘a bormoqda.

Hammamiz yaxshi tushunamizki, bugun biz intilayotgan Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish oson emas. Bunday ulug‘ vazifaning sharti va mezonlari ko‘p. Ammo eng muhim va hal qiluvchi omil – bu demokratik islohotlar yo‘lidir.

Shu bois xalqimiz manfaatiga to‘la javob beradigan bu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaymiz. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, faqat oldinga qarab boramiz.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Biz uchun inson, uning qadr-qimmati qanchalik aziz bo‘lsa, uning xotirasi ham shunchalik muqaddasdir.

Shu sababli Vatan ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lgan ota-bobolarimizning nomlarini oqlash, ularning faoliyati, ilmiy va ijodiy merosini o‘rganish, xotirasini e’zozlashga yanada muhim ahamiyat qaratmoqdamiz.

Milliy qadriyatlarimizda alohida o‘rin tutadigan avlodlar o‘rtasidagi an’analar davomiyligini saqlash, urush va mehnat faxriylarining, muhtaram otaxon va onaxonlarimizning hayotini yanada mazmunli qilish nafaqat vazifamiz, avvalo, insoniy burchimizga aylanmoqda.

Shuningdek, biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda azmu shijoatli yoshlarimizni xalqimizning chinakam tayanchi va suyanchi, deb bilamiz.

Farzandlarimiz nufuzli xalqaro musobaqa va festivallar, fan olimpiadalari va tanlovlarda g‘olib bo‘lib, O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib kelmoqdalar.

Yaqinda Hindistonda bo‘lib o‘tgan jahon shaxmat olimpiadasida terma jamoamiz tarixda birinchi marta “Olimpiya chempioni” degan yuksak sharafga sazovor bo‘lgani hammamizga cheksiz g‘urur bag‘ishlaydi.

Ushbu ulug‘ ayyomda mana shunday aqlli, irodasi mustahkam, mard va jasur o‘g‘il-qizlarimizni, ularning ota-onalari, ustoz-murabbiylarini o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan yana bir bor qutlab, ularga yangi zafar va omadlar tilayman.

Ayni vaqtda mamlakatimiz yoshlari Turkiyada o‘tkazilgan Islom birdamlik o‘yinlarida, harbiy xizmatchilarimiz esa, xalqaro armiya musobaqalarida munosib ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallaganlari tahsinga sazovordir.

Aziz yurtdoshlar!

Mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi va obro‘-e’tibori tobora yuksalmoqda. Biz barcha hamkor davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan do‘stona va teng huquqli tashqi siyosat yuritishni davom ettiramiz.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanali marosimda ishtirok etayotgan chet davlatlarning muhtaram elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarini samimiy qutlaymiz.

Samarali hamkorlik aloqalarimizni rivojlantirishga qo‘shayotgan katta hissalari uchun chin qalbdan tashakkur bildirib, ularning mamlakatlari va xalqlariga tinchlik va farovonlik tilaymiz.

Hurmatli do‘stlar!

Biz bugun Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini jadal amalga oshirmoqdamiz.

Bizning maqsadimiz aniq va ravshan.

Yangi O‘zbekiston:

– har bir fuqaroning hayotini yanada yaxshilash maqsadida davlat xizmatlaridan foydalanish uchun keng imkoniyatlar beradigan;

– odamlar o‘z muammolari haqida ochiq gapirishi va ularning yechimi uchun birgalikda harakat qilishlariga barcha sharoitlar mavjud bo‘lgan;

– hamma uchun adolatni so‘zsiz ta’minlash imkoniyatini beradigan hamda fuqarolari ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida teng bo‘lgan;

– tadbirkorlikning rivojlanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan davlatdir.

Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekiston deganda, har bir fuqarosi uchun g‘amxo‘rlik qiladigan, ochiq va adolatli jamiyat ham tushuniladi.

Ushbu yuksak marralarga erishish uchun 2026 yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida keyingi ishlarimizni 5 ta asosiy vazifalar bo‘yicha tashkil etamiz.

Birinchidan, ta’lim sohasida farzandlarimiz zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashlari uchun eng qulay sharoitlar yaratishni izchil davom ettiramiz. Buning uchun maktablarning o‘quv dasturlari, o‘qitish uslubi, darsliklar mazmuni tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.

Ushbu tizim avval ilg‘or xorijiy mutaxassislar  tomonidan ekspertizadan o‘tkazilib, keyingina hayotga tatbiq etiladi. Natijada Yangi O‘zbekiston maktab bitiruvchisi zamonaviy ko‘nikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs bo‘lib  yetishadi. Buning uchun barcha hududlarimizda, ayniqsa qishloq joylarda maktablar qurish, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor beramiz.

Ustoz va murabbiylarning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish borasidagi ishlarimizni yangi bosqichga ko‘taramiz.

Imkoniyati cheklangan bolalar uchun inklyuziv ta’limni har tomonlama rivojlantiramiz.

