O‘ZBEKISTON PREZIDENTI O‘QITUVCHI VA MURABBIYLARIGA TABRIK YO‘LLADI

01.10.2023

Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga tabrigi:

Muhtaram ustoz va murabbiylar!

Avvalo, sizlarni, ta’lim-tarbiya sohasining barcha jonkuyar xodimlari va faxriylarini umumxalq bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Bugun biz mamlakatimizda millati, tili, dinidan qat’i nazar, har bir inson o‘z qobiliyati va iste’dodini, bilim va tajribasini ro‘yobga chiqara oladigan ijtimoiy davlat barpo etmoqdamiz. Shu maqsadda barcha kuch va imkoniyatlarimizni yoshlarimizning intellektual va jismoniy kamoloti, ularning sifatli ta’lim olib, hayotda munosib o‘rin egallashlari uchun safarbar etmoqdamiz.

Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ta’lim sohasidagi islohotlarimiz ushbu nufuzli tashkilotning “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga uyg‘un va hamohang ekani e’tirof etilgani barchamizni albatta xursand qiladi.

Bu yil yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ilk bor o‘qituvchi maqomi alohida belgilanib, ta’lim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari qatoriga kiritilgani bejiz emas. Chunki, jamiyat hayotida o‘qituvchining o‘rni va ta’siri oshsa – maktabning obro‘yi oshadi, ilm-fan, ta’lim va tarbiya sohasining qadri ko‘tariladi. Muallimning obro‘-e’tibori esa bu millatning, butun xalqning obro‘-e’tiboridir.

So‘nggi yillarda birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli mamlakatimizda ko‘plab yangi bog‘chalar, maktab va oliygohlar barpo etilmoqda. Ta’lim-tarbiya va ilm-fan muassasalarining moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda. Darslik va o‘quv qo‘llanmalarining yangi avlodi yaratilmoqda.

Soha xodimlarining mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash va rag‘batlantirish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda. Oxirgi yetti yilda maktabgacha ta’lim bo‘yicha qamrov darajasini 27 foizdan 72 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 42 foizga, oliygohlarimiz sonini 77 tadan 212 taga yetkazishga erishganimiz, hech shubhasiz, eng muhim yutug‘imizdir.

Ta’lim-tarbiya sohasida qabul qilgan dasturlarimiz asosida keyingi vaqtda 261 ta yangi o‘rta ta’lim muassasasini qurish, 2,5 mingta maktabni kengaytirish hisobidan qo‘shimcha 700 mingta o‘quvchi o‘rni yaratilganini ta’kidlash lozim.

Bu yil xorijdan taklif etilgan 500 nafar chet tili mutaxassisi maktablarimizda ish boshladi. Kelgusi yillarda ularning sonini 3 barobar oshiramiz, 10-11-sinflarda bir qator fanlarni o‘quvchilarning tanlovi asosida chuqurlashtirib o‘qitishni yo‘lga qo‘yamiz.

Ta’lim sohasi xodimlarining o‘rtacha ish haqi 2 barobar ko‘paytiriladi. Ming nafar tarbiyachi va o‘qituvchilar xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuboriladi. O‘qituvchilarni ishga qabul qilish, ularning malakasini oshirish va toifa berish tizimi ham takomillashtiriladi. Biz farzandlarimizni milliy g‘urur, Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratamiz.

Qadrli do‘stlar!

Bugungi kunda mamlakatimizda maktab ta’limini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish umummilliy harakatga aylanib bormoqda. Xususan, navoiylik Abdukarim Saksonov, samarqandlik Quyosh Haqberdiyev, Ilhom Rustamov, buxorolik
Oybek Namozov, qashqadaryolik Nurbek Ergashev kabi o‘nlab tadbirkorlarimiz o‘z hududlarida yangi maktablar qurgani, ta’lim dargohlarini kapital rekonstruksiya qilib, zamonaviy asosda jihozlab bergani, ohangaronlik oqsoqol shoirimiz Barot ota Isroilov esa hovlisida kutubxona ochib, uni o‘z hisobidan 10 mingta kitob bilan ta’minlab, bu ma’rifat maskanini qishloq o‘quvchilariga sovg‘a qilgani har qancha tahsinga sazovor.

Saflari tobora ko‘payib borayotgan mana shunday insonlar siymosida biz jadid bobolarimizning munosib davomchilarini, ularning ushalayotgan orzu va intilishlarini, Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini ko‘ramiz.

Imkoniyatdan foydalanib, bunday fidoyi, saxovatli yurtdoshlarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Muhtaram yurtdoshlar!

Taraqqiyotimiz dasturi bo‘lmish “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida sizlar bilan birga ta’lim tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha yangi maqsad va rejalarni belgilab oldik.

Ana shu ustuvor vazifalarni amalga oshirish, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni zimmasiga olishga qodir yangi avlodni tarbiyalash barchamizdan katta kuch-g‘ayrat, azmu shijoat bilan mehnat qilishni talab etadi.

Mana shunday sharafli vazifani ado etishda men siz, muhtaram ustoz va murabbiylarga har tomonlama yordam va ko‘mak berishga tayyor ekanimni yana bir bor izhor etib, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, olijanob faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Hamisha sog‘-omon bo‘ling, muhtaram ustozlar!

Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

nineteen − four =