O‘ZBEKISTONDA MILLIY ANTIPLAGIAT PORTAL JORIY ETILADI

14.12.2019

Joriy yilning 12-dekabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusiga ko‘ra Polshaning “Plagiat. Pl” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari v.b. Sharof Rajabbayev qatnashdi. Shuningdek, oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalaridan 60 nafardan ortiq respublikaning ilmiy salohiyatini oshirishdan manfaatdor bo‘lgan vakillar ishtirok etdilar.

Ma’ruzachilar ushbu kompaniyaning Polsha va Yevropa Ittifoqidagi ilm-fan va ta’limdagi ko‘chirmachilikning oldini olish bo‘yicha tajribasi va faoliyati, universitetlar uchun amaliy misollar bilan taklif etilayotgan kompleks yechimlar to‘g‘risida taqdimot o‘tkazishdi. Ushbu tadbirning ahamiyati ayniqsa, yosh tadqiqotchilar uchun beqiyos bo‘ldi, ular ilmiy maqolalarni nashr ettirishda antiplagiat tizimlaridan foydalanish tartibi, shartlari, afzalliklari va ahamiyati bilan tanishdilar.

Tadbirda, shuningdek, respublikadagi mavjud ilmiy nashrlar reytingini dunyo miqyosida oshirish va Scopus bazasiga kirish maqsadida “Plagiat.Pl” kompaniyasi bilan hamkorlik qilayotgan “Geliotexnika” xalqaro ilmiy-texnik jurnalining tajribasi ham namoyish etildi. Uchrashuvda antiplagiat tizimlarini oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarida joriy etish, O‘zbekistonda davlat tilidagi ilmiy nashrlarning yagona ma’lumotlar bazasini yaratish lozimligi masalasi ko‘tarildi va bu mavzu qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Uchrashuv natijalariga ko‘ra referatlar, maqolalar, dissertatsiyalarning yagona ma’lumotlar bazasini tashkil qilish hamda ilmiy jurnallarning natijadorligi va samaradorligini baholashni amalga oshirish maqsadida respublikada chop etiluvchi ilmiy jurnallar matnlarini o‘zida jamlagan veb-portal yaratish maqsadga muvofiq ekanligi aytib o‘tildi. Bu yurtimiz ilmiy salohiyatini oshirish, ilm-fan va ta’lim sohasida plagiatga qarshi kurashishning huquqiy asosini tashkil etish, akademik va oliy ta’lim tizimida ko‘chirmachilikka qarshi kurashishni kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Jahonda mavjud ilmiy nashrlar bazalari talablari asosida ilmiy nashrlarning aslligi, haqiqiyligini aniqlovchi “Antiplagiat tizimi”ni joriy qilish va ilmiy maqolalarga havolalar ko‘rsatkichini o‘zida aks ettiruvchi “Yagona milliy havolalar ko‘rsatkichi”ni shakllantirish masalalari bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu o‘z navbatida, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadqiqotchilar, olimlarning Xirsh va RINS bo‘yicha ko‘rsatkichlarining oshishiga, mamlakatimizning ilm-fanning turli sohalarida dunyo miqyosidagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

4 + thirteen =