YAPONIYANING “JTB” KORPORATSIYASI VAKILLARI O’zDJTUDA

22.11.2019

Avval xabar qilganimizdek, O’zbekiston davlat jahon tillari universitetining yapon tashkilotlari bilan hamkorligini yanada rivojlantirish maqsadida 2019-yil 19-noyabr kuni «JTB» korporatsiyasi bosh ofisida O’zDJTU rektori, professor G’anisher Raximov yaponiyalik vakillar Natori Katsu (marketing departamenti Bosh menejeri), Shoko Usui (Global biznesni rivojlantirish bo’limi menejeri), Takayuki Suzuki (Global biznesni rivojlantirish bo’limi bosh mutaxassisi) bilan uchrashgan edi.

Ana shu uchrashuvda muhokama qilingan masalalar ijrosini ta’minlash maqsadida Yaponiyalik bir guruh vakillar bugun, 21-noyabr kuni O’zbekiston davlat jahon tillari universitetiga tashrif buyurdilar. Mehmonlar Usui Shoko (JTB kompaniyasi Global biznesni rivojlantirish bo’limi boshlig’i, loyiha rahbari), Chikako Yoshimura (loyiha koordinatori) O’zDJTU vakillari bilan rasmiy uchrashdilar.

Mazkur uchrashuvda O‘zDJTUdan Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor A. Abidjanov, Qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, Tarjimonlik fakulteti dekani P. Omonov va Filologiya fakulteti dekani S. Ziyayeva ishtirok etdi.

A. Abidjanov universitet faoliyati va yapon tilini o‘qitish holati bo‘yicha mehmonlarga batafsil ma’lumot berib o‘tdi hamda JTB korporatsiyasi bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. Jumladan, gid-tarjimonlar tayyorlash kurslari hamda talaba va o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, O‘zDJTU qoshida “Karyera markazi” tashkil qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shoko xonim turizmi sohasida ekspert hamda ushbu yo‘nalishdagi loyiha rahbari sifatida 2013- yildan buyon Bangladesh, Ozarbayjon, Gruziya va boshqa mamlakatlarda seminarlar tashkil qilishi hamda ma’ruzalar o‘qib kelayotganligini ma’lum qildi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda turizm sohasini rivojalantirish uchun barcha tegishli sharoitlar yaratilayotganligidan mamnun ekanligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, soha rivojiga muhim e’tibor qaratilishiga qaramasdan, malakali mutaxassislar tayyorlashga katta ehtiyoj bor.

JTB korporatsiyasi turizm sohasida ish olib borish bilan birga o‘quv dasturlari ishlab chiqish, turizm sohasida tadqiqotlar olib borish, mehmonxonalar tizimini rivojlantirish bilan ham shug‘ullanadi. Korporatsiyaning maxsus maktablari bo‘lib, ularda malakali ekspertlar va mutaxassislar faoliyat olib boradi.

2019-yil sentyabr oyidan korporatsiya vakillari O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganishni boshlagan. Ularning fikricha, turizm sohasi bo‘yicha O‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash, talabalarning amaliyotini Yaponiyadagi sayyohlik kompaniyalari va JTBning hamkor oliy ta’lim muassasalarida tashkil qilish mumkin. Shuningdek, Yaponiyaning yirik sayyohlik kompaniyalari O‘zDJTU bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashda yordam berishi mumkinligi ta’kidlandi.

Shoko xonim, 2020-yilda hamkorlikning ilk bosqichi sifatida O‘zDJTU bilan birgalikda bir qator tadbirlar, jumladan, 2020-yil yanvar oyida talabalar uchun turizm mavzusida bir kunlik seminar o‘tkazish, mart-aprel oylarida Yaponiyaning yirik sayyohlik agentliklari, kompaniyalari va tashkilotlari ishtirokida O‘zDJTUda “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi”ni tashkil qilish rejalashtirilganligini ma’lum qildi. Yarmarkaga tayyorgarlik doirasida JTB korporatsiyasi 2020- yil fevral oyida O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi, Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi, O‘zDJTU bilan birgalikda Yaponiyaning sayyohlik kompaniya va agentliklari uchun O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va turizm sohasining taraqqiyotiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazishni rejalashtirgan.

A. Abidjanov “Karyera markazi”ni tashkil qilish bo‘yicha yaponiyalik vakillar fikrini so‘raganda, Shoko xonim ushbu markaz talabalarni ishga yo‘naltirish va maslahat berish bilan shug‘ullanishi mumkinligini aytib o‘tdi.

X. Yuldashev O‘zDJTUning “Karyera markazi”da turli chet tillari va turizm sohasiga oid kurslar, masalan gid-tarjimonlar, turagentlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslari, seminarlar va master klasslar o‘tkazish, talabalar amaliyotini muvofiqlashtirish hamda bitiruvchilarga mavjud ish o‘rinlari bo‘yicha maslahat berish va ishga joylashishda ko‘maklashish ko‘zda tutilishi mumkinligini aytib o‘tdi. Bundan tashqari, talabalar uchun amaliy mashg‘ulotlar olib borish uchun maxsus jihozlangan xonalar (masalan O‘zDJTU mexmonxonasida) tashkil etilishi mumkinligini ma’lum qildi. Shuningdek, markaz faoliyati ko‘lamidan kelib chiqqan holda markazga boshqa nom berish mumkinligi ham uchrashuvda aytib o’tildi. Tomonlar muhokama qilingan masalalarni o‘rganib chiqishi, harakatlar rejasini ishlab chiqishi va keyinchalik hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha shartnomalar imzolashga kelishib oldilar.

Uchrashuvdan so‘ng JTB korporatsiyasi vakillari O‘zDJTUning yapon tili guruhi talabalari bilan muloqot qilishdi. Muloqot natijasida ular talabalarning yapon tilidan egallagan bilimlari yuqori darajada ekanligini e’tirof etishdi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

eighteen − 3 =