Ikkinchidan, sud tizimi mustaqil bo‘lmas ekan, jamiyatimizda rivojlanish bo‘lmaydi.

Sud idorasiga ishi tushgan har bir shaxs ushbu dargohda qonun va adolat ustuvor ekaniga ishonch hosil qilishi lozim.

Yangi O‘zbekistonda har qanday bahsli masalaga adolatli yechim faqat odil sud tomonidan topilishi kerak. Sudyalar ishiga har qanday aralashuv keskin jazolanadi, ularning xavotirsiz ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, sud tizimidagi islohotlarimizni albatta davom ettiramiz.

Uchinchidan, dunyo tajribasidan ma’lumki, faqat tadbirkorlik rivojlangan davlatda – sifatli ta’lim, malakali tibbiyot, farovon hayot hamda ertangi kunga ishonch bo‘ladi.

Umuman aytganda, biz qurayotgan Yangi O‘zbekistonda biznesni rivojlantirish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi, kambag‘allik qisqaradi, aholi daromadlari ko‘payadi. Buning uchun xususiy mulk va tadbirkorlikka xalaqit berayotgan barcha to‘siqlar bartaraf etiladi.

Davlat boshqaruvi isloh qilinib, iqtisodiyotda davlat ishtiroki keskin kamaytiriladi.

Biz aholi va tadbirkorlarga soliq yukini yengillashtirish, soliq tizimini soddalashtirish bo‘yicha islohotlarni izchil davom ettiramiz. Bunda hech kimga alohida imtiyozlar berilmaydi, sog‘lom raqobat muhiti uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi.

To‘rtinchidan, sog‘liqni saqlash tizimida aholiga yanada sifatli va malakali tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytiramiz.

Barcha hududlarda shoshilinch tibbiy yordam qamrovini oshirib, uni odamlarga yanada yaqinlashtiramiz.

Maqsadimiz – xalqimiz sog‘lom hayot kechirishi va o‘rtacha umr ko‘rish darajasini uzaytirishga erishish.

Beshinchidan, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi doimo diqqatimiz markazida bo‘ladi.

Sohaga jalb qilinayotgan investitsiyalar hajmi keskin ko‘paytiriladi.

Shu bilan birga, muammoli hududlarga toza ichimlik suvini yetkazish va sifatini yaxshilash bo‘yicha alohida dasturlarni amalga oshiramiz.

Muhtaram do‘stlar!

Albatta, bunday keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirishda oldimizda turli qiyinchilik va muammolar paydo bo‘lishi tabiiy hol. Lekin o‘z tarixida qancha-qancha sinov va mashaqqatlarni boshidan kechirgan mard va matonatli xalqimiz har qanday qiyinchilikni yengib o‘tishga qodir. Men bunga qat’iy ishonaman.

Asosiy muallifi va ijodkori xalqimiz bo‘lgan – yangilanayotgan Konstitutsiyamiz bu yo‘lda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Asosiy qonunimizni shoshilmasdan, chuqur o‘ylab, xalqimiz bilan maslahat qilib, faqat umumxalq referendumi asosida qabul qilamiz.

Ishonchim komil, Yangi Konstitutsiyamiz chinakam xalq Qomusi, chinakam xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Jahondagi bugungi murakkab vaziyat bizdan ishning ko‘zini bilib, kechayu kunduz fidoyi bo‘lib, samarali mehnat qilishni talab etmoqda.

Shu bois Qurolli Kuchlarimizning qudrati va salohiyatini yuksaltirish ham ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.

Askar va ofitserlarimizning jangovar tayyorgarligi, harbiy mahorati, vatanparvarlik fazilatlarini oshirishga yanada ko‘proq ahamiyat beramiz.

Mana shu qutlug‘ kunda Vatan himoyasida doimo sergak va hushyor turgan mard va jasur o‘g‘lonlarimizni chin dildan qutlab, ularga kuch-g‘ayrat va omadlar tilaymiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Bugun biz o‘z oldimizga ulug‘vor va yuksak maqsadlarni qo‘ymoqdamiz.

Ana shunday ulkan marralarga yetish yo‘lida ko‘pmillatli el-yurtimiz yanada birlashib, yagona ahil oila, yagona xalq bo‘lib, astoydil harakat qilmoqda.

Bu – biz erishayotgan barcha yutuqlarimizning mustahkam garovi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Fursatdan foydalanib, islohotlarimizni faol qo‘llab-quvvatlab, ularni amalga oshirishda doimo fidoiylik ko‘rsatib kelayotgan mehnatkash, olijanob va bag‘rikeng xalqimizga chin dildan ta’zim qilaman.

Siz, aziz yurtdoshlarimni O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayrami bilan yana bir bor qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman.

Ezgu orzu-niyatlarimiz amalga oshsin!

Yaratganning o‘zi barchamizni panohida asrasin!

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon, Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

5 × 2 =