SLOVAKIYA ELCHISI BILAN OLIY TAʼLIM HAMDA ILMIY FAOLIYAT SOHASIDA HAMKORLIKNI MUSTAHKAMLASH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

13.01.2024

11-yanvar kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri birinchi oʻrinbosari Komiljon Karimov Slovakiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Viktor Boreskini qabul qildi. Tomonlar ikki davlat oʻrtasida oliy va professional taʼlim hamda ilmiy faoliyat sohasida oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.

Elchi so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarga to‘xtalib, oliy va professional taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi. Muloqot davomida Oʻzbekistonda Slovakiya oliy taʼlim muassasalari kunlarini oʻtkazish, oʻzbekistonlik fuqarolar uchun Slovakiya stipendiyasi dasturini joriy etish, talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish bo‘yicha takliflar aytildi. K. Karimov qoʻshma ilmiy loyihalarni hamkorlikda moliyalashtirish va amalga oshirish imkoniyatlari haqida fikr bildirdi.

Shuningdek, professional taʼlim sohasida hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, elchi texnika yoʻnalishidagi professional taʼlim muassasalari bilan dual taʼlim tizimini yoʻlga qoʻyish, bitiruvchilar uchun maxsus kurslar va imtihonlar tashkil etish yoʻli bilan ularni Slovakiyadagi avtomobilsozlik sanoati uchun zarur kadrlarni tayyorlashga ehtiyoj borligini taʼkidladi.

Tomonlar muhokama etilgan yoʻnalishlar boʻyicha tegishli mutasaddilar tomonidan ishlar davom ettirilishiga kelishib oldilar.