O‘ZBEKISTON – ROSSIYA | IKKI TOMONLAMA STRATEGIC SHERIKCHILIK MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

16.09.2022

15-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga kelgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin muzokara o‘tkazdilar.

Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, SHHTning Samarqand sammitida ishtirok etayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Vladimir Putin, o‘z navbatida, Shavkat Mirziyoyevga har doimgidek samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha darajalarda jadal va samarali rivojlanib borayotganini yuksak baholadi.

Tomonlar keyingi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Rossiya sherikligi misli ko‘rilmagan yuksak darajaga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalar kengayib bormoqda. Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan tovar ayirboshlash ikki barobardan ziyod ko‘paydi, o‘tgan yetti oyda esa o‘zaro savdo 30 foizdan ortiq o‘sdi. E’tiborlisi, ikki tomonlama savdo hajmining 70 foizi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlardan iborat.

Sanoat kooperatsiyasi jadal sur’at bilan rivojlanmoqda. Keyingi yillarda kon-metallurgiya, yoqilg‘i-energetika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarda 100 dan ortiq qo‘shma loyihalar boshlandi.

Tomonlar, eng avvalo, elektronika, farmatsevtika, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida industrial-texnologik sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha kompleks harakatlar rejasini qabul qilishga kelishib oldilar.

Ushbu tashrif doirasida mashinasozlik, kimyo, neft-kimyo va geologiya sohalari bo‘yicha 4,6 milliard dollarlik yangi investitsiya bitimlari imzolanayotgani qayd etildi.

Hamkorlikni kengaytirishda hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar muhim o‘rin tutadi. Birinchi yarim yillikda ikki mamlakat o‘rtasida 50 ga yaqin tashriflar bo‘ldi.

Tomonlar O‘zbekiston hududlarida qo‘shma sanoat parklarini tashkil etish, joriy yil oktabr oyida O‘zbekiston va Rossiya hududlarining navbatdagi forumini o‘tkazishga kelishib oldilar.

Shuningdek, Prezidentlar tadbirlarga boy va keng ko‘lamli madaniy-gumanitar hamkorlikni yuksak baholadilar.

Rossiya oliy ta’lim muassasalarining xorijdagi filiallari soni bo‘yicha O‘zbekiston yetakchi o‘rinda turadi. So‘nggi to‘rt yilda yurtimizda ushbu mamlakatning 12 ta yetakchi oliygohi filiallari ochildi va jami 15 taga yetdi.

Turizm sohasidagi aloqalar ham faol rivojlanmoqda. Joriy yilda Rossiyadan O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni pandemiyadan oldingi ko‘rsatkichlardan oshdi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalarga ham e’tibor qaratildi.

Samimiy va do‘stona o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi intilishlari qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

Shu kuni, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Vladimir Putin O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladilar.

Marosim Samarqanddagi samarali muzokaralar yakunida bo‘lib o‘tdi.   

Mazkur deklaratsiya O‘zbekiston va Rossiyaning ko‘p qirrali hamkorligi rivojida yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi. Unda o‘zaro aloqalarga alohida e’tiborga molik yaqin va jadal hamkorlik sifatida qaralishi qayd etilgan. 

Xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, atom energetikasi, transport, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni aniq yo‘nalishlar asosida rivojlantirish ko‘zda tutilgan. 

Umuman, O‘zbekiston–Rossiya munosabatlarining shartnomaviy-huquqiy asosini 350 dan ziyod hujjat tashkil qiladi.

Shu kuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashdagi katta xizmatlari uchun Rossiyaning Aleksandr Nevskiy ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarini ushbu orden bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmon joriy yilning iyul oyida qabul qilingan edi.

Prezidentimiz mukofotni qabul qilar ekan, uni, birinchi navbatda, butun O‘zbekiston xalqining o‘zaro do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasining e’tirofi deb bilishini ta’kidladi.

Qayd etish joizki, Aleksandr Nevskiy ordeni bilan Rossiya Federatsiyasi bilan ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va uning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ko‘maklashishda xizmat ko‘rsatgan atoqli xorijiy siyosat va jamoat arboblari mukofotlanadi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

15 − three =