«SCOPUS AWARD – 2019»: O‘ZBEKISTONNING ENG KUCHLI OLIMLARI TAQDIRLANDI

09.12.2019

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ilm-fanga ixtisoslashgan Elsevier (Niderlandiya) kompaniyasi bilan birgalikda dunyoning eng yirik ilmiy-tahliliy ma’lumotlar bazasi bo‘lgan Scopus statiskasi bo‘yicha samarali faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik yetakchi olimlarning nomini e’lon qildi.


Taqdirlash marosimi shu yilning 6 dekabr kuni “Zarafshon” konsert zalida tashkil etilib, unda vazirlik va tashkilotlar rahbarlari, QS, Times Higher Education kabi dunyoning yetakchi reyting agentliklari vakillari, Elsevier kompaniyasi mutaxassislari, xorijlik ekspertlar hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlari, prorektorlari va doktorantlar ishtirok etmoqda.

«Scopus Award–2019» taqdirlash marosimida yil davomida ilmiy-tadqiqot faoliyat bilan shug‘ullangan o‘zbekistonlik olimlar o‘rtasida bir qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

Taqdimotda 28 ta nominatsiya bo‘yicha 37 nafar olimlar va tadqiqotchilar, 6 ta OTM va 1 ta ilmiy jurnal taqdirlandi.

Shuningdek, «Ilm-fan – 2020» millliy rivojlanish dasturi doirasida 2019 yil 6 dekabr kuni Toshkent davlat yuridik universitetida «Research transformation: Global Outlook» Xalqaro ilmiy forumi ham o‘tkazilmoqda.

Forum O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan eng yirik xalqaro ilmiy nashr – Elsevier ko‘magida, yetakchi xalqaro reyting kompaniyalari, shuningdek MDH mamlakatlari oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokida tashkil etiladi.

Tadbir doirasida OTMlari rahbarlari, tadqiqotchilar, ilmiy va tijoratlashtirish bo‘limlari boshliqlari, kutubxonalar direktorlari uchun mamlakatimiz universitetlarida 3.0. konsepsiyasini joriy qilish, ularni  QS (Quacquarelli Symonds) va THE (Times Higher Education) kabi jahon reytingiga kiritish masalalarida mahorat darslari o‘tkaziladi.

Alohida sessiyalarda patent olish uchun hujjatlarni tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amalga oshirish, ilmiy maqolalar yozish, shuningdek Scopus jurnallari talablari va tavsiyalari, ilmiy kutubxonalarni samarali boshqarish, antiplagiat masalalari muhokama qilinadi.

Scopus Award – Elsevier kompaniyasining dunyo miqyosidagi tashabbusi bo‘lib, jahoning nufuzli ilmiy mukofoti hisoblanadi. Mukofot  olimlarning sermahsul faoliyatini rag‘batlantirish, ziyolilar mavqeni ko‘tarish hamda yoshlar o‘rtasida ilmiy faoliyat bilan professional shug‘ullanishni ommalashtirishga yo‘naltirilgan.

Ma’lumot uchun, 2018 yil 23 mart kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Elsevier kompaniyasi o‘rtasida respublika oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirish, ularni dunyoning yetakchi reyting agentliklari tomonidan e’tirof etilishini ta’minlashga qaratilgan, «Ilm-fan – 2020» millliy rivojlanish dasturi imzolangan edi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

seventeen − eleven =