THE SCORPION FROM THE ALTAR. YOXUD “MEHROBDAN CHAYON” ROMANI INGLIZ TILIGA QANDAY OʻGIRILDI? TARJIMON BILAN SUHBAT
25.12.2019Oʻzbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriyning 125-yilligiga bagʻishlab yurtimizda turli badiiy kechalar, madaniy tadbirlar oʻtkazilmoqda. Adibning millatparvarlik, vatanparvarlik ruhi bilan yozilgan betakror asarlari xorijiy tillarga tarjima qilinmoqda.
“Mehrobdan chayon” romanini ingliz tiliga oʻgirgan Ilhom TOʻXTASINOVning Abdulla Qodiriyning til va uslubi, ijodiy mahorati, asarlarida ilgari surilgan gʻoyalar haqida fikr-mulohazalarini yozib oldik.
— Mamlakatimizda yoshlar orasida kitobxonlikni ommalashtirish maqsadida keng koʻlamli islohotlar olib borilmoqda, — deydi I. Toʻxtasinov. — Ular orasida oʻzbek adabiyotining sara namunalarini yoshlar orasida targʻib etish va ularni xorijiy tillarga tarjima qilish ishlari alohida eʼtiborga molik.
“Mehrobdan chayon” oʻzbek xalqining yaqin oʻtmishini aks ettirgan, milliy ruhda yozilgan romandir. Oʻqigan insonda chuqur taassurot uygʻotadi. Bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil odimlayotgan mamlakatimizda bu kabi yetuk asarlarning ahamiyati beqiyos.
Ayni shu jihatlar hisobga olinib, shu bilan birga, ushbu roman targʻibotini yanada kengaytirish maqsadida uni tarjima qilishga kirishdik. Qodiriy davridagi til murakkab boʻlganligi bois tarjima jarayonida qiyinchiliklarga duch kelmaslikning iloji yoʻq. Sababi, “Mehrobdan chayon”da uchraydigan leksik birliklarning baʼzilari hozirda eskirgan, bugungi ona tilimizda ishlatilmaydi. Qolaversa, baʼzi tushunchalarga ham atroflicha izoh berishga toʻgʻri keldi. Bunda Oʻzbek tilining izohli lugʻati, Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi bizga tayanch manba boʻldi.
Tarjima kitob holida nashr etilib, tez kunlarda oʻquvchilarga taqdim etiladi. Sotuvga ham choʻntakbop narxda chiqarishni rejalashtirganmiz. Oʻylaymizki, ushbu kitob yosh tarjimonlar, inglizzabon oʻquvchilar, ayniqsa, til oʻrganuvchilar eʼtiboridan chetda qolmaydi. Ular nafaqat badiiy kitob mutolaasidan zavq olishi, balki tarjima nazariyasiga oid bilimlarga ega boʻlishiga umid qilamiz. Boisi asarda nafis oʻxshatishlar, qochirimlar, kinoyalar, oʻzbek tiligagina xos iboralar borki, ularni asli kabi tarjima qilishda tilmochdan yuksak mahorat talab etadi. Bu jihatlarni sinchkovlik bilan nazardan oʻtkazish yosh tarjimonlarga qoʻl kelishi aniq.
Bugungi kunda oʻzbek tarjimashunosligi yangi bosqichda rivojlanmoqda, desak mubolagʻa emas. Sababi yaqin-yaqingacha xorijiy tillardan oʻzbek tiliga yoki oʻzbek tilidan xorijiy tillarga adabiyotlar rus tili orqali tarjima qilingan. Hozirgi kunda esa bebaho asarlarimiz oʻzbek tilidan xorijiy tillarga, xususan, ingliz, fransuz, koreys, rus, xitoy va boshqa tillarga toʻgʻridan-toʻgʻri tarjima qilinmoqda. Bu, albatta, quvonarli hol. Chunki asliyatdan qilingan tarjimalarda milliylik, ona tilimizdagi boʻyoqdorlik, xalqimizning urf-odat va anʼanalari yanada aniqroq, yaqqolroq namoyon boʻladi. Biz tarjimon hamkasblarimiz bilan shu kungacha Qodiriyning “Oʻtkan kunlar”, Oybekning “Navoiy”, Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” asarlarini ingliz tiliga tarjima qildik va nashr etishga muvaffaq boʻldik. Kelgusida oʻzbek adabiyotining sara namunalari boʻlmish “Kecha va kunduz”, “Yulduzli tunlar”, “Humoyun va Akbar”, “Dunyoning ishlari” kabi asarlarni ham xorijiy tillarga oʻgirib, chop qilishni rejalashtirganmiz. Zero, tarjima xalqlar oʻrtasidagi adabiy koʻprikdir, desak yanglishmaymiz.
Yulduz OʻRMONOVA
(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.