O’ZDJTU TOJIKISTONNING QATOR OTMLARI BILAN SHARTNOMA IMZOLADI

16.04.2024

O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti Tojikiston Respublikasining bir qator nufuzli universitetlari bilan Hamkorlik shartnomalari imzoladi.

15-aprel kuni Oʻzbekiston–Tojikiston oliy taʼlim muassasalari rektorlarining II forumi doirasida O’zDJTU rektori I.Tuxtasinov va quyidagi 5 ta Tojikiston oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan ta’lim, fan va madaniyat sohasida o’zaro manfaatli hamkorlikni yo’lga qo’yish va rivojlantirish bo’yicha uchrashuvlar tashkil etildi:

– Tojikiston xalqaro chet tillari universiteti;
– S.Ayniy nomidagio Tojikiston davlat pedagogika universiteti;
– Ho’janda davlat universiteti;
– Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti;
– Abuabdullo Rudakiy nomidagi Koʻlob davlat universiteti.

Uchrashuvdan ko’zlangan maqsad, ikki qardosh mamlakat xalqlari o’rtasida do’stona aloqalarni mustahkamlash, ta’lim va fanning turli sohalarida o’zaro hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

Tadbir davomida ta’lim, fundamental va ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish maqsadida o’qituvchilar va ilmiy tadqiqotchilar almashinuvi, amaliyot, stajirovka, kutubxona fondlarida va tomonlarning axborot-resurs markazlarida mavjud bo’lgan ilmiy nashrlar, o’quv-uslubiy va ilmiy adabiyotlar, audiovizual va boshqa materiallar almashinuvi kabi sohalarda hamkorlik qilish masalalari bo’yicha manfaatli kelishuvlarga erishildi.